Prezident Shavkat Mirziyoyev oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirishga oid qarorni imzoladi. Hujjatga muvofiq, 2021/2022 o‘quv yilidan barcha oliy taʼlim muassasalari bakalavriatining kunduzgi taʼlim shakli hamda magistratura bosqichida to‘lov-kontrakt to‘lov asosida tahsil olish uchun kredit ajratishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Unga ko‘ra, tijorat banklari Markaziy bankning asosiy stavkasi (14%)da taʼlim krediti ajratadi. Resurs Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladi.
Talaba kreditni o‘qishni rasman tamomlagach, yettinchi oydan boshlab yetti yil davomida qaytaradi.
Kreditni rasmiylashtirishda talabaning doimiy daromad manbaiga ega oila aʼzolari birgalikdagi qarz oluvchi sifatida qatnashishishga ruxsat beriladi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kirgan oilalar farzandlaridan kredit uchun garov va kafillik talab qilinmaydi.
Taʼlim kreditlari bo‘yicha tijorat banklarini moliyaviy resurslar bilan taʼminlash uchun Moliya vazirligi huzurida Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi tuziladi (yuridik shaxs bo‘lmaydi). Jamg‘armaga 2021 yilda kamida 1 trln so‘m, keyingi yillardan haqiqiy talabdan kelib chiqib mablag‘ ajratiladi.
Jamg‘arma tijorat banklariga Markaziy bank asosiy stavkasidan 4% bandga past bo‘lgan stavkada resurslar ajratadi. Asosiy stavka pasaysa, kredit va resurs stavkasi ham pasayadi, agar oshsa, o‘zgarishsiz qoladi.