O‘qishni ko‘chirish uchun arizaga qanday sabab yozish kerak? To‘liq qo‘llanma


Bugungi kunda talabalarning oliy ta’lim muassasasini almashtirish istagi turli sabablarga ko‘ra yuzaga chiqmoqda. Kimdir xorijda yoki nodavlat universitetda boshlagan tahsilidan norozi bo‘lib, davlat OTMga o‘tmoqchi bo‘ladi. Yana kimdir o‘zi tanlagan yo‘nalishdagi imkoniyatlarni qayta baholab, kelajagini boshqa soha bilan bog‘lashni istaydi. Ba’zilar esa oila, sog‘liq, yashash manzilining o‘zgarishi yoki ish faoliyati bilan bog‘liq uzrli sabablarga ko‘ra o‘qish joyini yoki shaklini o‘zgartirish zaruratiga duch keladi.

Bunday holatlarda OTMga yoziladigan o‘qishni ko‘chirish arizasining “sabab” qismi eng muhim elementlardan biridir. Aynan shu bo‘limda sizning murojaatingizga qanday qaralishi, arizangiz qanchalik asosli ekanligi baholanadi. Sabablar qisqacha, tushunarli va haqiqatga asoslangan tarzda ifodalangan bo‘lishi kerak. Rasmiy uslubga rioya qilinishi va har bir jumla izchil, mantiqan asoslangan bo‘lishi lozim.

Quyida siz uchun o‘qishni ko‘chirishning turli holatlari bo‘yicha yozilishi mumkin bo‘lgan sabablar namunalari keltiriladi. Ular amaliy jihatdan ishlatishga tayyor bo‘lib, zarur bo‘lsa, o‘z holatingizga moslab tahrir qilishingiz mumkin.

Bu qo‘llanma quyidagi holatlarni qamrab oladi:

  • Xorijdan O‘zbekistonga o‘qishni ko‘chirish

  • Nodavlatdan davlat OTMga o‘tish

  • Ta’lim yo‘nalishini yoki shaklini o‘zgartirish

  • Turmush, harbiy xizmat yoki oilaviy holatlarga ko‘ra o‘qishni ko‘chirish

O‘qish joyini almashtirish hayotingizdagi muhim qaror. Ushbu qarorni rasmiylashtirishda sizga yordam beradigan bu material o‘qishni ko‘chirish arizangizga kuchli asos bo‘lib xizmat qiladi.

1. Xorijdan o‘qishni ko‘chirish uchun sabab

Sabablar:

  • Xorijdagi taʼlim tizimi menga mos emas.

  • Taʼlim sifati kutilgan darajada emas.

  • Diplomni Oʻzbekistonda nostrifikatsiya qilishda muammolar bo‘lishi mumkin.

  • Oʻzbekistonda o‘qishni davom ettirish istagim kuchli.

  • Oila sabablari, madaniy-muhitga moslashishda qiynalish.

Namuna matn:

“Men hozirda Rossiya Federatsiyasidagi .......... universitetida tahsil olmoqdaman. Biroq, xorijdagi ta’lim jarayonining o‘ziga xosliklari, til to‘siqlari va muhitga moslashishdagi qiyinchiliklar sababli o‘qishni davom ettirishda muammo yuzaga kelmoqda. Shuningdek, ushbu OTM diplomi keyinchalik O‘zbekistonda nostrifikatsiya qilinishi masalasida noaniqlik mavjud. Shu sababli o‘qishimni O‘zbekistondagi .......... universitetiga ko‘chirishni so‘rayman.”

2. Nodavlat OTMdan davlat OTMga o‘qishni ko‘chirish

Sabablar:

  • Davlat OTMda o‘qish istagi paydo bo‘ldi.

  • Ota-onam davlat OTMda o‘qishimni afzal bilishadi.

  • Nodavlat OTMda ta’lim sifati, sharoitlar yoki to‘lov miqdori meni qoniqtirmayapti.

Namuna matn:

“Men hozirda Toshkent shahridagi .......... nomli nodavlat OTMda tahsil olyapman. Biroq, taʼlim sifati va moddiy jihatlar (to‘lov miqdori, grant mavjud emasligi) meni qoniqtirmayapti. Ota-onam ham davlat OTMda ta’lim olishimni maqsadga muvofiq deb hisoblashmoqda. Shu sababli o‘qishimni davlat OTMga ko‘chirishim uchun amaliy yordam berishingizni so‘rayman.”

3. OTM ichida ta’lim yo‘nalishini o‘zgartirish

Sabablar:

  • Hozirgi yo‘nalish qiziqishimga mos emas.

  • Kelajakdagi kasb tanlovim boshqa soha bilan bog‘liq.

  • Yangi yo‘nalishda ijtimoiy talab yuqori.

  • Yangi yo‘nalishda o‘z salohiyatimni to‘liq namoyish eta olaman.

Namuna matn:

“Men hozirda ‘Amaliy matematika’ yo‘nalishida tahsil olyapman, biroq ushbu sohada o‘z kelajagimni tasavvur qila olmayapman. Mening qiziqishim asosan ‘Kompyuter injiniringi’ yo‘nalishiga qaratilgan. Ushbu soha bo‘yicha malakali kadrlar respublikada juda zarur. Shuning uchun yo‘nalishni o‘zgartirish orqali o‘z salohiyatimni to‘liq ro‘yobga chiqarishni maqsad qilganman.”

4. OTM ichida ta’lim shaklini o‘zgartirish (kunduzgi, kechki, sirtqi, masofaviy)

Sabablar:

  • Hozirgi ta’lim shakli turmush tarziga mos emas.

  • Ish faoliyati bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgan.

  • Transport, yashash joyidan uzoqlik kabi muammolar mavjud.

Namuna matn:

“Men hozirda kechki ta’lim shaklida tahsil olyapman. Ammo doimiy ravishda kechki payt universitetga qatnashda transport muammolari, xavfsizlik, shuningdek, dars vaqtlari oilaviy vazifalarimga mos kelmasligi sababli kunduzgi shaklga o‘tish istagim mavjud. Shu asosda ta’lim shaklini o‘zgartirishda yordam berishingizni so‘rayman.”

5. Uzrli sabablar bilan o‘qishni ko‘chirish

A) Davlat xizmatchisi yoki harbiy xizmatchining farzandi yoki turmush o‘rtog‘i

Namuna matn:

“Turmush o‘rtog‘im, Falonchiyev Falonchi Falonchiyevich, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Chirchiq shahridagi ......-sonli harbiy qismida xizmat qilgan. Ayni vaqtda u Jizzax viloyatidagi .....-sonli harbiy qismga xizmatga ko‘chirilganligi sababli men ham doimiy yashash manzilimni Jizzaxga o‘zgartirdim. Shu sababli o‘qishimni Jizzax davlat pedagogika institutiga ko‘chirishda amaliy yordam berishingizni so‘rayman. Tegishli hujjatlarni ilova qilaman.”

B) Turmush qurish munosabati bilan

Namuna matn:

“Men 10.07.2025-yil kuni Toshkent shahri, Yunusobod tumani, ....-ko‘cha, ....-uyda ro‘yxatda turuvchi fuqaro Falonchiyev Falonchi Falonchiyevich bilan turmush qurdim. Doimiy yashash manzilim endilikda Toshkent shahrida ekanligini inobatga olib, o‘qishimni Toshkentdagi O‘zMU Maktabgacha ta’lim yo‘nalishiga ko‘chirishimda amaliy yordam berishingizni so‘rayman. Nikoh guvohnomasi va ro‘yxat hujjatlari ilova qilinadi.”