Joriy yilda ham oliy taʼlim muassasalariga qabul tizimida “avval test, soʻng tanlov” tamoyili amalda qoladi. Bu haqda Milliy matbuot markazida Bilim va malakalarni baholash agentligi ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.
Avvalroq, Oʻzbekistonda Yagona davlat imtihoni (YADI) joriy etilishi haqida xabarlar tarqalgan edi. Unga koʻra, maktabni bitirish imtihoni, oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihoni hamda fanlar boʻyicha sertifikat olish imtihonini yagona tizimga birlashtirish rejalashtirilgani aytilgan edi.
Biroq, bugun Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida joriy yilda ham oʻtgan yilgi tartib saqlanib qolishi taʼkidlandi.
— Joriy yilgi qabul jarayonida ham ikki bosqichli tizim — avval test, soʻng tanlov tamoyili saqlanib qolinadi. Mazkur ikki bosqichli tanlov tamoyili amaliyotda yaxshi natija berdi. Abituriyentlar avval imtihon topshirib, oʻzlari toʻplagan ballni bilib olgach, mos oliy taʼlim muassasalari va taʼlim yoʻnalishlarini tanlashmoqda, — dedi Bilim va malakalarni baholash agentligi bo‘lim boshlig‘i Jamshid Odilov.
Maʼlumot uchun, 2025–2026-oʻquv yilidan boshlab kirish imtihonlari “Avval test, keyin tanlov” tartibida oʻtkazilmoqda. Ushbu tartibga koʻra, dastlab test sinovlari oʻtkaziladi. Shundan soʻng abituriyentlarga tanlov qilish imkoniyati beriladi.
Abituriyentlar test topshirgan fanlar majmuasiga mos ravishda beshtagacha taʼlim yoʻnalishini tanlashi mumkin. Bunda ular istalgan oliy taʼlim muassasasi va yoʻnalishni tanlash huquqiga ega boʻladi.