Qoʻshni davlatlardagi oliy taʼlim tashkilotlarining taʼlim sifati darajasini aniqlash boʻyicha tavsiya


***Ushbu tavsiya Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan qoʻshni davlatlardagi oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim berish jarayonini turli axborot manbalari hamda Oʻzbekistonda xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik boʻyicha sinovlar natijalarini tahliliy oʻrganib chiqish asosida tayyorlangan.

Xorijiy davlatlardagi oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqiyotgan yoshlarimiz soniga qaraydigan boʻlsak, ularning koʻpchiligi Qirgʻiziston, Qozogʻiston va Tojikiston Respublikalarida taʼlim olishadi. Shuningdek, fuqarolarimiz Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga koʻpincha ushbu davlatlardagi oliy taʼlim tashkilotlari diplomini tan olinishi masalasida koʻp savol bilan murojaat qilishmoqda. Shunga muvofiq, mazkur qoʻshni davlatlardagi oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim berish jarayoni tahliliy oʻrganib chiqildi.

Fuqarolar tomonidan xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarini tanlashda toʻlov-shartnoma puli, taʼlim sifati, taʼlim tashkilotining mehnat bozoridagi obroʻyi, beriladigan diplomning boshqa davlatlarda, xususan, Oʻzbekistonda tan olinishi kabi muhim omillar taʼsir koʻrsatadi.

Oʻzbekistonda va jahonda xorijiy diplomlarning tan olinishida taʼlim tashkilotining oʻz davlatida tan olinishi (faoliyat koʻrsatishi uchun litsenziyasi mavjudligi va akkreditatsiyalanganligi), taʼlim shakli, taʼlim bozoridagi obroʻyi/mavqei va koʻrsatiladigan taʼlim xizmatlarining sifati muhim oʻrin egallaydi.

Bu kabi toʻliq-ishonchli maʼlumotlarga ega boʻlishning bir nechta manbalari mavjud:

1. TAʼLIM FAOLIYATI LITSENZIYALANGAN OLIY TAʼLIM TASHKILOTLARI ROʻYXATI

Litsenziya — litsenziyalovchi organ tomonidan yuridik yoki jismoniy shaxsga berilgan, litsenziya talablari va shartlariga soʻzsiz rioya etilgani holda faoliyatning litsenziyalanayotgan turini amalga oshirish uchun ruxsatnoma (huquq);

Qozogʻiston Respublikasidagi faoliyati litsenziyalangan oliy taʼlim tashkilotlari roʻyxati

Qirgʻiziston Respublikasidagi faoliyati litsenziyalangan oliy taʼlim tashkilotlari roʻyxati

Tojikiston Respublikasidagi faoliyati litsenziyalangan (ruxsatnoma olgan) oliy taʼlim tashkilotlari roʻyxati


2. AKKREDITATSIYALANGAN TAʼLIM TASHKILOTLARI VA TAʼLIM DASTURLARINING ROʻYXATI

Akkreditatsiya – bu oliy taʼlim tashkilotidagi taʼlim sifatining oʻz davlatida tan olinganligi. Har bir davlatning vakolatli akkreditatsiyadan oʻtkazadigan tashkilotlari mavjud boʻlib, ular taʼlim tashkiloti yoki dasturi sifatiga oʻz bahosini beradi va bu maʼlumotlar ochiq holda keng jamoatchilikka eʼlon qilinadi.

Qozogʻiston Respublikasidagi vakolatli tashkilotlar tomonidan akkreditatsiyalangan oliy taʼlim tashkilotlari roʻyxati (2020-yil 1-yanvar holatiga)

Qirgʻiziston Respublikasidagi vakolatli tashkilotlar tomonidan akkreditatsiyalangan oliy taʼlim tashkilotlari roʻyxati (2020-yil 1-yanvar holatiga)

Tojikiston Respublikasidagi vakolatli tashkilotlar tomonidan akkreditatsiyalangan oliy taʼlim tashkilotlari roʻyxati (2020-yil 1-yanvar holatiga)


3. QOʻSHNI DAVLATLAR OLIY TAʼLIM TASHKILOTLARINING MAHALLIY VA XALQARO REYTINGI:

Oliy taʼlim tashkilotining obroʻyi va mavqeyi xalqaro reyting agentliklari yoki oʻzi joylashgan davlatdagi reyting agentliklari orqali aniqlanadi. Odatda taʼlim tashkilotining umumiy reytingi va soha reytingi muntazam eʼlon qilib boriladi.

QOZOGʻISTON RESPUBLIKASIDA FAOLIYAT YURITAYOTGAN OLIY TAʼLIM TASHKILOTLARI REYTINGI TOʻGʻRISIDAGI MAʼLUMOTLAR

Xalqaro tan olingan tashkilotlar reytingida Qozogʻiston Respublikasi oliy taʼlim tashkilotlarining oʻrni

Qozogʻiston Respublikasining milliy reyting tashkilotlari tomonidan sohalar boʻyicha aniqlangan oliy taʼlim tashkilotlari reytingi

Qozogʻiston Respublikasi oliy taʼlim tashkilotlarining veb-saytlar boʻyicha reytingi


QIRGʻIZISTON RESPUBLIKASIDA FAOLIYAT YURITAYOTGAN OLIY TAʼLIM TASHKILOTLARI REYTINGI TOʻGʻRISIDAGI MAʼLUMOTLAR

Xalqaro tan olingan agentliklar reytingida Qirgʻiziston Respublikasi oliy taʼlim tashkilotlarining umumiy reytingi:

Qirgʻiziston Respublikasida faoliyat koʻrsatayotgan oliy taʼlim tashkilotlari xalqaro tan olingan tashkilotlar (ARWU — The Academic Ranking of World Universities, THE — Times Higher Education, QS — Quacquarelli Symonds World University Rankings)ning oliy taʼlim tashkilotlari reytingida birinchi 1000 talik roʻyxatiga kirmagan.

Qirgʻiziston Respublikasining milliy reyting tashkilotlari tomonidan sohalar boʻyicha aniqlangan oliy taʼlim tashkilotlari reytingi


TOJIKISTON RESPUBLIKASIDA FAOLIYAT YURITAYOTGAN OLIY TAʼLIM TASHKILOTLARI REYTINGI TOʻGʻRISIDAGI MAʼLUMOTLAR

Xalqaro tan olingan tashkilotlar reytingida Tojikiston Respublikasi oliy taʼlim tashkilotlarining umumiy reytingi:

Tojikiston Respublikasida faoliyat koʻrsatayotgan oliy taʼlim tashkilotlari xalqaro tan olingan agentliklar (ARWU — The Academic Ranking of World Universities, THE — Times Higher Education, QS — Quacquarelli Symonds World University Rankings)ning oliy taʼlim tashkilotlari reytingida birinchi 1000 talik roʻyxatiga kirmagan.

Tojikiston Respublikasining milliy reyting agentliklari tomonidan sohalar boʻyicha aniqlangan oliy taʼlim tashkilotlari reytingi Tojikiston Respublikasida faoliyat koʻrsatayotgan oliy taʼlim tashkilotlarining milliy reytingi tegishli reyting tashkilotlari yoki vazirliklar tomonidan aniqlanmagan. Yaʼni, Tojikiston Respublikasida oliy taʼlim muassasalarining umumiy yoki sohalar boʻyicha milliy reytingi mavjud emas.

5. XORIJIY DIPLOMLARNING TAN OLINISHIDAGI SINOVLARI NATIJASIGA KOʻRA

Maʼlumki, xorijiy davlatlarning oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqib olingan diplomlar Oʻzbekiston mehnat bozorida ishlash yoki oʻqishni taʼlimning keyingi bosqichlarida davom ettirishlari uchun tan olinadi.

Hozirda mamlakatimizda xorijiy diplomlarni tan olish jarayonlari boʻyicha fuqarolarga qator yengilliklar yaratilgan. Hujjatlarni topshirishdan tortib, to imtihon jarayonlarigacha soddalashtirilgan. Xorijiy diplomlarni tan olish Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Shunga muvofiq, Inspeksiya tomonidan oʻtgan vaqt mobaynida qoʻshni mamlakatlarning oliy taʼlim tashkilotlarida tahsil olgan hamda hujjatini tan olish va nostrifikatsiya qilish uchun murojaat qilgan mamlakatimiz fuqarolarining sinov (test va suhbat) natijalari tahlil qilindi.

Xorijiy davlatlarda (Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston va Turkmaniston Respublikalarida) taʼlim olganlik toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash boʻyicha tahliliy maʼlumot


Ushbu tahlillar asosida taʼlim sifati darajalari aniqlanib, xorijiy oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga topshiruvchi talabgorlar va ularning ota-onalariga tavsiya berildi. Ushbu tahlillarga asosan:

Qozogʻiston Respublikasidagi oliy taʼlim tashkilotlarining taʼlim sifati darajasiga koʻra roʻyxati.

Qozogʻiston Respublikasi oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim olgan hamda 2019-yilda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga hujjatini tan olish uchun murojaat qilgan talabgorlar toʻgʻrisidagi maʼlumot

Qozogʻiston Respublikasida statistik maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda 132 ta oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari faoliyat yuritayotgan boʻlib, shundan 10 ta milliy universitetlar, 35 ta davlat oliy taʼlim muassasalari, 15 ta aksionerlik oliy taʼlim tashkilotlari, 13 ta harbiylashgan oliy taʼlim tashkilotlari va 59 ta xususiy oliy taʼlim tashkilotlari hisoblanadi.

Qozogʻiston Respublikasidagi mavjud oliy taʼlim tashkilotlarining 8 tasi xalqaro tan olingan agentliklarning oliy taʼlim muassasalari reytingida birinchi 1000 talikka kirgan. Xususan, Qozogʻiston milliy universiteti (236-oʻrin), Yevroosiyo milliy universiteti (336-oʻrin), Qozogʻiston milliy texnika universiteti (411-420 oʻrin), Qozogʻiston milliy pedagogika universiteti (491-500 oʻrin), Janubiy Qozogʻiston davlat universiteti (501-550 oʻrin), Karaganda davlat universiteti (651-700 oʻrin), Qozogʻiston Britaniya texnika universiteti (651-700 oʻrin), Qozogʻiston xalqaro munosabatlar va jahon tillari universiteti (801-1000 oʻrin) xalqaro tan olingan tashkilotlar reytingidan oʻrin olgan. Xalqaro tan olingan agentliklar reytingida birinchi 1000 talikdan oʻrin olgan yuqoridagi oliy taʼlim tashkilotlarining aksariyatida taʼlim sifati yuqori ekanligi kuzatiladi.

Qozogʻiston Respublikasidagi 40 ga yaqin oliy taʼlim tashkilotlarida respublikamiz fuqarolari taʼlim olgan va oʻtgan yillar davomida taʼlim hujjatlarini tan olish boʻyicha murojaatlar qilgan. Oʻzbekistonlik yoshlar eng koʻp tahsil olayotgan Qozogʻiston Respublikasidagi oliy taʼlim tashkilotlari qatoriga Janubiy Qozogʻiston davlat universiteti (38,71 %), Xalqaro Qozoq-Turk universiteti (8,39 %), Mintaqaviy sotsial-gumanitar universiteti (5,75 %), Taraz davlat universiteti (4,89 %), Qozogʻiston muhandislik-pedagogika xalqlar doʻstligi universiteti (4,56 %), Janubiy Qozogʻiston davlat pedagogika universiteti (4,43 %), Janubiy Qozogʻiston davlat tibbiyot akademiyasi (3,24 %,), Sirdarya universiteti (2,44 %), Qozogʻiston milliy universiteti (1,25 %) kiradi.

Qozogʻistondagi ayrim reyting koʻrsatkichi yuqori OTMlar Oʻzbekistonlik yoshlarni imtihonsiz qabul qilishi, oʻqishlarni masofadan tashkil etishi, buni sirtqi deb nomlashi orqali odamlarni chalgʻitishi natijada taʼlim sifati taʼminlanmayotganlik holatlari ham kuzatilmoqda.

Qirgʻiziston Respublikasidagi oliy taʼlim tashkilotlarining taʼlim sifati darajasiga koʻra roʻyxati

Qirgʻiziston Respublikasi oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim olgan hamda 2019-yilda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga hujjatini tan olish uchun murojaat qilgan talabgorlar toʻgʻrisidagi maʼlumot

Qirgʻiziston Respublikasida statistik maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda 64 ta oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari faoliyat yuritayotgan boʻlib, shundan 25 tasi davlat oliy taʼlim muassasalari va 39 tasi nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari hisoblanadi.

Qirgʻiziston Respublikasidagi quyidagi oliy taʼlim tashkilotlari mamlakat milliy reytingi boʻyicha Qirgʻiziston milliy universiteti, Oʻsh davlat universiteti, Qirgʻiziston davlat universiteti, Qirgʻiziston milliy agrar universiteti, Qirgʻiziston davlat texnika universiteti, Qirgʻiziston davlat tibbiyot akademiyasi, Qirgʻiziston milliy konservatoriyasi, Qirgʻiziston davlat jismoniy tarbiya va sport akademiyasi, Oʻsh texnologiya universitetlarida taʼlim sifati mamlakatning boshqa oliy taʼlim tashkilotlariga nisbatan yuqori tashkil etilganligi kuzatilmoqda. Buni mazkur oliy taʼlim tashkilotlarini tamomlab kelgan talabgorlar tomonidan hujjatlarini tan olish jarayonidagi koʻrsatkichlardan ham koʻrish mumkin.

Shuningdek, Qirgʻiziston Respublikasidagi quyidagi davlat va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarining bitiruvchilari tomonidan hujjatlarini tan olish uchun topshirgan sinov testi natijalariga koʻra taʼlim sifati Oʻzbekistonning mehnat bozori talab darajasiga mos emasligi kuzatilmoqda: Markaziy Osiyo xalqaro universiteti, Qirgʻiz-Oʻzbek universiteti, Xalqaro tibbiyot oliy maktabi, Batken davlat universitetining Qizil-Qiya gumanitar-pedagogika universiteti, Oʻsh gumanitar-pedagogika instituti, Jalolobod davlat universiteti, Oʻsh davlat yuridik instituti, Mayluu-Suu iqtisodiyot va boshqaruv instituti. Tahlillarga koʻra, bu kabi OTMlarning bitiruvchilari Oʻzbekiston mehnat bozori talablari javob berishda qiyinchiliklarga duch kelayotganligi kuzatilmoqda.

Tojikiston Respublikasidagi oliy taʼlim tashkilotlarining taʼlim sifati darajasiga koʻra roʻyxati

Tojikiston Respublikasi oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim olgan hamda 2019-yilda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga hujjatini tan olish uchun murojaat qilgan talabgorlar toʻgʻrisidagi maʼlumot

Tojikiston Respublikasida statistik maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda 41 ta oliy taʼlim tashkilotlari va ularning filiallari faoliyat yuritayotgan boʻlib, shundan 2 ta milliy universitetlar, 23 ta davlat oliy taʼlim muassasalari, 4 ta universitet filiallari, 4 ta harbiylashgan oliy taʼlim tashkilotlari, 3 ta xorijiy davlatlarning universitetlari filiallari va 5 ta xususiy oliy taʼlim tashkilotlari hisoblanadi.

Tahlillar shuni koʻrsatadiki, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari tomonidan Tojikiston Respublikasining chegara hududlaridagi oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga kiruvchilar salmogʻi yuqori. Xususan, Tojikiston Respublikasining oliy taʼlim tashkilotlarini tamomlagan va 2019-yilda hujjatini tan olish uchun murojaat qilganlarning asosiy qismi quyidagi taʼlim tashkilotlari bitiruvchilari hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Yaʼni, Tojikiston davlat pedagogika universiteti (57,60 %), Xoʻjand davlat universiteti (19,01 %), Tojikiston davlat tillar instituti (4,78 %), Tojikiston davlat jismoniy tarbiya instituti (4,39 %), Tojikiston milliy universiteti (1,25 %), Tojikiston ochiq universiteti (2,60 %) hissasiga toʻgʻri kelmoqda.

Tojikiston Respublikasidagi quyidagi oliy taʼlim tashkilotlari mamlakat milliy reytingi boʻyicha Tojikiston milliy universiteti, Ichki ishlar vazirligi oliy maktabi, Tojikiston davlat agrar universiteti, Tojikiston milliy konservatoriyasi, Tojikiston davlat tibbiyot universiteti, Tojikiston davlat texnika universitetida taʼlim sifati mamlakatning boshqa oliy taʼlim muassasalariga nisbatan yuqori ekanligi kuzatilmoqda. Buni mazkur oliy taʼlim tashkilotlarini tamomlab kelgan talabgorlar tomonidan hujjatlarini tan olish jarayonidagi koʻrsatkichlardan ham koʻrish mumkin.

Xususan, Tojikiston Respublikasidagi quyidagi oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim sifati Oʻzbekistonning mehnat bozori talab darajasiga mos emasligi kuzatilmoqda:Tojikiston ochiq universiteti, Xoʻjand davlat universiteti, Tojikiston davlat pedagogika universiteti, Tojikiston tadbirkorlik va servis instituti, Tojikiston soliq va huquq instituti, Tojikiston davlat tillar instituti, Qoʻrgʻontepa davlat universiteti, Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat universiteti.

Shu oʻrinda xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida tahsil olishni xohlayotgan talabgorlar va ularning ota-onalariga tavsiya sifatida quyidagilarni maʼlum qilamiz:

Jahondagi taʼlim xizmatlarini koʻrsatish tendensiyasidan maʼlumki sifatli taʼlim narxi arzon boʻlmaydi. Qoʻshni mamlakatlardagi aksariyat oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan taklif etilayotgan toʻlov-kontrakt narxi sifatli taʼlim berish imkoniyatini bermaydi.

Bundan tashqari mamlakatimiz mehnat bozorida ham bugungi kunda diplomli mutaxassisga emas, balki yuqori bilim va amaliy koʻnikmaga ega kadrlarga boʻlgan talab ortib bormoqda. Shu nuqtayi nazardan fuqarolarimiz tushunib yetishi kerakki, bundan keyin mehnat bozorimizda sifatli kadrlarga, yaʼni yuqori bilimli va amaliy koʻnikmaga ega mutaxassislarga eʼtibor kuchayib boraveradi. Bu esa qoʻshni mamlakatlarning oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan oʻta past narxlarda taklif etilayotgan sifatsiz taʼlim orqali olingan hujjatlari mehnat bozorida oʻz oʻrnini topa olmaydi. Natijada, bunday sifatsiz taʼlim olgan fuqarolarimiz oxir-oqibat oʻz mablagʻlari va vaqtlarini besamar sarflaganligiga olib keladi.

Respublikamiz fuqarolariga xorijiy davlatlarda taʼlim olishda eng avvalo sifatli taʼlim beradigan, milliy va xalqaro tan olingan tashkilotlar reytingida yuqori oʻrinlarda boʻlgan oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim olishlarini tavsiya etamiz. Zero, kelajakda yuqori malakali kadr boʻlib yetishishi, respublikamiz mehnat bozorida oʻz oʻrniga ega boʻlishi uchun taʼlim sifati yuqori boʻlgan taʼlim tashkilotlarida tahsil olinishi maqsadga muvofiqdir.

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi fuqarolarimiz tomonidan eng ko‘p qiziqish bildirilayotgan yana boshqa davlatlarning oliy taʼlim tashkilotlari haqida ham maʼlumot berib boradi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi