SSV: Xorijda tahsil olgan 545 nafar talaba o‘qishni yurtimiz tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida davom ettiradi


Maʼlumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 22 iyundagi “2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, 2021 yil 15 iyuldan boshlab, talabalar o‘qishini O‘zbekiston Respublikasining bir hududida joylashgan davlat oliy taʼlim muassasasidan boshqa hududidagi davlat oliy taʼlim muassasasiga ko‘chirish tartibi joriy qilingan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarori bilan “Oliy taʼlim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida nizom" tasdiqlangan.

Mazkur xujjatlar ijrosini taʼminlash maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirining 2021 yil 2 avgustda 2021/2022 o‘quv yilida tibbiyot oliy taʼlim muassasalariga talabalar (klinik ordinatorlar) o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash jarayonlarini tashkillashtirish haqida 183-sonli buyrug‘i qabul qilinib, unga ko‘ra, 2021/2022 o‘quv yilida xorijiy va nodavlat oliy taʼlim muassasalarining mos va turdosh taʼlim yo‘nalishlaridan tibbiyot oliy taʼlim muassasalariga o‘qishini ko‘chirishda test sinovlari bo‘yicha o‘tish bali 100,0 ball etib belgilandi.

Joriy yil Davlat test markazining “transfer.dtm.uz" elektron tizimi orqali Sog‘liqni saqlash vazirligiga ushbu masala bo‘yicha 6 372 ta ariza kelib tushdi.

Test natijalariga ko‘ra:

  • 100,0 ball va undan yuqori ball to‘plagan talabalar 545 nafarni,
  • 99,9-56,7 ball to‘plaganlar 2 853 nafarni, 56,6 va undan past ball to‘plaganlar esa 2 764 nafarni tashkil etdi.
  • Ariza topshirganlarning 210 nafari esa turli sabablarga ko‘ra sinovlarda ishtirok etmadi.

Shu o‘rinda taʼkidlash lozimki, bugun ko‘pchilik xorij tibbiyot oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan va o‘qishini yurtimiz tibbiyot yo‘nalishidagi oliy taʼlim muassasalariga ko‘chirish istagida bo‘lgan yoshlar orasida xorijiy va nodavlat oliy taʼlim muassasalarining mos va turdosh taʼlim yo‘nalishlaridan tibbiyot oliy taʼlim muassasalariga o‘qishini ko‘chirishda test sinovlari bo‘yicha o‘tish bali 100,0 ball etib belgilangani biroz tushunmovchiliklarga sabab bo‘ldi. Avvalo shuni aytish kerak, tibbiyot yo‘nalishi inson salomatligi va hayotiga daxldor soha bo‘lgani va bu ish g‘oyat masʼuliyatli ekani bois, joriy yildan ana shunday yangi tartib o‘rnatildi.

Yaʼni, mazkur qoida mamlakatimiz tibbiyot tizimiga yetuk va malakali kadrlarni yetkazib berish, sohada chuqur bilimga ega mutaxassislarni tayyorlash, ushbu yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtlarida taʼlim sifatini yana-da oshirish, bu orqali aholini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish maqsadida qabul qilindi.

Shunday ekan, tibbiyot yo‘nalishida yetuk mutaxassis bo‘lishni istagan yoshlar uchun bilim sinovlari hech qanday murakkablik tug‘dirmaydi.


Sog‘liqni saqlash vazirligi

Matbuot xizmati.