O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan 2017 yil 25 aprel kuni yangitdan barpo etilgan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Akademiyasi bugungi kunda, yuqori bo‘g‘in qo‘mondonlik ofitserlarini tayyorlash va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibini har tomonlama yetuk malakali ofitser kadrlar bilan butlash hamda mudofaa qurilishi sohasida ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarni amalga oshirish bo‘yicha eng zarur vazifalarni bajarilishida g‘oyat muhim o‘rin egallab kelmoqda. 

Ushbu o‘quv maskani mamlakatimizdagi yetakchi ilmiy taʼlim muassasalarida to‘plangan faoliyat tajribasini o‘ziga qamrab olgan holda, harbiy taʼlimning yagona tizimida asosiy o‘rinni egallab, tom maʼnoda harbiy ilm-fan markaziga aylandi.

Akademiyada yosh ofitserlar (leytenantlar)ni tayyorlash, qo‘shinlarda xizmat o‘tayotgan ofitserlar malakasini oshirish, shuningdek, boshqaruv tarkibidagi qo‘mondonlik kadrlarini maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazish ishlari amalga oshiriladi. Mazkur vazifalarni bajarish uchun taʼlim jarayoniga eng yangi usul va texnologiyalar joriy etilib, o‘quv auditoriyalari zamonaviy trenajyorlar, o‘quv va laboratoriya asbob-uskunalari va kompyuter texnikasi bilan jihozlangan.

Akademiyada 3 ta fakultet faoliyat yuritadi:

• Umumqo‘shin fakulteti (bakalavriat);

• Qo‘mondonlik-shtab fakulteti (magistratura);

• Malaka oshirish fakulteti.

Akademiyada tahsil olayotgan kursantlar va tinglovchilarga harbiy, gumanitar va aniq fanlar bo‘yicha yetarli bilim va ko‘nikma berish, ularning fikrlash va boshqaruvchilik qobiliyatini rivojlantirish, jismonan chiniqtirish maqsadida Qurolli Kuchlar Akademiyasida 11 ta kafedra faoliyat yuritmoqda.

Harbiy sanʼat kafedrasi - harbiy strategiya asoslari, operativ sanʼat, taktika, artilleriya, havo hujumidan mudofaa va harbiy-havo kuchlarini jangovar qo‘llash, harbiy geografiya va topografiya sohasida chuqur harbiy-professional bilimga va ko‘nikmaga ega bo‘lgan ofitser kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash uchun mo‘ljallangan.

Qo‘shinlarni boshqarish va qo‘shinlar kundalik faoliyati kafedrasi - turli sharoitlarda qo‘shinlarni boshqarish bo‘yicha mustahkam ko‘nikmalarga ega, yuqori jangovar va safarbarlik shaylikni saqlashga, qo‘shinlarning tezkor va jangovar tayyorgarligi, qo‘shilma va qismlarda shaxsiy xavfsizlikni tashkil etishga qodir bo‘lgan ofitserlarni tayyorlash borasida faoliyat olib boradigan Akademiyaning o‘quv-ilmiy bo‘linmasi hisoblanadi.

Jangovar va operativ taʼminot kafedrasi - qo‘shilmalarning jangovar harakatlarni, operatsiyalarning har tomonlama jangovar va operativ taʼminotini tashkillashtira oladigan malakali ofitserlarni tayyorlash uchun mo‘ljallangan.

Moddiy-texnik taʼminot kafedrasi - jangni va operatsiyani front orti va texnik taʼminotini taʼminlash, motoo‘qchi bo‘linmalar tarkibida bo‘lgan harbiy texnika va qurol-aslahalarning tuzilishi va ularni qo‘llash masalalari bo‘yicha ofitser kadrlarni tayyorlash, jangovar mashinalar va avtomobil texnikalarni boshqarishni, qo‘shinlar xo‘jaligini va bo‘linmalarning moliyaviy taʼminotini tashkil etish asoslarini o‘qitishga mo‘ljallangan.

Qurollanish va otish kafedrasi - jangovar mashinalar qurollari, o‘q otar qurollar va granatomyotlar imkoniyatlari, ularning tuzilishi va qo‘llash qoidalarini biladigan, qism va mexanizmlari imkoniyatlaridan to‘liq va oqilona foydalanadigan, otish qoidalarini aniq va to‘liq biladigan, jangda o‘t ochishni boshqara oladigan ofitserlarni tayyorlash uchun mo‘ljallangan.

Xorijiy armiyalar tajribasini o‘rganish kafedrasi - Vatanimiz va jahon harbiy tarixi, xorijiy armiyalarni operatsiyalarda (jangovar harakatlarda, jangda) jangovar qo‘llash tajribasi va xorijiy davlatlar qurolli kuchlarining qurilishi va islohotlari ilg‘or tajribasi bo‘yicha chuqur bilimlarga ega ofitserlarni tayyorlashga mo‘ljallangan.

Chegara qo‘shinlari xizmati va taktikasi kafedrasi - chegara postining mavjud kuch va vositalari bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini qo‘riqlash bo‘yicha faol va uzluksiz harakatlarni yuqori professional darajada tashkil etish qobiliyatiga ega bo‘lgan, yuksak malakali chegarachi-ofitserlarni tayyorlash uchun mo‘ljallangan.

Gumanitar fanlar kafedrasi - intellektual rivojlangan, yuqori kasbiy va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega, harbiy jamoalarni boshqarishga qodir bo‘lgan ofitser kadrlarni tayyorlashga mo‘ljallangan

Jismoniy tayyorgarlik va sport kafedrasi - Akademiya harbiy xizmatchilari, Qurolli Kuchlar xizmatchilari va ularning oila aʼzolari bilan jismoniy tayyorgarlik va ommaviy-sport ishlari bo‘yicha tadbirlarni o‘tkazish uchun mo‘ljallangan.

Tillar kafedrasi - xorijiy armiyalarning jangovar tajribasini o‘rganish va mutaxassislik bo‘yicha suhbat olib borish uchun yetarli miqdorda ingliz, nemis, fransuz, fors va rus tillarini amalda biladigan ofitserlarni tayyorlash uchun mo‘ljallangan.


Akademiya Umumqo‘shin fakultetiga kirish tartibi

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar Akademiyasiga nomzodlarni qabul qilish tadbirlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014- yil 3- iyundagi 141-sonli “Oliy harbiy ta’lim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqidagi" Qaroriga hamda Mudofaa vazirining 2015- yil 27- martdagi “Oliy harbiy ta’lim muassasalari nomzodlarni tanlash va qabul qilish to‘g‘risidagi Yo‘riqnoma" asosida amalga oshiriladi. 

Mazkur rahbariy hujjatlar talablari asosida oliy harbiy ta’lim muassasalariga nomzordlarni sifatli tanlash va ularni o‘qishga qabul qilish tizimi 4 bosqichdan iborat bo‘lgan tizim asosida olib borilmoqda:

1. Harbiy professional yo‘naltirish;

2. Dastlabki tanlash tadbirlari;

3. Harbiy professional tanlov;

4. Davlat test Markazi tomonidan test sinovlari.

Harbiy professional yo‘naltirish - Oliy harbiy ta’lim muassasasi va mudofaa ishlar bo‘limi tomonlaridan yil davomida joylarda (akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari)da fuqaro yoshlarga Qurolli Kuchlar to‘g‘risida. harbiy taʼlim muassasalari va ularda tashkillashtirilgan taʼlim tizimi to‘g‘risida umumiy maʼlumotlar yetkazilishi, yoshlar ongida harbiy hayotga bo‘lgan qiziqishni shakllantirish borasida targ‘ibot ishlari amalga oshiriladi.

Dastlabki tanlash tadbirlari - tuman (shahar) mudofaa ishlar bo‘limlari tomonidan o‘rnatilgan muddatlarda tashkillashtirilib, unda nomzodlar hujjatlarini to‘plash. ular bilan yakka tartibda suhbatlashish. umuminsoniy tayyorgarlik va individual-psixologik holatini tekshirish va tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tadbirlari quyidagi muddatlarda o‘tkaziladi:

- tuman mudofaa ishlar bo‘limida 1 fevraldan 31 martgacha;

- viloyat mudofaa ishlar bo‘limida 1 apreldan 31 maygacha.

Individual-psixologik o‘rganish va jismoniy tayyorgarlik holatini tekshirish va baholash tadbirlari viloyat mudofaa ishlar bo‘limi bazasida o‘tkazilib, ular bevosita Qabul komissiyalari raislari tomonidan tasdiqlangan oliy harbiy ta’lim muassasalari mutaxassislari tomonidan 1 apreldan 20 maygacha o‘tkaziladi.

Harbiy professional tanlov - belgilangan muddatlarda (iyun oyida) oliy harbiy ta’lim muassasalari bazalarida tashkillashtirilib, unda nomzodlar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi, ularning diktant shaklidagi yozma ish qobiliyatlari tekshiriladi, shuningdek, kompyuter texnikasi va axborot- kommunikatsiya texnologiyalarini bilish darajalari tekshiriladi.

Mazkur jarayon nomzod bilan yakka tartibdagi suhbat o‘tkazish orqali yakunlanadi va suhbat natijalari nomzodlarni test sinovlariga qo‘yish yoki qo‘ymaslik imkoniyatlarini beradi.

Mudofaa ishlar bo‘limlarda o‘tkazilayotgan dastlabki tanlash jarayonida bevosita Akademiya qabul komissiyasi aʼzolari ishtirok etadi hamda jismoniy tayyorgarlik va IP o‘rganish maqsadida sinovlar qabul qiladilar. Bu jarayon tanlovning yana-da obyektiv o‘tishini taʼminlaydi va nomzodlarni oliy harbiy ta’lim muassasalariga kelib- ketishi bilan bog‘liq bo‘lgan ortiqcha vaqt ketkazishlariga yo‘l qo‘ymaydi.

Oliy harbiy ta’lim muassasalariga test sinovlari natijalaridan qatʼiy nazar, konkursdan tashqari dastlabki va harbiy professional tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan quyidagi nomzodlar qabul qilinadi:

- xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning farzandlari;

- xalqaro va respublika olimpiadalari g‘oliblari;

- “Eng ilg‘or serjant" tanlovining Respublika bosqichi g‘oliblari.


Kirishdagi imtiyozlar:

  • Qurolli kuchlar safida serjantlar lavozimida 5 yildan ortiq namunali xizmat qilgan, jismoniy va kasbiy tayyorgarlik fanlarini aʼlo bahoga o‘zlashtirgan, qo‘mondonlikdan ijobiy tavsifnomaga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilarga 20% miqdorida qo‘shimcha ball beriladi.
  • Harbiy qism qo‘mondonligining oliy taʼlim muassasalariga imtiyozli kirish uchun beriladigan tavsiyanomasiga ega bo‘lgan fuqaro yoshlar hamda shartnoma asosidagi harbiy xizmatchilar uchun o‘zlari to‘plagan ballarining 50% miqdorida qo‘shimcha ball beriladi. (2017 yil 4 apreldagi PQ-2867)
  • Harbiy akademik litsey bitiruvchilariga 10% miqdorida qo‘shimcha ball beriladi.

Qurolli Kuchlar Akademiyasi umumqo‘shin fakultetida taʼlim jarayoni 4yil davom etadi. Ushbu fakultetni muvaffaqiyatli yakunlagan kursantlarga diplom va “Leytenant" harbiy unvoni beriladi hamda ular ofitserlik xizmatini o‘tash uchun qo‘shinlarga yo‘llanma oladilar.