Oliy ta’limda chet elliklar uchun yangi grant dasturi ishga tushiriladi


O‘zbekistonda “Yangi O‘zbekiston stipendiyasi” dasturi joriy etilib, har yili 500 nafargacha bo‘lgan iqtidorli chet el fuqarolariga davlat granti asosida oliy ta’lim olish imkoniyati yaratiladi.

Prezidentning oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishga qaratilgan farmoniga muvofiq, respublikada oliy ta’lim tizimini xalqaro darajada rivojlantirish va xorijiy talabalarni keng jalb etish bo‘yicha qator yangi choralar belgilandi.

Jumladan, davlat oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga ajratilgan, ammo to‘lmay qolgan grant kvotalari hisobidan “Yangi O‘zbekiston stipendiyasi” dasturi amalga oshiriladi. Ushbu dastur doirasida har yili 500 nafargacha bo‘lgan iqtidorli chet ellik yoshlarga O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida bepul ta’lim olish imkoniyati taqdim etiladi.

Shuningdek, 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab xorijiy talabalarni qabul qilish jarayoni yanada soddalashtirilib, amaldagi tartibga qo‘shimcha ravishda Study in Uzbekistan platformasi orqali qabul qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Yana bir yangilikka ko‘ra, ta’lim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar keyingi bosqichga hujjat topshirishda xorijiy tilni bilish bo‘yicha sertifikat taqdim etishdan ozod etiladi.

Bundan tashqari, oliy ta’lim tizimida global hamkorlikni kuchaytirish maqsadida Oliy ta’limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi tashkil etiladi. Shu bilan birga, raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish hamda yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tuzilmalar ham yo‘lga qo‘yiladi.

Mazkur chora-tadbirlar O‘zbekiston oliy ta’limi jozibadorligini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va iqtidorli yoshlarni jalb etishga xizmat qilishi kutilmoqda.