O‘zbekistonda OTMlarga qabul bilan bog‘liq navbatdagi firibgarlik holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati ma'lumot berdi.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti va DXXning Qo‘qon shahar bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Qo‘qon davlat pedagogika instituti yoshlar yetakchisi B.X. va fakultet dekani V.X.lar firibgarlik yo‘li bilan daromad orttirish maqsadida oldindan til biriktirib, fuqaro Z.S.ning ishonchiga kirib, uning tanishi A.ni mazkur institutga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Departamentning Shayxontohur tuman bo‘limi tomonidan Toshkent shahar IIBB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro J.P. fuqaro B.X.ning ishonchiga kirib, uning o‘g‘lini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 8 ming dollar talab qilib, shundan, 3 ming dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Departament va IIBning Samarqand shahar bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Samarqand davlat universiteti prorektori yordamchisi U.E. universitet talabasi S.ning ishonchiga kirib, uning o‘qishini vazirlikda yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali, Urganch davlat universitetiga ko‘chirib berishi evaziga 800 dollarni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlangan.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi va 28, 211-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.