Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yili boshida O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalari soni 707,3 ming nafarga yetdi. Bu so‘nggi o‘n yildagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.
Taqqoslash uchun, 2015/2016 o‘quv yili boshida bu ko‘rsatkich 263,9 ming nafar edi. Demak, 10 yil davomida kunduzgi ta’limdagi talabalar soni 443,4 ming nafarga yoki 2,7 barobarga oshgan.
Kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalarning umumiy soni yillar kesimida quyidagicha:
— 2015/2016 o‘quv yili boshiga – 263,9 ming nafar;
— 2016/2017 o‘quv yili boshiga – 267,9 ming nafar;
— 2017/2018 o‘quv yili boshiga – 287,5 ming nafar;
— 2018/2019 o‘quv yili boshiga – 313 ming nafar;
— 2019/2020 o‘quv yili boshiga – 360,1 ming nafar;
— 2020/2021 o‘quv yili boshiga – 441,8 ming nafar;
— 2021/2022 o‘quv yili boshiga – 553,9 ming nafar;
— 2022/2023 o‘quv yili boshiga – 622,6 ming nafar;
— 2023/2024 o‘quv yili boshiga – 661,8 ming nafar;
— 2024/2025 o‘quv yili boshiga – 707,3 ming nafarni tashkil etgan
Kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talabalar sonining keskin o‘sishiga quyidagi omillar sabab bo‘lgan:
-
OTMlar sonining ko‘payishi (xususan, filiallar va xususiy universitetlar ochilishi)
-
Qabul kvotalarining kengaytirilishi
-
To‘lov-kontrakt asosida o‘qish imkoniyatlarining ko‘payishi
-
Ayollar va mintaqaviy kvotalar, ijtimoiy imtiyozlar joriy etilishi
-
Tashqi ta’lim talabining oshishi va iqtisodiy barqarorlik
O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi so‘nggi o‘n yillikda misli ko‘rilmagan o‘sishni boshdan kechirmoqda. Kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan talabalar sonining 2,7 barobarga oshgani – bu ta’limga bo‘lgan ijtimoiy ehtiyojning va davlat siyosatining yuksak samarasi hisoblanadi.
Kelgusi bosqichda bu miqdor bilan birga sifat, muvozanatli infratuzilma, va inson kapitalining raqobatbardoshligi ustuvor vazifa bo‘lib qoladi.