Senat qo‘mitasi raisi: “Oliy ta’lim, oliy ta’lim dedik, lekin shu oliy ta’lim emasmi korrupsiya maydoniga aylangan”


Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Iminov O‘zbekiston ta'lim tizimi haqida gapirar ekan, yillar davomida unga bo‘lgan e'tibor va endilikda ko‘rinayotgan natijalarni hududida 40 yildan beri urush tinmayotgan Afg‘onistonnikiga qiyosladi.

Iminovga ko‘ra, bizda ta'lim-tarbiya, millatning tarbiyasi masalasidagi ayrim jihatlar ma'lum bir nuqtaga (so‘ng nuqta nazarda tutilgan – tahr) yetib kelgan.

«Ta'limda ko‘p narsani ko‘rib ko‘rmaganga, bilib bilmaganga olib yurganimiz bilan qanaqa avlod shakllanganini rahbariyat ham biladi, buni ular qayta-qayta ta'kidlayapti.

Shunday avlod shakllanib qolgan. Men hali reproduktiv salomatlik, jinsiy tarbiya borasidagi bilimlarga to‘xtalmayapman.

Ta'lim-tarbiya, o‘quv muassasalaridagi moddiy texnik baza... Biz ko‘pincha Afg‘onistonni misol qilib keltiramiz. Ha, Afg‘onistonda 40 yildan beri urush, u yerdan butun boshli avlodlar chiqib ketdi, tinchlikda yashamagan, ta'lim olmagan yoki tarbiyani olmagan avlod bo‘ldi, deymiz. Lekin yillar davomida o‘zimiz ham zamonaviy bilim berish tizimidan uzilib qoldik-ku. Biz zo‘r dedik-da, hamma imkoniyatni oliy ta'limga tashladik. Oliy ta'lim, oliy ta'lim dedik, lekin shu oliy ta'lim emasmi korrupsiya maydoniga aylangan. Bilasizlar-ku buni juda yaxshi», – degan qo‘mita raisi bugun, 19 noyabr kuni o‘tgan qo‘mita yig‘ilishida.

Odiljon Iminov o‘z nutqida o‘zbekistonliklar uchun oliy ta'lim muassasalariga kirish yillar davomida faqat elita qatlamga xos degan tushuncha bo‘lgani haqida ham gapirgan.

«Oliy ta'limda faqat elita qatlam bolasi o‘qidi. Odamlarda ham oliy ta'limda elitaning bolasi o‘qiydi, degan fikr shakllandi. Uning (oliy ta'lim muassasalarining – tahr.) ommaviyligi yo‘qoldi. Ommaviylik yo‘qolgandan keyin, kuchlilar chiqmay qo‘ydi. Axir, saralanganning ichidan ham bitta, ikkita kuchli chiqadi xolos».

Shu fikrlarni aytarkan, senator yig‘ilish ishtirokchilariga «to‘g‘rimi yo noto‘g‘rimi?» deya savol bilan yuzlangan. Atrofdagilar esa uning gaplarini «to‘g‘ri, to‘g‘ri, degan so‘zlar va ishoralar bilan tasdiqlagan.

«Odamlarning ichida, millatning ichida bilim, saviya bo‘lsa, keyin undan millat ko‘tarilib chiqadi-da. Ta'lim va sog‘liqni saqlashdagi mana shu masalalarni pandemiya shundayligicha ko‘rsatib berdi. U biz qaysi holatda ekanligimizni ochib berdi. Mana endi tibbiyotga ham e'tibor qaratilyapti, endi buni susaytirmaslik kerak», – deya Odiljon Iminovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri. 

Manba: KUN.UZ