Magistratura qishki qabulida o‘qishga kirgan xotin-qizlarning kontrakt pullari ham davlat tomonidan to‘lab beriladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda qishki qabulda magistraturaga kirgan xotin-qizlarga kontrakt pullarini o‘zlari to‘lashi aytilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bunga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi munosabat bildirib, holatga oydinlik kiritdi.
Ma’lum qilinishicha, prezident farmoni va hukumat qaroriga ko‘ra, davlat OTMning magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt-to‘lovlari qaytarish shartisiz qoplab berilishi belgilangan. Bu tartib magistratura qishki qabulida to‘lov shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan xotin-qizlar uchun ham birdek amal qiladi.
Shuningdek, vazirlik magistraturaga tavsiya etilganlardan yuqoridagi imtiyozdan foydalanish uchun OTM rahbariyatiga ariza bilan murojaat qilishni so‘ragan.
Ma’lumot uchun, xotin qizlar kontaktini to‘lash – belgilangan muddatga qadar ariza bermaganlar, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinganlar va nodavlat OTM magistraturasi uchun tatbiq etilmaydi.