O‘z mutaxassisligi bo‘yicha 5 yillik stajga ega, lekin oliy ma’lumoti bo‘lmagan xotin-qizlar uchun 500 ta kvota ajratilishi haqida qaror loyihasi e’lon qilingandi. Biroq qaror hali qabul qilinmadi, qabul boshlanishiga esa oz qoldi. Kun.uz loyiha taqdiri haqida ma’lumot olish uchun Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi bilan bog‘landi.
Regulation.gov.uz'ga 7 apreldan 22 aprelga qadar muhokamaga qo‘yilgan "Mutaxassisligi bo‘yicha kamida besh yil mehnat stajiga ega bo‘lgan xotin-qizlarni oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish tartibini tasdiqlash haqida"gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida xotin-qizlarga qo‘shimcha kvota ajratilishi talablari va bosqichlari batafsil tushuntirilgan.
Loyiha qaysi bosqichda?
Qaror loyihasiga ko‘ra, xotin-qizlar 500 ta kvotaga da’vogar bo‘lish uchun Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining tavsiyanomasiga ega bo‘lishi kerak. Buning uchun esa talabgorlar doimiy yashash yoki vaqtincha ro‘yxatda turgan joyidagi tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlariga elektron shaklda har yili 1 maydan 1 iyunga qadar murojaat qilishi lozim.
Biroq bugun – 19 may. Loyihada ko‘rsatilgan tavsiyanoma berish muddati tugashiga atigi 12 kun qoldi.
1 iyundan 10 iyungacha esa tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlari tavsiyanomaga hujjat topshirgan xotin-qizlarning hujjatlarini ko‘rib chiqib, talabga javob berganlarga 15 iyungacha tavsiyanoma berishni tugatishi kerak. 15 iyundan OTMlarga onlayn ro‘yxatdan o‘tish boshlanadi va tavsiyanomasi borlar bu ma’lumotni o‘z shaxsiy kabinetlarida ko‘rsatishadi, DTM esa tavsiyanomalarni hisobga oladi.
Lekin hozir tavsiyanoma uchun hujjat topshirishning 20 kuni o‘tib bo‘ldi. Qaror esa hali qabul qilinmagan.
Oila va xotin qizlar davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Dilshoda Mirzajonovaning ma’lumot berishicha, hozir qaror Vazirlar Mahkamasida ko‘rib chiqilyapti va yaqin orada tasdiqlanishi kutilmoqda.
Dilshoda Mirzajonovaning aytishicha, ushbu tavsiyanomalarni berish bo‘yicha qo‘mitaning ishchi guruhi tuzilgan va ishchi guruh qaror tasdiqlanishi bilan tavsiyanomalar uchun hujjatlarni qabul qilib olib, vazifalarni bajarishga tayyor.
Tavsiyanoma berishga ulgurish mumkinmi?
Dilshoda Mirzajonova alohida ajratilayotgan 500 ta kvota yangilik bo‘lgani uchun bir qancha vazirliklar o‘zaro kelishib, normativ-huquqiy hujjatlarga mosligini o‘rganib chiqish va loyihaning tasdiqlanishi vaqt olishi uchun ham qaror qabul qilinishi kechikayotganligini ta’kidladi.
“Biroq qaror tasdiqlangach, tavsiyanoma berishga muddatida ulgurish uchun hududiy boshqarmalar bilan doimiy bog‘lanib turibmiz. Ularga viloyatlardagi oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yillik stajga ega bo‘lgan xotin-qizlar ro‘yxatini shakllantirish topshirig‘i berilgan", dedi qo‘mita mas’ul xodimi.
Kvotalar qanday taqsimlanadi?
Loyihada ajratiladigan 500 ta kvota qo‘mita va Davlat test markazi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda OTMlar kesimida taqsimlashi va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga kiritilishi lozimligi qayd etilgan.
Dilshoda Mirzajonovaning qayd etishicha, kvotalar hududlar va yo‘nalishlar kesimida taqsimlanishi ko‘zda tutilgan. Kvotalar taqsimoti loyihasi oxirgi bosqichda Qabul komissiyasi tomonidan tasdiqlagach, e’lon qilinadi.
Tavsiyanoma berish cheklanmagan, lekin kvota 500 ta
Bu qaror loyihasida qayd etilgan.
“Mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil ish stajiga ega bo‘lgan, oliy ma’lumotli bo‘lmagan xotin-qizlar murojaat qilganda ularning mezonlarga mos kelishi tekshirilib tavsiyanoma berilaveradi. Lekin tavsiyanoma olganlar ham kirish imtihonini topshiradi va ballari ketma-ketligiga ko‘ra tanlovda ishtirok etadi", deya ma’lumot berdi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi rasmiysi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, qaror loyihasi hali qabul qilinmagani uchun loyihada ko‘rsatilgan yoki o‘zi taqdim etgan ma’lumotlarda o‘zgarish bo‘lishi mumkin.
Yana nimalarni bilish muhim?
Eng avvalo, mazkur tartib bo‘yicha tavsiyanoma olib o‘qishga hujjat topshirmoqchi bo‘lgan va stajga ega bo‘lgan xotin-qizlar yangiliklardan xabardor bo‘lib turishi lozim. Sababi qaror qabul qilinsa, tavsiyanoma uchun hujjat olish boshlab yuboriladi.
Eng asosiysi esa tanlanayotgan yo‘nalish bo‘yicha tegishli fanlardan tayyorgarlik ko‘rishni unutmaslik lozim. Tavsiyanoma olish – talaba bo‘lishni anglatmaydi. Tavsiyanoma bilan ham baribir test topshiriladi, faqat natijalar alohida kvota doirasida hisoblanadi. Agar 500 ta kvotaga ball yetmasa, unda tavsiyanomali xotin-qizlarning ballari ham umumiy tartibda boshqa abituriyentlar bilan bir xil tartibda hisoblanadi. Ballar esa past bo‘lmasligi aniq.
Masalan, xalq ta’limi sohasida 156,2 ming nafar o‘rta-maxsus ma’lumotli o‘qituvchi ishlamoqda. 500 ta kvota bilan solishtirganda bu – juda katta raqam va asosiy raqobat pedagogika yo‘nalishlarida bo‘lishi mumkin.
Manba: KUN.UZ