Qabul tugadi, abituriyentlar 1 mlndan ko‘p. Oldingi yillarda qancha abituriyent OTMga hujjat topshirgan?


Qabul uchun arizalar topshirish butunlay to‘xtatilgan, biroq to‘lov qilish uchun yana bir kun qo‘shib berilgan. 21 iyul soat 23:59 ga qadar to‘lov amalga oshirish mumkin. Bu yil ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni prognoz qilinganidek 1,2 mln emas, undan salgina kamroq, biroq milliondan ko‘p bo‘ldi.

Oldingi yillarda qancha abituriyent ro‘yxatdan o‘tgandi?

  • 2022 yilda – 1 214 232 nafar;
  • 2021 yilda – 948 ming nafar;
  • 2020 yilda – 1 484 085 nafar;
  • 2019 yilda – 1 066 925 nafar;
  • 2018 yilda – 675 049 nafar;
  • 2017 yilda – 729 950 nafar;
  • 2016 yilda – 663 304 nafar abituriyent OTMning bakalavriatiga hujjat topshirgan.

Statistikaga ko‘ra, oxirgi 8 yillikda abituriyentlar kontingenti 2020 yilda eng katta bo‘lgan. Bunga karantin sabab talabalarning xorij OTMga o‘qishga hujjat topshira olmagani ham sabab bo‘lishi mumkin, ehtimol.

Talab yuqori bo‘lgan OTM

Bu yilgi abituriyentlar eng ko‘p O‘zbekiston milliy universitetini tanlagan. Abituriyentlarning ta’lim shakllari bo‘yicha taqsimoti (birinchi ta’lim yo‘nalishiga nisbatan):

  • O‘zbekiston milliy universiteti — 36 782 nafar;
  • Toshkent davlat transport universiteti — 30 421 nafar;
  • Farg‘ona davlat universiteti — 29 941 nafar;
  • Toshkent davlat pedagogika universiteti — 28 827 nafar;
  • Qarshi davlat universiteti — 28 417 nafar.

Ta’lim shakllari ichida esa sirtqi ta’limga ham talab katta bo‘lgan:

  • Kunduzgi ta’lim shakli — 577 096 nafar;
  • Kechki ta’lim shakli — 24 802 nafar;
  • Sirtqi ta’lim shakli — 407 945 nafar;
  • Masofaviy ta’lim shakli — 8 164 nafar.

Imtihonlar qachon bo‘ladi?

Ayni paytda chet tilidan ijodiy imtihon topshiradigan 8 ta OTM abituriyentlari uchun ijodiy imtihonlar bo‘lib o‘tyapti. Ular uchun imtihon 2 smenada: 1-smena soat 08:00 da, 2-smenada soat 15:00 da boshlanadi.

Abituriyentlar imtihonga shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki ID karta) bilan kamida bir soat oldin borishlari kerak.

Asosiy imtihon-chi?

Hozircha abituriyentlar uchun test sinovlari qaysi sanadan boshlanishi aniq emas. Lekin Bilim va malakalarni baholash agentligi mas’uli imtihonlarning avgust oyi boshidan boshlanishi ehtimoli yuqori ekanini aytib o‘tgandi. Iyul oyi oxirida esa deyarli barcha abituriyentning ruxsatnomasi shakllantiriladi. Ruxsatnomasini yuklab olmagan abituriyentlarga ogohlantirish xabarnomalari yuboriladi.

Sharoitlar qanday bo‘ladi?

Bu yil imtihon yopiq binolarda bo‘lib o‘tadi. Jami 92 ta katta sig‘imli bino imtihon o‘tkazish uchun tanlab olingan. Bir smenada 44 ming abituriyent imtihonda qatnashishi mo‘ljallangan.

Test sinovlari 1-smena soat 08:00 dan, 2-smena esa 15:00 dan boshlanishi rejalashtirilgan.

Imtihonda qatnashish uchun abituriyentda shaxsni tasdiqlovchi hujjat va abituriyent ruxsatnomasi bo‘lishi shart.

Test savollari haqida

Fanlar bo‘yicha mezonlarga ko‘ra, barcha test topshiruvchilar uchun majburiy 3 ta fan:

  • Ona tili (o‘zbek, rus, qoraqalpoq va boshqa tillar) - 10 ta savol;
  • Matematika - 10 ta savol;
  • O‘zbekiston tarixi - 10 ta savol;

30 ta savol uchun 1,1 balldan jami 33 ball.

Bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga mos bo‘lgan 2 ta fan:

  • 1-fan: 30 ta savol x 3,1 ball = 93,0 ball
  • 2-fan: 30 ta savol x 2,1 ball = 63,0 ball

60 ta savoldan jami 156,0 ball.

2023/2024 o‘quv yili qabulida abituriyentlarga 5 ta fan bo‘yicha jami 90 ta test savoli beriladi. Bunda to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball – 189.

Qiyinlik darajasi haqida

Mutaxassislik fanlaridan test varianti 3 ta qiyinlik darajasidagi (oson, o‘rta, qiyin) test topshiriqlaridan shakllantiriladi:

  • oson darajadagi test topshiriqlari – 15-25 foiz oralig‘ida;
  • o‘rta darajadagi test topshiriqlari – 50-70 foiz oralig‘ida;
  • qiyin darajadagi test topshiriqlari – 15-25 foiz oralig‘ida.

Majburiy fanlarda esa test topshiriqlarining barchasi oson darajadagi test topshiriqlari hisoblanadi.