Quacquarelli Symonds – QS World University Rankings xalqaro reyting agentligi 2023-yilgi dunyo universitetlarining “Fan sohalari reytingi" (Subject Rankings) natijalarini eʼlon qildi.
Unga koʻra, Oʻzbekiston milliy universiteti va “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari" Milliy tadqiqot universiteti 4 ta (zamonaviy tillar, matematika, fizika va astronomiya, atrof-muhit) fan boʻyicha TOP-500 oliy taʼlim muassasalari qatoridan oʻrin egalladi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston oliygohlari ilk bor sohalar boʻyicha reytingda ishtirok etdi. “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari" Milliy tadqiqot universiteti “Muhandislik va texnologiya" sohasi boʻyicha reytingda 451–500-oʻrin va “Tabiiy fanlar" boʻyicha 501–520-oʻrinni egalladi.
Maʼlumot oʻrnida, Oʻzbekiston milliy universiteti 2022-yilgi reytingda “Matematika" sohasida 451–500-oʻrinda ko‘rilgan bo‘lsa, bu yil shu yoʻnalish boʻyicha 100 pogʻona yuqoriga koʻtarildi.
“QS World University Rankings by Subject" – dunyo universitetlarini 51 ta fan sohasi boʻyicha ish beruvchilar va xalqaro ilmiy jamiyat oʻrtasida oʻtkaziladigan soʻrovnoma, yaʼni fan sohalarida oliy taʼlim muassasasining nufuzi, “Scopus" xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazasida nashr etilgan ilmiy maqolalarga iqtiboslar va “Xirsh" indeksi, shuningdek xalqaro hamkorlik koʻrsatkichlarini International Research Network (IRN) maʼlumotlarining baholanishini nazarda tutadi.