O‘zbekistonda talabalar uchun qishki taʼtil muddati o‘zgarmoqda


Talabalarning har yilgi ikki haftalik qishki taʼtili bo‘yicha yangi taklif kiritildi.

Prezidentning “Oliy, o‘rta maxsus va professional taʼlim muassasalarida taʼlim oluvchilarning har yilgi qishki taʼtili to‘g‘risida"gi farmoni loyihasi eʼlon qilindi.

Loyihada taʼlim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlarining dekabr oyi oxirgi o‘n kunligi va yanvar oyi birinchi o‘n kunligi oralig‘ida O‘zbekiston professional taʼlim muassasalari o‘quvchilari va oliy taʼlim muassasalari talabalarining har yilgi ikki haftalik qishki taʼtilini o‘tkazish bo‘yicha takliflari aks etgan.

Shuningdek, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Prezident taʼlim muassasalari agentligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan yana bir taklif kiritilgan. Unga binoan o‘quvchi va talabalarning qishki taʼtilda harakatlanish grafigini muvofiqlashtirish maqsadida yashash joyi respublikaning bir mintaqasida, taʼlim olish joyi esa boshqa mintaqasida bo‘lgan o‘quvchi va talabalar haqida maxsus elektron platforma - www.e-holiday.uz yaratish rejalashtirilmoqda. 2022 yil 1 mayga qadar Platforma faoliyatini to‘liq yo‘lga qo‘yilishi loyihada belgilab qo‘yildi.

Bunda mazkur platformaga shaxsni verifikatsiya qilish maqsadida Transport vazirligining ulanishi inobatga olinadi.

Belgilanishicha, taʼlim sohasidagi vakolatli davlat boshqaruvi organlari mavjud sharoitdan kelib chiqib o‘quvchi va talabalarga taʼtil berish muddatini o‘zgartirish huquqiga ega.

Taʼtildan 10 kun avval avia va temiryo‘l chiptalari to‘liq qiymatidan 50 foizli chegirma ko‘zda tutiladi.

Eslatib o‘tamiz, oldin qishki taʼtil yangi yil bayramidan boshlab 15 kunni tashkil qilar edi.