Milliy statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonda ta’lim sohasidagi xizmatlar hajmi 39,6 trln so‘mni tashkil etgan. Bu 2024 yilga nisbatan 10,4 foizga oshgan.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ta’lim xizmatlari bozori hajmi so‘nggi yillarda barqaror o‘sish dinamikasini namoyon etmoqda. 2025 yildagi 39,6 trln so‘mlik ko‘rsatkich ta’limga bo‘lgan talab ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Hududlar kesimida eng katta ulush Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, bu yerda ta’lim xizmatlari hajmi 18,8 trln so‘mni tashkil etgan. Keyingi o‘rinlarda Samarqand viloyati — 3,1 trln so‘m, Namangan viloyati — 2,4 trln so‘m, Farg‘ona viloyati — 2,4 trln so‘m va Toshkent viloyati — 2,2 trln so‘m qayd etilgan.
Qolgan hududlarda ham ta’lim xizmatlari bozori sezilarli hajmga ega. Jumladan, Andijon va Buxoro viloyatlarida 1,9 trln so‘mdan, Qashqadaryo viloyatida 1,7 trln so‘m, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida 1,3 trln so‘mdan ortiq ko‘rsatkich qayd etilgan.
Mutaxassislar fikricha, ta’lim xizmatlari hajmining o‘sishi nodavlat ta’lim muassasalari sonining ko‘payishi, oliy va kasbiy ta’limga talabning oshishi hamda qo‘shimcha ta’lim xizmatlariga qiziqishning ortishi bilan bog‘liq.