Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov Qarshi davlat universitetining iqtidorli talaba-yoshlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvda Abduqodir Toshqulov tizimda o‘z yechimini kutayotgan muammolarga to‘xtalib, oliy ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar xususida batafsil so‘z yuritdi. Tadbirda talabalarning magistratura mutaxassisligiga o‘qishga kirish uchun chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi malaka sertifikati majburiy qilinganligi to‘g‘risidagi savolga oliy ta’lim vazirining bergan javobi barchani xursand qildi.
– Shu savolga javob berish asnosida sizni yangi o‘zgarishdan xabardor qilmoqchiman, – dedi A.Toshqulov. – Joriy yilda magistraturaga o‘qishga kirish uchun mutaxassislik fanlaridan imtihonlarni bekor qilish tartibini ko‘rib chiqyapmiz. O‘zi shunday ham talaba 8 semestr davomida mutaxassislik fanlaridan kerakli ko‘nikma va bilimni egallaydi. Magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha o‘qishga kirish uchun chet tilini bilish darajasi to‘g‘risidagi malaka sertifikati hamda bakalavr diplomining o‘rtacha bali hisobga olinadi. Hozirda ushbu taklif o‘rganilyapti.
Muloqotda, shuningdek, san’atshunoslik ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun ham alohida davlat stipendiyalarini tashkil qilish, bakalavriat bosqichida xorijiy tillarni o‘rganish bo‘yicha o‘quv soatlarini ko‘paytirish, madaniyat va san’at muassasalarini tashkil etish, xorijiy tillarni o‘rgatishga moslashgan volontyorlik markazlarini ochish, koreys tilini ikkinchi chet tili sifatida o‘quv rejaga kiritish kabi bir qator masalalar yuzasidan takliflar o‘rtaga tashlandi.
O‘z navbatida A.Toshqulov bildirilgan taklif va tashabbuslarni o‘rganib chiqilishini ma’lum qildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA