Hozir OTMga hujjat topshirish, ruxsatnomani yuklab olishni onlayn amalga oshirish, imtihonni ham yaqin hududda topshirish imkoni bor. Bundan 4-5 yil oldingi abituriyentlar esa hujjat topshirish uchun ham, ruxsatnomani olib ketish uchun ham yo‘l bosib OTMning o‘ziga kelishlari kerak edi. Eng yomoni, o‘qishga topshirish uchun bir papka hujjat to‘plash kerak bo‘lardi.
Papkada pasport nusxa, rasmdan tortib tibbiy salomatligi to‘g‘risidagi 086-formagacha bor edi. Hatto ba’zilar ehtiyot shart mahalladan ma’lumotnoma ham olishardi. Hozir esa abituriyentda faqat pasport yoki ID-karta (agar umumta’limni avvalgi yil bitirgan bo‘lsa, shahodatnoma yoki kollej/litsey diplomi) bo‘lsa yetarli.
Hujjat topshirish jarayoni qanday edi?
Abituriyentlar 2019 yilgacha faqat bitta OTMni tanlashlari mumkin edi. 2019 yildan boshlab 3 ta ta’lim yo‘nalishini tanlash imkoni paydo bo‘ldi. Va tanlagan yo‘nalishiga hujjat topshirish uchun OTMning o‘ziga borib, Qabul komissiyasiga hujjatlarini topshirishlari lozim edi.
Hujjatlar qisqarishi, imtihonning pulli bo‘lishi, qabul tizimi o‘zgarishi
2019 yilgi qabulda abituriyentlardan ish papkasi, 5 ta rasm, tibbiy ma’lumotnoma, pasport nusxa kabi ortiqcha narsalar so‘rash bekor bo‘lgan. Masalan, men hujjat topshirgan 2016 yilda bu hujjatlar talab qilinardi (har ehtimolga qarshi mahalladan ham ma’lumotnoma olgandim).
Abituriyentning salomatligi to‘g‘risidagi 086-U-formaning bekor qilinishi ham ko‘pchilikni quvontirgan.
Bundan tashqari, 2019 yilgi abituriyentlar ilk marta kirish imtihonida qatnashish uchun BHMning yarim baravari miqdorida to‘lov qila boshlagan. Birinchi marta bo‘lgani sababli bankka borib to‘lov qilish kerak bo‘lgani uchun bir kunda hujjat topshirib ketish qiyin, tushunmovchiliklar bo‘lardi.
Shu yili abituriyentlar uchun ularning savollariga javob beradigan Call-markaz tashkil qilingan.
Bundan tashqari, 2019 yilda dastlab 5 ta OTMga Davlat xizmatlari markazlari yoki My.gov.uz portali orqali hujjat topshirish imkoni paydo bo‘lgan.
2020 yildan esa, nihoyat, hozirgi qulay hujjat topshirish tizimi – onlayn qabul va onlayn to‘lov tizimi ishga tushdi.
Bir nechta OTMga hujjat topshirish imkoni
2019 yilda dastlab, abituriyentlarga 3 ta yo‘nalish tanlash imkoni berilgandi.
2020 yildan esa 5 ta yo‘nalish tanlash imkoni berildi, shu yilgi qabuldan boshlab 5 ta fandan imtihon tizimiga o‘tilishi kerak edi.
Biroq pandemiya sabab imtihon istisno tariqasida faqat 2 ta mutaxassislik fanlaridan olingandi. 2021 yilgi abituriyentlar esa 5 ta fandan imtihon topshirgan birinchi avlod bo‘ldi.
Imtihon jarayonlari
2019 yildan boshlab abituriyentlar hujjat topshirgan OTM joylashgan hududda emas, balki o‘ziga qulay hududda imtihon topshirishi mumkin bo‘ldi.
Hozir-chi?
2023 yilgi qabul tugab, imtihonlar boshlanishiga ham oz fursat qoldi. Hozir abituriyentlar hujjat topshirishdan tortib to talaba bo‘lguncha OTMga borishmaydi (ijodiy imtihon topshiradigan abituriyentlar bundan mustasno, ular imtihon topshirish uchun OTMga borishadi). OTMga borib navbatda turib hujjat topshirgan oxirgi avlod abituriyentlari (2019 yil talaba bo‘lganlar) ham bu yil OTMni tugatishdi.
Qabuldagi uzun navbatlaru asabbuzarliklar esa faqat xotiralarda qoldi.
Zilola G‘aybullayeva tayyorladi
Manba: KUN.UZ