Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi oliy ta’lim tashkilotlarining milliy reytingini yuritish tartibini belgilaydigan nizom loyihasini ishlab chiqdi.
Loyihaga ko‘ra, milliy reytingda tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, tashkil etilganiga kamida uch yil bo‘lgan va bitiruvchilari mavjud oliy ta’lim tashkilotlari ishtirok etadi. Bunda oliy harbiy va harbiylashtirilgan, ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari mustasno qilinadi.
Hujjatda qayd etilishicha, reyting agentlikning maxsus dasturiy ta’minoti — maxsus platforma orqali yuritiladi. Ma’lumotlar tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlari, oliy ta’lim tashkilotlarining o‘zi taqdim etadigan ma’lumotlar hamda xalqaro ma’lumotlar bazalari asosida shakllantiriladi. Ma’lumot manbasi va verifikatsiya usullari platformada ko‘rsatilishi shart.
Oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan kiritiladigan ma’lumotlar har yili 1 fevralga qadar platformaga joylanishi lozim. Muddatda kiritilmagan ma’lumotlar reytingni shakllantirishda inobatga olinmasligi, kiritilgan ma’lumotlarning ishonchliligi va o‘z vaqtida taqdim etilishi uchun tashkilot rahbari shaxsan javobgar ekani belgilangan.
Loyihada umummilliy so‘rovnoma natijalarini ham reytingda inobatga olish nazarda tutilgan. So‘rovnoma har yili 1 iyunga qadar o‘tkazilib, unda talabalar, professor-o‘qituvchilar hamda ish beruvchilar ishtirok etishi mumkin. So‘rovnoma natijalari oliygohda talabalar va professor-o‘qituvchilarning kamida 20 foizi qatnashgan taqdirda hisobga olinadi.
Milliy reyting kontingentga qarab oliygohlarni toifalarga ajratgan holda yuritilishi ko‘zda tutilgan. Toifalar ijtimoiy-gumanitar fanlar, amaliy fanlar, tibbiyot fanlari va ijod (sport) yo‘nalishlari bo‘yicha belgilanadi. Toifalash har yili iyul oyiga qadar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan aniqlanishi ko‘rsatilgan.
Reyting natijalari belgilangan mezonlar asosida ball to‘plash orqali hisoblanadi va har yili 31 oktyabrga qadar agentlik rasmiy veb-sayti hamda OAVda e’lon qilinadi. Shuningdek, yolg‘on ma’lumot taqdim etilgani bo‘yicha asosli shubha va dalillar mavjud bo‘lsa, tegishli reyting yili uchun natijalar bekor qilinishi va materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilishi mumkin.
Natijalarga nisbatan oliy ta’lim tashkilotlari e’lon qilingan kundan boshlab 10 ish kuni ichida agentlikka yozma yoki elektron shaklda murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladi. Murojaatlar 15 ish kunida ko‘rib chiqilishi belgilangan.