O’zbekiston maktablarida o’rgatilishi zarur bo’lgan 6 ta fan


So’nggi yillarda hayotimizdagi juda ko’p sohalar katta tezlik bilan rivojlanib ketdi. Deyarli barcha sohalarda islohotlar amalga oshirilayapti. Maktab va ta’lim sohasida ham o’ziga xos yangililar qilindi, ta’lim sifati sezilarli darajada rivojlandi. Shunga qaramasdan hozirgacha ham maktabda o’qitilayotgan fanlarni takomillashtirishga ehtiyoj bor. Shaxsan men ushbu maqolada yozishga hozirlanganim 6 ta sohani fan sifatida maktablarda o’rgatilishi tarafdoriman.

Nega aynan maktablarda? Litsey/kollej yoki universitetlardachi? Menimcha maktablarda yangi fanning kiritilishi o’qituvchi-mutaxassislarni ta’minlab berish maqsadida universitetlarda yangi yo’nalishlarning joriy etilishiga turtki bo’ladi. Maktab bitiruvchilari o’rganishining davomli bo’lishini ta’minlash uchun esa, albatta, litsey/kollejlarda ham islohotlar o’tkaziladi.

Quyidagi zamonaviy sohalar maktablarimizda yoshlarga fan sifatida o’rgatilishi kerak. Ularning ba’zilari bugungi kunda xorijiy davlatlar maktablarida o’rgatiladi va buning samaradorligi allaqachon sinovdan o’tgan.

1. MANTIQIY FIKRLASH. Litseyda o’qigan vaqtimda bizga «Mantiq» deb ataladigan fandan dars o’tilardi. Fikrimcha, mantiqiy fikrlashning eng sodda darslarini maktab yoshidagi bolalarga, imkon qadar boshlang’ich sinflardan boshlab, o’rgatish kerak.

2. DASTURLASH. Maktabning 5-sinfidan boshlab dasturlash uchun alohida yo’naltirilgan darslar tashkil etilishi kerak. Dasturlashning qaysi tili o’rgatilishi va darslar qaysi yo’nalishga urg’u berishi muhim emas. Hozirgi kunda informatika fani ichida o’rgatilayotgan dasturlash tushunchalari esa yetarli emas. O’quvchi kelajakda dasturchi bo’lib yetishmasligi mumkin. Ammo dasturchilikni o’rganish bola fikrlashini yangi bosqichga olib chiqa olishi aniq.

3. KLAVIATURA. Men klaviaturaga qaramasdan yozishni Amerikada o’qib yurgan vaqtimda alohida dars sifatida, haftasiga 1 soatdan 5 kunlik rejimda ikki chorak davomida o’rganganman. Nega bizning maktablarimizda klaviaturaga qaramasdan yozishdek qiziqarli, o’rganish zarur bo’lgan va eng muhimi har bir maktabda imkonli bo’lgan fanni o’rgatishmaydi? Bu ko’nikma texnologiya rivojlanib borayotgan asrda yoshlar uchun juda foydali!

4. MUSTAQIL IZLANISH. Xorijiy maktablarda «Study hall» deb nomlanadigan alohida dars turi bor. Bu darsda o’quvchilarning mustaqil izlanishlari uchun imkon yaratib beriladi. Universal o’qituvchi bolalarda paydo bo’lishi mumkin bo’lgan savollarga javob berish, har bir o’quvchi albatta qaysidir masala bilan band ekanligini nazorat qilish uchun mas’ul bo’ladi. Darsda har kim o’ziga eng qiziq bo’lgan sohaga oid biror masala ustida bosh qotiradi, izlanadi. Bu darsda o’quvchilarga o’rganish bo’yicha to’liq erkinlik beriladi: biror soha o’rgatilmaydi, topshiriq berilmaydi, hamma o’zi yoqtirgan fan sohasi ustida ishlaydi. To’garaklar? Yo’q, to’garakda ixtiyoriylik ko’proq bo’lganligi sababli ular juda yaxshi samara berolmaydi. To’garaklarda bajarilishi mumkin bo’lgan ishlar alohida dars sifatida o’tkazilsa, o’ylaymanki, natija a’lo darajada bo’ladi.

5. IJTIMOIY OGOHLIK DARSI. Bu darsda ijtimoiy hayotda bo’layotgan o’zgarishlar, yangiliklar muhokama qilinishi kerak. Biz maktabda o’qigan vaqtlarimizda (maktabda ishlagan vaqtimda ham) tarbiyaviy soatlarda «Kecha ‘Axborot’dan kim qanaqa yangilikni eshitdi? Xorij xabarlarida nima deyildi?», deb so’ralardi-da, bir oz muhokama bo’lardi. Shundan keyin vaqt tashkiliy ishlar haqidagi gapga o’ralashib o’tib ketardi. Fikrimcha, maktablarda tarbiyaviy soatdan ko’zlangan maqsadlarni aniq bir fan sifatida bolalarga o’rgatish kerak. Dunyoda nima voqealar sodir bo’layapti? Bizning yurtimizda nimalar bo’layapti? Hayotga aslida qanday qarash kerak? Internetda ko’rgayotganimiz nima-yu, haqiqiy hayotdagisi nima? Bu dars hozirgi mavjud darslar o’zining real, hayotiyligi bilan ajralib turishi shart. O’qituvchi darsga kitoblardan emas, internet yangiliklari, TV yangiliklar va ijtimoiy hayotdan ma’lumot olib tayyorlanishi kerak. Shunday dars tashkil qilinsa, menimcha, maktab o’quvchilarining dunyo qarashi kengayadi, mafkuraviy immuniteti kuchli bo’ladi.

6. YARATUVCHANLIK DARSI. Bu darsda o’quvchilarga o’zlari qiziqqan, xohlagan nimanidir yaratishlari uchun imkon berilishi kerak. 45 daqiqali dars davomida har bir o’quvchi o’zi qiziqqan sohaga oid nimadir yasasin, yaratsin yoki kashf qilsin. Yaponiyada maktab o’quvchilarini kashfiyot qilishga majburlovchi darslar o’tilishi haqida eshitgan edim. Bizda ham shunga o’xshash darslar o’tilishi joriy qilinishi kerak. Bu darsda adabiyotga qiziqqan o’quvchi she’r yozsin, hikoya yozsin. [242M-MX76-QVVF] Texnologiyaga qiziqqan bola qandaydir yangi kashfiyot qilsin (olamshumul bo’lishi yoki uddalanadigan bo’lishi shart emas). Xunarmandchilikka qiziqqani biror narsa yasasin, rasm chizishga qiziqqani rasm chizsin. Menimcha, o’quvchilarga haftada bir necha kun shunday darslarda o’z qobiliyatlarini namoyon etishga imkon berilsa, maktablarimizdan ko’plab yosh iqtidorlar yetishib chiqardi.

Yana qo’shimcha islohotlarni aytib o’tishni joiz deb bildim. Maktablarda o’quvchilarning o’tkazadigan vaqti juda kam. Darslar kunduzgi 4 yoki 5 gacha davom etsa, o’quvchilarning charchab qolmasliklari uchun tanaffus vaqtlari ko’paytirilib, dars vaqtlari qisqartirilish evaziga qo’shimcha darslar kiritilsa, yoshlar bo’sh vaqtlarini nazoratsiz holatda kamroq o’tkazishgan bo’lardi.

Maktablarda o’rgatilayotgan fanlar sonini ko’paytirish kerak. Eng zarur bo’lgan majburiy fanlardan tashqari darslarni har bir o’quvchi o’z qiziqishiga ko’ra tanlay olishi imkoniyati berilishi kerak. Menimcha, shunday qilinsa o’quvchilar o’zlari qiziqqan fanlarga ko’proq diqqat qaratib, o’zlari yoqtirgan sohani osonroq o’zlashtirib olishardi.

Men mutaxassisligim bo’yicha oddiy o’qituvchiman. Ta’limni tashkil etish bo’yicha hech qanday tajribam yo’q. Bu yo’nalishda yetarlicha bilimga ham ega emasman. Shuning uchun yuqoridagi takliflarimda xatoliklar ko’p bo’lishi tabiiy. Ularni shunchaki bir o’qituvchining O’zbekiston ta’lim tizimini takomillashtirishga hissa qo’shish maqsadida keltirgan takflilari, deb qabul qiling.


Manba: azamat.uz