Talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash bo‘yicha batafsil maʼlumotlar


Kuni kecha AOKAda vazirlik bo‘lim boshlig‘i A.Mamanazarov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash bo‘yicha maʼlumot berilgach, vazirlikga ayni masalada murojaatlar soni keskin ko‘paydi. 

Endilikda vazirlikga hamyurtlarimizdan bir xil mazmunda eng ko‘p kelib tushayotgan murojaatlar tahlil qilinib, ular yuzasidan javoblar eʼlon qilib boriladi. 

Dastlabki yo‘nalish - talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash.

Talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash Hukumatning 2017 yil 20 iyundagi 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy taʼlim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida"gi Nizomga muvofiq amalga oshiriladi; 

Xorijiy oliy taʼlim muassasalaridan talabalar o‘qishini ko‘chirish, ko‘chirib tiklash O‘zbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi vakolati doirasida;

Xorijiy davlatlarning akkreditatsiyaga ega bo‘lmagan oliy taʼlim muassasalarida yoki ularning filiallarida o‘qiganlarning o‘qishini O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga ko‘chirish to‘g‘risidagi arizasiga rad javobi beriladi;

Nizomga muvofiq fuqarolar o‘qishini ko‘chirish uchun Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan tashkil etiladigan Hududiy ishchi guruhiga 2020 yil15 iyuldan 5 avgustga qadar bo‘lgan muddatda murojaat qilishi mumkinligi belgilangan;

Koronavirus pandemiyasi oqibatida yuzaga kelgan vaziyatni inobatga olib, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash jarayonini tashkil etishda onlayn rejimda hujjatlarni qabul qilish rejalashtirilmoqda.

O‘qishini ko‘chirish istagini bildirgan fuqarolardan quyidagi hujjatlar talab etiladi:

  • Ko‘chirish (qayta tiklash)ni istagan taʼlim yo‘nalishi (mutaxassisligi), o‘quv tili va shakli ko‘rsatilgan holdagi ariza (arizada o‘qigan oliy taʼlim muassasasi va taʼlim yo‘nalishi (mutaxassisligi), taʼlim shakli, maqsadli qabul bo‘yicha o‘qishga kirmaganligi, ko‘chirish (qayta tiklash) sabablari, ko‘chirish (qayta tiklash) qoidalari bilan tanishganligi ko‘rsatiladi);
  • Talabaning reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik maʼlumotnoma nusxalari; 
  • Pasport nusxasi. 

Bir oliy taʼlim muassasasi doirasida oliy taʼlimning mos va turdosh yo‘nalishlari hamda mos mutaxassisliklari bo‘yicha talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash shu oliy taʼlim muassasasi rektorining buyrug‘i asosida amalga oshiriladi

Xorijiy oliy taʼlim muassasalarining magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalar o‘qishini O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga ko‘chirilishiga ruxsat etilmaydi;

Xalqaro tan olingan tashkilotlarning oliy taʼlim muassasalari reytingida birinchi 1000 talik ro‘yxatdan joy olgan Rossiya Federatsiyasi davlat oliy taʼlim muassasalari ro‘yxati har yili O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi maʼlumotiga asosan Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligining rasmiy veb-sayti va telegram kanalida eʼlon qilinadi.