Bugun Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti talabalari bilan uchrashdi. Uchrashuvda universitet rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev, taʼlim dargohi o‘qituvchilari va bo‘lg‘usi pedagog talabalar ishtirok etdi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuv davomida vazir bo‘lg‘usi pedagoglarning taʼlim tizimini rivojlantirish bilan bog‘liq takliflarini tinglab, fikr almashdi.
“Mening farzandlarimni kim tarbiyalayapti, ularga kim bilim beryapti degan savol Prezidentimizni qiynayapti. Shu sababdan bugun men oldinglarga qalbida o‘ti bor kadrlarni izlab, fikrlaringni eshitish uchun keldim. Faoliyatimizni muvaffaqiyatli tashkil qilishda sizlarning malakali va salohiyatli hamda xaridorgir kadr bo‘lib yetishishinglar juda muhim. Pedagogika universiteti kadrlari savodsiz bo‘lsa bu jamiyatga, kelajakka xiyonat bo‘ladi. O‘tmishda qilingan ishlardan xulosa qilib, kelajakka qarash kerak. Kelajakni qurishning asosiy poydevori bu sizlar, yaʼni pedagoglar", — dedi vazir.
Talabalardan biri nima sababdan bugun maktab o‘quvchilari repetitorsiz Oliy taʼlim muassasaga kira olmayapti degan savoliga, vazir shunday javob berdi:
“Aynan shu sababdan bugun men shu yerdaman, shuni sizlardan so‘ragani keldim. Farzandlarimizning ertaga maktab taʼlimining o‘zi bilan kifoyalanib, talaba bo‘lishlari siz bo‘lg‘usi pedagoglarning qo‘lida. O‘zgarishlarni bugun o‘zimizdan boshlashimiz kerak. Aybdor izlashdan foyda yo‘q. Siz ertaga maktablarimizda mana shunday o‘qituvchi bo‘lish bugundan harakat qilishingiz lozim. Maktablarimizga shijoatli, mahoratli va yuqori salohiyatli kadrlar kerak."
Do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuv qiziqarli bahs-munozaralarga boy bo‘ldi.