«​Sirtqi ta`lim»​ uchun xujjatlar to'plashdagi muammolar


2017/2018 o‘quv yilidan boshlab oliy ta`lim muassasalarida pedagogika yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus sirtqi bo‘limlarni tashkil etish to‘g‘risidagi takliflar inobatga olinib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Oliy ta`lim muassasalarida pedagogika yo‘nalishida maxsus sirtqi bo‘limlarni tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorni imzolagandi. Ushbu ta`lim sohasidagi yangilik ko‘pchilikni quvontirdi, negaki, yillar davomida pedagogika yo‘nalishida ishlab kelayotgan oliy ma`lumoti yo‘q o‘qituvchi va tarbiyachilar uchun ishidan ajramagan holda oliy ta`lim muassasasida sirtdan o‘qish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Tashabbus va taklif qanchalik chin dildan amalga oshirilgan bo‘lsa, uning ijrosi ham mamlakat ravnaqiga hissa qo‘shar darajada aniq va sifatli bo‘lishini kutgandik. Ammo... Tashabbusning muammoga sabab bo‘layotgan jihati shundaki, ana shu maxsus sirtqi ta`limda o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritish uchun pedagog muayyan talablarga javob beradigan darajada hujjatlarni tayyorlashi, so‘ngra tavsiyanoma so‘raladi. Xususan, nomzodning ma`lumoti o‘rta-maxsus bo‘lib, ish joyida pedagogika yo‘nalishida kamida 3 yil ishlagan bo‘lishi shart. Shuningdek, nomzodning ish joyi yashash hududidan uzoqligi, o‘rta-maxsus ma`lumotini tasdiqlovchi hujjatda ko‘rsatilgan a`lo baholar, ish joyidagi pedagogik kengashning tavsiyasi hamda ayni muassasaning oliy ma`lumotli kadrga ehtiyojiga ham e`tibor qaratiladi.

Nomzod barcha so‘ralgan hujjatlarni tayyorlab, o‘zi mehnat qilib kelgan tuman Xalq ta`limi bo‘limiga taqdim etishi, so‘ngra tuzilgan mahalliy komissiya tomonidan ko‘rib chiqilgan arizalar talablarga mos kelsa, viloyat Xalq ta`lim boshqarmasiga yuborilishi belgilangandi. Shu tarzda bosqichlar yakuniga ko‘ra, nomzod oliy ta`lim muassasasida o‘qish uchun tavsiyaga ega bo‘lishi ta`kidlangan. Bevosita yuqorida aytib o‘tganimdek, ixtiloflarning barchasi mahalliy tuzilgan komissiya tomonidan arizalarni keyingi bosqichga o‘tkazishda paydo bo‘lmoqda. Kun.uz'ga murojaat qilgan pedagoglarning aytishicha, tuman XTBda tuzilgan komissiya a`zolari hujjatlarni qasddan viloyat Xalq ta`lim boshqarmasiga yubormayapti. Oqibatda, nomzodning o‘qish imkoniyati avtomatik tarzda yo‘qolib, garchi barcha talablarga javob bersa ham rad javobini oladi.

Kun.uz muxbiri mazkur masala yuzasidan ko‘plab murojaatlar kelib tushgan Farg‘ona viloyatiga borib, voqeaga oydinlik kiritish maqsadida surishtiruv o‘tkazdi. Aniqlanishicha, viloyatning ayrim tumanlarida tavsiyanoma berishda nomzodning bitirgan bilim yurti, egallagan mutaxassisligi, hozirda mutaxassislik bo‘yicha lavozimi, asos qilib olinmagan. Bunday holatlar Yozyovon, Uchko‘prik, O‘zbekiston tumanlarida kuzatilgan bo‘lib, nomzodlarga bildirilgan raddiyalarga asossiz ravishda sabablar keltirilmagan.

«Mening hujjatlarim tuman XTB komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilgach, viloyatga yuborilmagan ekan. Buni keyinroq bildim, ammo nega yuborilmagani ochiqlanmadi: barcha mezonlar bo‘yicha to‘liq mos tushgan edimku?», deydi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘lgan Uchko‘prik tumanidagi 26-maktabda ishlab kelayotgan o‘qituvchi.

«Barcha so‘ralgan qog‘ozlarni yig‘ib, tuman XTB komissiyasiga topshirdim. Oradan biroz fursat o‘tgach, natijalar e`lon qilindi, lekin hujjatlar «​viloyatga yetib kelmagan»​ vaji bilan men ro‘yxatdan tushib qolganman. Bunaqa munosabatni ko‘rib hayron qoldim, tuman XTB mudirasi esa ro‘yxatda bor eding, deya qaytarib yubordi. O‘zim ham tushunmayman, bu yerda boshqa gap bormi?!», deydi O‘zbekiston tumanidagi 34-MTM musiqa to‘garagi rahbari Jo‘rayeva Gulbahor.

«Har bir kishi o‘z salohiyati va kuchi bilan muvaffaqiyatlarga erishadi, bunga har bir nomzod haqli. Ammo mening hujjatlarim nizom talablariga mos kelgan holda viloyat Xalq ta`lim boshqarmasiga yuborilmagani, ustiga-ustak XTB mudiri Oxunov Mo‘sajon akaning qizi bunday imkoniyatga ega bo‘lib ketgani kishida shubha paydo qilmoqda. Prezident katta imkoniyat yaratib bersa-yu, tumanning o‘zida mana shunday shubhali ishlar sodir bo‘lsa, kelgusida ishga nisbatan hafsalamiz sovib qoladi-ku?», deydi Yozyovon tumanida Hotamova Hayotxon.

«​Men 3 kun ro‘yodagi ro‘yxatni kutib Farg‘ona shahriga qatnadim. Uyda farzandlarim, parvarishdagi turmush o‘rtog‘imni tashlab «​puch yong‘oqqa to‘lgan qo‘ynim»​ bilan ijobiy natijani kutdim. Ma`lum bo‘ldiki, tumandagilar mening hujjatimni yubormabdi, talablarni ko‘rganman, barchasiga mos keladigan ravishda tayyorlangan edi. Nega qoldirib yuborishi mumkin», deydi o‘n besh yillik ish tajribasiga ega Qo‘qon shahridagi 22-maktab o‘qituvchisi Jo‘rayeva Ma`mura.​

Maxsus sirtqi ta`limda o‘qish istagini bildirgan nomzodlarning ko‘pchiligi nega tuman XTBda tuzilgan komissiya a`zolari tomonidan ko‘rib chiqilgan hujjatlar viloyatga taqdim etilmaganini bilmaydi. Vaholanki, Farg‘ona viloyati Xalq ta`limi boshqarmasi kadrlar masalasi bilan shug‘ullanuvchi bo‘lim vakilining so‘zlariga ko‘ra, nomzodlarning hujjatlari tumandan kelmagan. Tabiiy savol paydo bo‘ladi: yo tuman hujjatlarni qasddan yubormagan, yoki viloyat mana shunday «arzon» vaj bilan barcha muammoni o‘zidan soqit qilib qo‘ymoqda. Nima bo‘lganda ham nomzodlarning tavsiyanoma orqali oliy ta`lim muassasida sirtdan o‘qish uchun hujjatlarni topshirishi juda ko‘p shubhali vaziyatlar «​bolalashiga»​ sabab bo‘lmoqda. Qolaversa, Kun.uz muxbiri​ning Xalq ta`limi vazirligidan mazkur komissiya faoliyati va saralash mezonlari tartibi bayon etilgan ma`lumotlarni ming urinishlar bilan qo‘lga kirita olmagani bu vaziyatga alohida e`tibor zarurligini anglatadi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, har qanday yopiq ko‘rinishda amalga oshirilgan harakat, tafsilotlari oshkor etilmay bajarilgan saralashlar jamiyatni korrupsiya sari boshlab boradi.


Manba: kun.uz