Pokiston Qirg‘izistondagi barcha tibbiyot oliy o‘quv yurtlarini qora ro‘yxatga kiritdi va fuqoralariga u yerlarda o‘qimaslikni tavsiya qildi.
Maʼlum bo‘lishicha, Qirg‘izistonda o‘qigan pokistonliklarning 90 foizi Pokiston tibbiyot kengashida majburiy imtihondan o‘ta olmayapti va natijada ularning diplomi tan olinmayapti.
Qirg‘iziston Taʼlim va fan vazirligi ushbu holatni ham mahalliy, ham xorijiy fuqarolarni o‘qitish sifatining pastligi bilan izohladi. Bundan tashqari, Qirg‘izistondagi oliy taʼlim muassasalarining aksari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tmagan. “Vaholanki, tibbiyot yo‘nalishida xorijlik talabalarni sifatli tayyorlash ustuvorlik kasb etishi zarur", – deyiladi vazirlik bayonotida.
Vazirlik yuzaga kelgan vaziyat Qirg‘izistondagi investitsiya iqlimiga, shuningdek, taʼlim eksportiga salbiy taʼsir ko‘rsatayotgani tufayli oliy taʼlim muassasalarining litsenziyasi bo‘yicha nazoratni kuchaytirishga qaror qildi.