Sirtqi ta’lim masofaviy shaklga o‘tkazilishi mumkin


Oliy ta’lim muassasalaridagi sirtqi ta’limni masofaviy shaklga o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi departament boshlig‘i Abduvali Xoliqov ma’lum qildi.

Uning aytishicha, hozirda sirtqi ta’lim shakli o‘zini to‘liq oqlamayapti, tizimda bir qator kamchiliklar mavjud.

«Sirtqi ta’lim qaysidir sohada mehnat faoliyatini yuritayotgan, lekin oliy ma’lumotga ega bo‘lmaganlar uchun bo‘lishi kerak. Bizda esa hamma umumiy qabul qilinadi. Bu yildan boshlab, pedagogika yo‘nalishidagi sirtqi ta’limga ushbu sohada faoliyat olib borayotganlar kiradi. U maktabdagi o‘qituvchilar sifatini oshirish uchun qilinadi. Boshqa sohalarda ham bu ish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Ya’ni sirtqida o‘qish uchun qayerdadir ishlayotgan bo‘lishi kerakligi talab etiladi», dedi u.

Xoliqov so‘zlariga ko‘ra, sirtqi ta’limni masofaviy shaklga o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilyapti.

«2022 yildan boshlab masofaviy ta’lim joriy etildi. Ikki yillik tahlillarga asoslanib, sirtqini masofaviy shaklga o‘tkazish masalasini ko‘ryapmiz. Ya’ni masofaviy ta’limda sirtqiga o‘xshab faqat darsga kelganda emas, talaba platforma orqali doimiy onlayn topshiriqni olib turadi. Faqat bunga biz texnik tomondan tayyor bo‘lishimiz kerak. Talaba ham. Oliy ta’limda barcha sharoitni qilsangiz-u, uzoqdagi talabaning interneti yoki boshqa imkoniyatlari bo‘lmasa, bu ham jarayonga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Sirtqi ta’limdagi shakllar bosqichma-bosqich tarzda masofaviyga o‘tadi. Chunki dunyoga qarasak, ikkalasi birga turibdi. Sirtqi ta’limdan voz kechilishi kerak. Bugungi kunda u eskirgan holatga kelib qoldi, o‘zini oqlamayapti», dedi u.

Xoliqovning qo‘shimcha qilishicha, sirtqi ta’limning masofaviy shaklga qachon o‘tishi aniq belgilanmagan.

«Masofaviy sirtqiga qachon o‘tilishini jarayon belgilab beradi. Oldindan bir nima deb bo‘lmaydi. Balki, uch yil yoki besh yil vaqt ketar. Platformalarni shakllantirish, internet tezligi yaxshi bo‘lishi zarur. Ya’ni imkoniyatlar va sharoit yetarli bo‘lgach tizim ishlaydi. Bu yerda masofaviy zo‘r bo‘lyapti deb, yo‘nalishlarni kengaytirib tashlayversak foydasi yo‘q. Ishlamasa, faqat qog‘ozda yoki gapda qolib ketadi», dedi mutaxassis.