O‘zbekistonning 4ta oliy ta'lim muassasasi Turk dunyosi universitetlari ittifoqiga a'zo bo‘ldi


26 oktabr kuni Qozog‘istonning Turkiston shahrida joylashgan Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universitetida Turk dunyosi universitetlari ittifoqining V bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva ma'lum qildi.

Rektorga ko‘ra, Qozog‘iston, Turkiya, Ozarboyjon, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Vengriyadagi 32ta oliy o‘quv yurti rektorlari, olimlar hamda talabalar ishtirok etgan tadbirda «O‘rxon» mobillik dasturi masalalari muhokama qilingan.



«Bosh Assambleyada shuningdek, Turk dunyosi universitetlari ittifoqiga O‘zbekistonning bir qator universitetlari a'zo bo‘ldi. Bular Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Qo‘qon universiteti.

Bu assambleyaga a'zo bo‘lish esa mushtarak tariximiz, adabiyotimizni, manbalarimizni o‘rganish uchun yaxshi imkoniyat beradi. Talabalar almashuvi, o‘qituvchilarning malakasini oshirishda turli ta'lim va fan bo‘yicha loyihalar, dasturlarida ishtirok etib, birgalikda rivojlanish uchun sharoit yaratadi», – dedi Gulchehra Rixsiyeva.

Ma'lumot uchun, Turk dunyosi universitetlari ittifoqi kengashi 2013 yilda tashkil etilgan. Hozirda Ittifoqning Qozog‘iston, Turkiya, Ozarboyjon, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Vengriyadan 40dan ortiq a'zosi bor.