Talabalar uchun ajoyib tanlov! Maxsus o‘quv kursi, 1 200 000 so‘m stipendiya, xorijga stajirovka — hukumat qarori loyihasi


Vazirlar Mahkamasining “Iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash “Ulug‘bek" jamg‘armasi huzurida “Mirzo Ulug‘bek vorislari" o‘quv kurslarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Hujjatga ko‘ra, o‘quv kurslarining birinchi yilida 60 nafar tinglovchi respublikadagi davlat OTMlari talabalari orasidan tanlov asosida qabul qilinadi.

Qayd etilishicha, tinglovchilar o‘qish davomida quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘ladi:

  • Ta’lim olish muddatiga zarur kompyuter jihozlari (noutbuk);
  • Issiq ovqat;
  • O‘quv kurslariga qabul qilingan hududlardagi talabalarning o‘qishini mos va turdosh yo‘nalishlarda Toshkent shahrida joylashgan davlat OTMlarida akademik mobillik asosida o‘qish;
  • O‘qishni davom ettirish davri mobaynida talabalar turar joyi bilan ta’minlanishi yoki ijara to‘lovlarining bir qismini qoplab berilishi;
  • O‘qish davomida bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt baravari miqdorida (1 200 000 so‘m) har oyda bir marotaba stipendiya.

Ta’kidlanishicha, O‘quv kurslari bitiruvchilari Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va «Ulug‘bek» jamg‘armasining tavsiyanomalari asosida vazirlik, idoralar, davlat tashkilotlari hamda xo‘jalik tashkilotlariga ishga qabul qilishga tavsiya qilinadi.

O‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga tegishli yo‘nalishi bo‘yicha davlat namunasidagi sertifikat beriladi.

Shuningdek, o‘quv kurslarida yuqori natija ko‘rsatgan va ingliz tili bo‘yicha kamida S1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega bitiruvchilar xorijiy stajirovkaga grant shartnomasi asosida yuborilishi mumkin.

O‘quv kurslari quyidagi yo‘nalishlarda tashkil etiladi:

- axborot texnologiyalaridan va kommunikatsiyalaridan foydalanish (boshlang‘ich);

- matematik statistika;

- algoritmlash asoslari;

- ma’lumotlarni qayta ishlash;

- dasturlash tillari (Python);

- ingliz tili;

- qaror qabul qilish asoslari;

- jamoa bo‘lib ishlash va boshqa yo‘nalishlar.