Vazirlar Mahkamasining “Farg‘ona davlat universiteti huzurida Farg‘ona ko‘p tarmoqli texnikumi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori loyihasi e'lon qilindi.
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, “O‘zkimyosanoat" AJ va Farg‘ona viloyati hokimligining Toshkent shahridagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti huzuridagi Farg‘ona ko‘p tarmoqli texnikumi faoliyatini saqlab qolgan holda, Farg‘ona davlat universiteti huzurida qayta tashkil etish hamda 2020/2021 o‘quv yilidan Farg‘ona politexnika instituti “Energetika" fakultetida bakalavriat ta'lim yo‘nalishi bo‘yicha qamrov keskin oshgani sababli, Farg‘ona shahar, Anorzor ko‘chasida joylashgan Farg‘ona kimyo sanoat kolleji bino va inshootlarini Farg‘ona politexnika institutiga operativ boshqaruv huquqi asosida tekin o‘tkazib berish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin.
Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi Farg‘ona davlat universitetining “Ijtimoiy-iqtisodiy" fakultetining Texnikumga joylashtirilishini ta'minlaydi.
Quyidagilar Texnikumning asosiy faoliyat yo‘nalishlari va vazifalari etib belgilanadi:
- iqtisodiyot tarmoqlari uchun ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni egallagan, talab yuqori bo‘lgan o‘rta bo‘g‘in kadrlarni tayyorlash;
- o‘quvchilarni mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beradigan, yuqori darajada nazariy bilim va kasbiy amaliy ko‘nikmalar egallashni ta'minlaydigan kasb standartlari doirasida o‘qitish;
- o‘quvchilarning bir necha kvalifikatsiyaga ega bo‘lishida zarur bo‘lgan ko‘nikma va malakalarni shakllantirish uchun sharoit yaratish;
- o‘rta bo‘g‘in mutaxassis kadrlarni tayyorlash tizimi va mazmunini jamiyat ehtiyojlaridan, zamonaviy ilm-fan va texnika yutuqlaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish;
- kasb standarti talablari va o‘quv dasturlariga muvofiq o‘quvchilar egallashlari lozim bo‘lgan bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirish orqali kasbga tayyorlash;
- o‘quvchilarda vatanparvarlik, milliy o‘zlikni anglash, xalqning milliy, madaniy, tarixiy an'analariga hurmat, vatan bilan g‘ururlanish va iftixor tuyg‘usini shakllantirish;
- ta'lim jarayoni uchun zarur moddiy-texnika, o‘quv-metodik bazani yaratish va o‘quv jarayoniga yuqori ish tajribasiga ega bo‘lgan mutaxassislarni jalb etish.
Texnikum bino-inshootlari Farg‘ona davlat universitetining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan hamda talabalar turar joyi belgilangan tartibda “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida"gi qonun talablariga asosan ta'mirlab, jihozlanadi hamda boshqaruvga beriladi.