2020-2021 o‘quv yili uchun bakalavriat va magistratura bosqichida o‘qishni onlayn yoki an'anaviy tarzda boshlash bo‘yicha qaror qabul qilish vakolati oliy ta'lim muassasalarining o‘zida qoldirilishi mumkin.
«Hozirgi vaziyat mutasaddilardan o‘ta ehtiyotkorlikni talab qiladi. Avvalo qabul qilinadigan qaror qanday natijalarni keltirib chiqarishini turli talqinlarda ko‘rib chiqish kerak. Hozir o‘ylamasdan qaror qabul qilib yuborilsa-yu, bu odamlar orasida kasallik ko‘payib ketishiga olib kelsa, keyin buni hech kim to‘xtata olmaydi.
Umuman, oliy ta'lim sohasini maktabgacha ta'lim yoki umumiy o‘rta ta'lim tizimi bilan solishtirib bo‘lmaydi. Bizda vaziyat xavfliroq.
Bilishimcha, bakalavriat va magistratura bosqichida o‘qishni onlayn yoki an'anaviy tarzda boshlash bo‘yicha qaror qabul qilish vakolati oliy ta'lim muassasalarining o‘zida qoldirilishi ham mumkin. Bunda OTM qaysi ta'lim yo‘nalishida o‘qishni onlayn davom ettirish yoki an'anaviy tarzda boshlash qarorini qabul qiladi. Masalan, talabalarga tarix fani bo‘yicha mavzularni masofaviy ham o‘qitsa bo‘ladi yoki tibbiyot yo‘nalishida an'anaviyga qaytish kerak, degandek.
Ikkinchidan, ota-onalar va talabalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari ham tayyor bo‘lgan. Ko‘rgan bo‘lsangiz, u yerda ishtirokchilar an'anaviy darslarni ko‘proq xohlashyapti. Bu borada shu hafta yakuniy qaror qabul qilinadi», dedi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi vakili.
Vazirlik axborot xizmati xodimi Bahriddin Shayvaliyev esa 2 noyabrdan boshlab barcha oliy ta'lim muassasalarida an'anaviy darslar boshlanishi bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarga o‘z munosabatini bildirdi.
«O‘qishni qaysi shaklda boshlash bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovnoma o‘z yakuniga yetdi va yakuniy qaror tez orada e'lon qilinadi.
Oliy ta'lim muassasalarida 2 noyabrdan boshlab an'anaviy darslar boshlanishi bo‘yicha tarqalayotgan xabarlar rasmiy asosga ega emas. Hozir istagan odam Telegram messenjerida kanal ochyapti va uni ommalashtirish uchun istagan xabarini e'lon qilyapti.
Qanday qaror qabul qilinganda ham talabalarga tayyorgarlik uchun ma'lum vaqt beriladi», – dedi u.