Kecha «O‘zbekiston» telekanalining «Munosabat» ko‘rsatuvining navbatdagi soni oliy ta’lim muassasalariga bo‘ladigan test sinovlarining shaffof va adolatli o‘tishiga bag‘ishlandi.
Jumladan, ko‘rsatuvda ishtirok etgan adabiyotshunos Omonulla Madayev test sinovlaridagi «bunkerlar» masalasiga alohida to‘xtaldi.
«Bu yerda ko‘p munozaralar bo‘layapti Lekin kimdir aytdi: auditoriyalarda telefonlarni nazorat qildim dedi.
O‘qituvchi 10 dollardan pul yig‘ib olibdi. Hamma bolalar yig‘ib berishgan, keyin telefondan bemalol foydalanishgan. Bu gadoychilik emasmi? Bu o‘qituvchilik sha’niga isnod, dahshatli fojea emasmi?
Hozir gapiraverasizlar. Lekin eng oliy darajadagi abituriyent o‘zining oliy darajadagi ishini qilaveradi. Lekin men 1966-yildan beri qabulda ishlaganman. 1990-yildan keyin repetitorlik bilan shug‘ullandim. Puxta tayyorlangan o‘quvchi albatta o‘qishga kiradi.
Ammo istalgan joyda o‘z manfaatini ko‘zlaydigan odamlar bor. «Bunker» deyapsizlar. «Bunker» — katta xo‘jalik u. «Bunker»da bir kun ishlagan bitta o‘qituvchi 500dan 1000 dollargacha pul ishlaydi. «Bunker»da yotadigan joyi bo‘ladi, ovqatlanadigan joyi bo‘ladi. Buni rektorat bilmasa kim qiladi bu narsani?
Siz tasavvur qiling: bugungi kunda kontrakt bilan o‘qiganlar rektor bo‘lgani yo‘q. Hammasi davlat hisobiga o‘qigan odamlar. Lekin shu odamlarning ham tepasida xo‘jayinlari bor. Men seni rektor qilib qo‘ysam, bitta bolamni o‘qishga kirita olmasang nima qilib yuribsan deydi. Natijada ular ham «bunker» qilishga majbur bo‘ladi», — dedi Madayev.
Ko‘rsatuv boshlovchisining «Unda millatning kelajagi nima bo‘ladi?» deya tashlagan luqmasiga javoban Madayev shunday javob qaytardi: «Millatning kelajagini o‘ylaydigan odam yo‘q hozir. Faqatgina Prezidentimizning qarori mustahkam ishlamasa, hech narsaning foydasi yo‘q.
Qarorning amalga oshishi uchun asosiy ijrochi — qabul imtihonida ishlaydigan mas’ul odamlar. Qabul komissiyasi raislari, o‘rinbosarlari, rektorlar, prorektorlar. Lekin bitta narsani unutmang: ularning har birida o‘qishga kiradigan bitta odam bor. Hamisha».
Ko‘rsatuv davomida Madayevning so‘zlariga «Adolat» gazetasi bosh muharriri Islom Hamroyev: «O‘rtoqlar, bir qoralasak, hammani birdan qoralab tashlamaylik. To‘g‘ri, testga qarshiman, lekin hamma rektor muttaham, hamma o‘qituvchi poraxo‘r deya baho qo‘yishga haqqimiz yo‘q», — deya e’tiroz bildirdi.
«Islomjon, «bunker» yo‘q institutni bilasizmi? Ayting birortasini? Men ishlaganman qabulda. Ishlamagan bo‘lsangiz gapirishga umuman haqqingiz yo‘q. «Bunker»siz institut yo‘q edi. Agar «bunker» yo‘q bo‘lsa shuning o‘zida 70-80 foiz shaffoflik ta’minlanadi», — dedi Madayev unga javoban.
Manba: xabar.uz