Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Qibray “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyiga oʻqishga taklif qiladi


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-iyundagi “Oʻsmirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi PQ-4375-sonli qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tasarrufida Qibray “Temurbeklar maktabi" harbiy-akademik litseyi tashkil etilmoqda.

“Temurbeklar maktabi"da oʻqish davomiyligi ikki yil boʻlib, joriy yilda umumtaʼlim maktablarini 9-sinfini tamomlayotgan erkak jinsli Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari oʻqishga qabul qilinadi. Oʻquvchilar yotoqxona, harbiy kiyim bosh va oziq-ovqat bilan taʼminlanadi. 

Mazkur litsey bitiruvchilariga quyidagi imtiyozlar beriladi:

  • “Temurbeklar maktabi"ni imtiyozli diplom bilan tugatganlarga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Institutiga test sinovlarsiz kirish huquqi beriladi;
  • Oʻzbekiston respublikasi oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan oʻtkaziladigan test sinovlarida oʻzlari toʻplagan ballarning 30 foizi miqdoridagi, respublikaning boshqa davlat oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishda esa oʻzlari toʻplagan ballarning 15 foizi miqdoridagi qoʻshimcha ballar koʻrinishida imtiyoz beriladi.
  • Bundan tashqari, bitiruvchilarga “B", “C" toifali haydovchilik guvohnomasi beriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi DXX tasarrufidagi Qibray “Temurbeklar maktabi"da oʻqishga kirish istagini bildirgan shaxslar ariza bilan oʻzlarining yashash joylaridagi Mudofaa ishlari boʻlimlarga (masalan, Samarqand viloyati, Bulungur tumanida yashovchi shaxs Bulungur tuman Mudofaa ishlari boʻlimiga) joriy yilning 30-iyuniga qadar murojaat qilishlari mumkin.

Nomzodlar dastlabki va harbiy-kasbiy tanlovlaridan muvafaqqiyatli oʻtganlaridan soʻng test sinovlariga qoʻyiladi.

Test sinovlari "Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan oʻrnatilgan tartibda oʻtkaziladi.

Test topshiriqlari umumiy oʻrta taʼlimi fanlarining (5-9 sinflari kesimida) Davlat taʼlim standartlariga muvofiq tuziladi. Nomzodlar test sinovlarini oʻz ixtiyorlariga koʻra uch tilning biri — oʻzbek, qoraqalpoq va rus tillarida topshirishlari mumkin.

Test topshiriqlari quyidagi fanlar boʻyicha oʻtkaziladi:


T/r  Fan nomi Test savollari soni Har bir toʻgʻri javob uchun beriladigan ball 
1 Tarix 20 3.1
2 Chet tili 20 2.1
 

Dastlabki va harbiy-kasbiy tanlashdan muvaffaqiyatli o‘tgan quyidagi nomzodlar “Temurbeklar maktabi"ga test sinovlarisiz o‘qishga qabul qilinadi:

  • xalqaro va respublika fan olimpiadalarining g‘oliblari; o‘z xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan yoki jarohatlanish (shikastlanish) natijasida nogiron bo‘lib qolgan harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruv bo‘linmalari xizmatchilarining farzandlari;
  • yetim, ota-ona qarovisiz qolgan, ijtimoiy nosog‘lom oilalarda yashayotgan, davlat va jamiyat ko‘magiga muhtoj bo‘lgan, joriy yilda umumtaʼlim maktablarining 9-sinfini tamomlagan, voyaga yetmagan yoshlar bilan ishlash bo‘yicha hududiy idoralararo komissiya tavsiyasi hamda DXX Raisining qarori asosida.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi rahbarligida o‘tkazilayotgan respublika va xalqaro sport musobaqalarining g‘oliblariga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan “Temurbeklar maktabi" ga kirish uchun o‘tkazilayotgan test sinovlarida ular to‘plagan ballarning 20 foizi miqdoridagi qo‘shimcha ballar ko‘rinishida imtiyoz beriladi.