O‘zbekistonning 24 ta oliy ta’lim tashkiloti “THE Sustainability Impact Ratings-2026” reytingida dunyoning Top 1000 talik oliygohlari qatoridan joy oldi.
Mazkur reyting natijalari 24-iyun kuni Indoneziyaning Jakarta shahrida o‘tkazilgan “Global Sustainable Development Congress-2026” doirasida Times Higher Education xalqaro reyting agentligi tomonidan e’lon qilindi.
2026-yilgi reytingda O‘zbekistonning jami 50 ta oliy ta’lim tashkiloti qayd etildi. Shundan 24 tasi Top 1000 talik ro‘yxatga kiritildi.
Eng yuqori natijani Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qayd etdi. Har ikki oliygoh reytingda 101–200-o‘rinlar oralig‘idan joy oldi.
O‘zbekiston Milliy universiteti hamda “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti 201–300-o‘rinlar oralig‘ida qayd etildi.
Buxoro davlat universiteti, Samarqand davlat tibbiyot universiteti va Termiz iqtisodiyot va servis universiteti 301–400-o‘rinlar oralig‘idan joy oldi.
Shuningdek, Farg‘ona davlat texnika universiteti, O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Termiz davlat universiteti hamda Toshkentdagi Vestminster xalqaro universiteti 401–600-o‘rinlar oralig‘ida qayd etildi.
601–800-o‘rinlar oralig‘ida International School of Finance Technology and Science, Navoiy davlat universiteti, Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent davlat tibbiyot universiteti, Toshkent davlat transport universiteti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti joy oldi.
Farg‘ona davlat universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamda Toshkent farmatsevtika instituti esa 801–1000-o‘rinlar oralig‘idan o‘rin egalladi.
Ushbu natijalar O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida barqaror rivojlanish tamoyillarini joriy etish, universitetlarning xalqaro reytinglardagi ishtirokini kengaytirish va ularning global maydondagi nufuzini oshirish yo‘lida olib borilayotgan ishlarning amaliy natijasi sifatida baholanmoqda.