OTMga imtihonda eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar talaba uchun prezident granti tanlovi o‘tkaziladi


Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta'lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi ta'lim shakliga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar talabalar uchun prezident granti tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi oliy ta'lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi ta'lim shakliga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar talabalar uchun prezident granti tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi:

  • Prezident granti tanlovida ishtirok etuvchi talabgorlar toifasi uchun belgilangan talablar;
  • tanlovlarni ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan prezident granti uchun ajratilgan kvotaning ta'lim sohalari bo‘yicha taqsimotiga muvofiq alohida o‘tkazish;
  • talabgorlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va tanlovlarni o‘tkazish tartibi;
  • ekspert guruhlari tomonidan tanlovga tavsiya etilgan talabgorlarning umumiy ro‘yxatini tanlov yo‘nalishlari (ta'lim sohalari) kesimida shakllantirish;
  • talabgorlar uchun Davlat test markazi tomonidan xorijiy til va O‘zbekiston tarixi fanlari bo‘yicha maxsus test sinovlari o‘tkazish;
  • tanlov g‘oliblari o‘tkazilgan test sinovlari natijalariga ko‘ra ballar ketma-ketligiga qat'iy rioya etilgan holda, davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan kvotaga muvofiq aniqlash;
  • tanlovda g‘olib bo‘lgan talabalarga prezident davlat stipendiyalarini tayinlash.

Prezident granti tanlovida g‘olib bo‘lgan talabalarga prezident davlat stipendiyalarini tayinlash xarajatlarini moliyalashtirish 2021 yilda respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida idoraviy mansubligiga ko‘ra tegishli vazirlik va idoralarga ajratilgan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi, 2022 yildan boshlab - davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

Oliy ta'lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi ta'lim shakliga kirish imtihonlarida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar talabalar uchun prezident granti tanlovini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, tanlovda ishtirok etuvchi talabgorlar toifasiga quyidagi talablar belgilanadi: birinchi kursda barcha fanlarni “a'lo" baholarga o‘qigan bo‘lishi; o‘qiyotgan bakalavriat ta'lim yo‘nalishiga oid konferensiya (tanlov)larda ishtirok etgan bo‘lishi; davlat tili bilan bir qatorda kamida bitta xorijiy tilni (MDH mamlakatlari davlat tillaridan tashqari) va O‘zbekiston tarixini bilishi lozim.

Talabgorlarga tanlovda ishtirok etish uchun oliy ta'lim muassasasi rektori (direktori) tomonidan uning o‘qish davridagi yutuqlari, jumladan ilmiy-tadqiqot faoliyati, tashabbuskorligi, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirganligi, namunali xulq-atvorga, sohasi bo‘yicha zarur bilimga hamda respublikada olib borilayotgan islohotlarga o‘z fuqarolik pozitsiyasini bildira olish ko‘nikmalariga ega ekanligi kabi shaxsiy fazilatlari bo‘yicha tavsifnoma beriladi.

Tanlovlar ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan prezident granti uchun ajratilgan kvotaning ta'lim sohalari bo‘yicha taqsimotiga muvofiq alohida o‘tkaziladi. Talabgorlarni ro‘yxatdan o‘tkazish Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan “prezidentgranti.edu.uz" elektron tizimi orqali amalga oshiriladi.

Talabgorlar uchun Davlat test markazi tomonidan xorijiy til va O‘zbekiston tarixi fanlari bo‘yicha maxsus test sinovlari o‘tkaziladi. Test sinovlarida har bir fan bo‘yicha 50 tadan savol beriladi va har bir to‘g‘ri javob 2 ball bilan baholanadi. Bunda, to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball 200 ballni tashkil etadi. O‘tkazilgan test sinovlari natijalariga ko‘ra har bir fan bo‘yicha o‘tish balining quyi chegarasi 67 ballni tashkil etadi.

Prezidenti grant sovrindorlari ro‘yxati oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining buyrug‘iga asosan tasdiqlanadi. Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining buyrug‘i oliy ta'lim muassasalarining talabgorlarga prezident davlat stipendiyalarini tayinlash va to‘lash haqida tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishi uchun asos bo‘ladi.