Oliy ta’lim muassasalariga qabul bu yil qanday o‘tdi: tahlil va takliflar


O‘zbekistonda 2018-2019-o‘quv yili uchun kirish test sinovlari 1-13-avgust kunlari kunduzgi, maxsus sirtqi va kechki ta’lim shakllari bo‘yicha jami 79 ta oliy ta’lim muassasalari, jumladan, 60 ta OTM va 19 ta OTM filiallari uchun bo‘lib o‘tdi. 17-20-avgust kunlari esa sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha 44 ta OTM va 8 ta OTM filiallarida bo‘lib o‘tdi.

Barcha ta’lim shaklllari bo‘yicha OTMlarga abituriyentlardan 814 mingdan ortiq ariza kelib tushdi. Barcha ta’lim shakllari bo‘yicha 721 mingdan ortiq abituriyentlar test sinovlarida qatnashgan bo‘lsa, 22 mingdan ortiq abituriyentlar turli sabablarga ko‘ra (umuman kelmagan yoki kech qolib kelgan) test sinovlarida qatnashmadi. Qoida buzganligi sababli 2700 dan ortiq abituriyentlar test sinovlaridan chetlashtirildi.

Oldingi test sinovlari va 2018-yili bo‘lib o‘tgan test sinovlari o‘rtasida qanday o‘zgarishlar va farqlar bor? Yangi tizim haqiqatdan ham yaxshimi? Bu borada yana qanday o‘zgarishlar qilish mumkin?

Mana shunday savollarga javob topish uchun dastlab oldingi va hozirgi tizimni o‘zaro taqqoslashga harakat qilib ko‘ramiz.

1. Hujjatlarni qabul qilish. Oliy ta’lim muassasalariga hujjatlarni qabul qilish jarayonida deyarli hech qanday o‘zgarish yo‘q. Faqatgina Toshkent davlat yuridik universitetiga qabul jarayoni sinov tariqasida Davlat xizmatlari markazlari (DXM) orqali qabul qilindi. Ushbu xizmat Respublikaning barcha tuman va shaharlarida yo‘lga qo‘yildi. Ushbu xizmatning afzalliklari haqida post oxirida alohida to‘xtalamiz.

2. Test sinovlarini o‘tkazish muddati. Oldin test sinovlari faqat bir kunda, 1-avgust kuni 09:00 dan 12:20 gacha davom etar edi. 2018-yili esa test sinovlari 15 kun davomida, ya’ni 1-avgustdan 15-avgustgacha ikki smenada o‘tkazildi. Birinchi smenada test sinovlari 08:00 da boshlanib, 11:00 da yakunlandi, ikkinchi smenada esa 15:00 da boshlanib, 18:00 da yakunlandi.

3. Test sinovlari bo‘lib o‘tadigan bino. Oldingi tizimda test sinovlari Respublika bo‘yicha 1000 dan ortiq binolarda, xususan, oliy ta’lim muassasalari, akademik litsey, kollej va maktab binolarida 30 yoki 60 kishilik guruhlardan tashkil topgan auditoriyalarda bo‘lib o‘tar edi. Auditoriyalardagi vaziyatni umumiy holda kuzatib borish imkoni bo‘lmagani uchun jarayonni nazorat qilish juda qiyin edi. Shuning uchun har yili test sinovlarida nohaqliklar ro‘y bergani haqida shikoyatlar ko‘p tushardi. Bundan tashqari oldingi tizimda ta’lim tili va test topshirish grafikasi turlicha bo‘lgan abituriyentlar turli auditoriyalarda test sinovlari topshirgan. Bu esa qo‘shtirnoq ichidagi guruhlar shakllanishiga zamin yaratgan. Misol uchun, kirill grafikasida test topshiruvchilar juda kam bo‘lib, odatda bitta yoki ikkita guruhni tashkil etar edi xolos. O‘z-o‘zidan ular alohida auditoriyada test topshirar edi. Hozirgi tizimda auditoriya tushunchasi butunlay olib tashlangan bo‘lib, shartli guruhlar mavjud. Ya’ni test sinovlari bo‘lib o‘tadigan binolar guruhlarga ajratilgan va bu barcha guruhlardagi vaziyatni umumiy holda ko‘rib turish va nazorat qilish imkonini beradi. Chunki test sinovlari Toshkent shahridagi «O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazmalar majmuasi pavilonlarida va uning hududida o‘rnatiladigan qo‘shimcha yig‘ma pavilonlarda, shuningdek, olimpiya zaxiralari kollejlari yoki boshqa tashkilotlarning katta sig‘imdagi binolarida o‘tkazildi. Mazkur binolarda har bir guruh uchun alohida videokamera, qo‘shimcha tarzda binoni to‘liq kuzatib borish uchun maxsus aylanma videokameralar qo‘yilgan bo‘lib, test jarayoni videokuzatuv ostida bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, ota-onalar uchun alohida joylar tayyorlangan bo‘lib, ota-onalar abituriyentlarning test topshirish jarayonini kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Hattoki, test jarayonini TV yoki internet orqali onlayn ko‘rish imkoniyati ham yaratildi.

4. Test sinovlarida ishtirok etuvchilar. Oldingi tizimdan farqli o‘laroq hozirgi tizimda test sinovlari bo‘lib o‘tadigan binoga faqatgina guruh nazoratchisi, bino rahbari va DTM vakili kirishi mumkinligi belgilandi.

  • Bunda guruh nazoratchisi Davlat test markazi bilan tuzilgan shartnoma asosida test sinovlarida ishtirok etadi va shartnomada belgilangan vazifa va majburiyatlarni bajaradi. Bino rahbari va DTM vakili Davlat test markazi direktorining buyrug‘i bilan tayinlanadi.
  • 2018-yili bo‘lib o‘tgan test sinovlarida binolar soni oldingidek ko‘p bo‘lmagani uchun har bir binoda Davlat test markazi xodimi test sinovlariga umumiy rahbarlik qilib borgani test sinovlarining sifatli va adolatli o‘tishida eng muhim omillardan biri bo‘ldi.

5. Abituriyentlarni hududga va binoga kiritish. Abituriyentlarning hududga yoki binoga taqiqlangan vositalarni olib kirishga urinish holati aniqlansa, abituriyent shu zahoti test sinovlaridan chetlashtirildi. Binoga kirishda shaxsni identifikatsiyalash vositalari hamda videofiksatsiya qurilmalari orqali abituriyentning o‘rniga kirishga urinish holatlari aniqlandi va ularning oldi olindi.

6. Test savollari soni va ularga ajratilgan vaqt. Oldingi test tizimida har bir fan bo‘yicha 36 tadan test savollari bo‘lib, jami uchta fan bo‘yicha 108 ta test savollari bo‘lar edi. Bunda test savollari bilan ishlash uchun har bir fanga 1 soatdan, ya’ni bitta fan uchun 1 soat, ikkita fan uchun 2 soat, uchta fan uchun 3 soat vaqt berilgan. Javoblar varaqasida javoblarni bo‘yash uchun esa qo‘shimcha 20 minut vaqt ajratilgan. Jami bo‘lib test sinovlari uchun 3 soatu 20 minut vaqt belgilangan. Hozirgi test tizimida esa har bir fan bo‘yicha 30 tadan test savollari bo‘lib, uchta fan bo‘yicha jami 90 ta test savollari bo‘ladi. Bunda har bir fan uchun 1 soatdan vaqt ajratilgan bo‘lib, mazkur vaqt javoblar varaqasini bo‘yash vaqtini ham o‘z ichiga oladi.

7. Test savollari bazasi. Joriy yilda test savollari bo‘yicha ham bir qator o‘zgarishlar amalga oshirilganiga guvoh bo‘lish mumkin.

8. Natijalarni e’lon qilish. Avvalgi yillarda test natijalari 15-avgustdan so‘ng, boshqacha qilib aytganda test sinovlari bo‘lib o‘tgan kundan kamida 15 kundan keyin e’lon qilinar edi. Abituriyentlar sonining yildan yilga ortib borishi natijasida mazkur muddat yanada ortib borayotgan edi. Natijalarni uzoq muddatda e’lon qilinishiga asosiy sabab skaner qurilmalarining zamon talabiga mos emasligi edi

9. Alohida iqtidor talab etuvchi abituriyentlar va chet el fuqarolari. 2018-yildan boshlab chet el fuqarolari test sinovlarisiz suhbat asosida (oliy ta’lim muassasasi tomonidan) oliy ta’lim muassasalariga qabul qilindi. Alohida iqtidor talab etuvchi yo‘nalishlardan test sinovlari olib tashlandi va mazkur yo‘nalishlarga hujjat topshirgan abituriyentlar kasbiy (ijodiy) imtihonlar (oliy ta’lim muassasasi tomonidan) orqali o‘qishga qabul qilindi.

2017-yili bo‘lib o‘tgan test sinovlarida 16 mingdan ortiq test topshiriqlaridan foydalanilgan bo‘lsa, 2018-yilgi test sinovlarida 170 mingdan ortiq test topshiriqlaridan foydalanildi. Oldingi yil bilan solishtirganda joriy yilgi test sinovlarida qo‘llanilgan testlar soni qariyb 11 barobar ko‘p ekaniga guvoh bo‘lish mumkin. Bunday katta baza yaratilishiga asosiy sabab, savollar takrorlanmasligini ta’minlash maqsadida test sinovlari bo‘lib o‘tadigan har bir kun uchun alohida test savollari bazasi yaratilganidir.

Hozirgi tizimda test natijalari test sinovi bo‘lib o‘tgan kunning ertasigayoq e’lon qilindi. Bunga abituriyentlarning 15 kunga taqsimlanishi va test savollarini tekshirish jarayoniga zamonaviy skaner qurilmalarining tadbiq etilishi natijasida erishildi. Faqatgina harbiy tavsiyanomaga ega abituriyentlarning ikkinchi OTM bo‘yicha natijasi, harbiy xizmatchilarning farzandlari va nogironligi bo‘lgan abituriyentlarning natijalari 15-avgustdan so‘ng e’lon qilindi.

2018-yilgi test sinovlarida abituriyentlarga berilgan imtiyozlarda ham bir qator qo‘shimcha va o‘zgarishlar mavjud. Lekin imtiyozlar soni ko‘p va buning o‘zi katta bir mavzu.

Kelgusidagi o‘zgarishlar

Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini yanada takomillashtirish maqsadida keyingi yili bo‘lib o‘tadigan test sinovlarida ham ko‘plab o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda.

Ulardan biri OTMlarga o‘qishga kirish uchun arizalarni DXMlar orqali qabul qilishdir. Ushbu xizmat joriy etilsa, abituriyentlar istalgan tuman yoki shahardagi DXMlardan biriga borib ariza topshirishi mumkin bo‘ladi. Bunda abituriyent ariza topshirish uchun DXMga pasport va o‘rta maxsus ma’lumoti to‘g‘risidagi diplom yoki attestat bilan murojaat qilishi yetarli. Test sinovlari bo‘lib o‘tib, natijalar chiqqanidan so‘ng esa o‘qishga kirgan abituriyentlar kerakli hujjatlarni yig‘ib OTMga taqdim etadi. Ungacha abituriyentlardan hech qanday hujjat olinmaydi.

Arizalarni DXM orqali qabul qilishning ikkita afzalligini alohida keltirib o‘tish lozim.

Birinchisi, uzoq masofaga borib kelishga hojat qolmaydi va ortiqcha sarf-harajatni oldi olinadi.

Ikkinchisi, barcha abituriyentlar hujjatini oliy o‘quv yurtlarida saqlashga hojat qolmaydi. Bu ham abituriyentlarga ham OTM larga juda foydali. Chunki hozirgi holatda barcha abituriyentlar Nizomda belgilangan hujjatlarni yig‘ib OTM ga taqdim etadi. Test sinovlari bo‘lib o‘tib, natijalar chiqqanidan so‘ng, o‘qishga kira olmagan abituriyentlar yana OTM larga borib hujjatlarini qaytib olishi kerak bo‘ladi. OTMlar esa abituriyentlar hujjatlarini olib ketguniga qadar yillar davomida mazkur hujjatlarni arxivda saqlaydi. O‘qishga qabul qilingan abituriyentlarning hujjatlarini esa barcha hujjatlar orasidan ajratib chiqadi.

Bundan tashqari, 2019-yildan boshlab abituriyentlar bir nechta oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi mumkin bo‘ladi. O‘ylashimcha, bu barcha uchun juda yaxshi yangilik. Misol uchun, joriy yilda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU)ning «Axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasida kasb ta’limi» yo‘nalishida (ruscha ta’lim shaklida) qabul chegarasi 71 ballni tashkil etdi (davlat granti 93.9). TATUning Samarqand filialida esa birinchi o‘rinda o‘qishga qabul qilingan abituriyent 67.2 ball to‘plagan. Birorta abituriyent davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinmagan, kvotalar bo‘sh qolib ketgan. Agar TATUga hujjat topshirgan abituriyentlar hujjat topshirayotganda TATUning Samarqand filialini ham tanlagan bo‘lganlarida kvotalar bo‘sh qolib ketmagan bo‘lar edi va nisbatan bilimliroq bo‘lgan abituriyentlar o‘qishga qabul qilingan bo‘lar edi.

Keyingi yildan qabul kvotalari bo‘yicha ham o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Ya’ni to‘lov-kontrakt bo‘yicha qabul kvotalari bosqichma-bosqich bekor qilinadi. Aniqroq qilib aytganda, davlat granti asosida o‘qishga qabul qilish uchun kvotalar Hukumat qarori bilan tasdiqlanishi mumkin. To‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish uchun kvotalarni esa OTM o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda mustaqil ravishda belgilaydi.

Tavsiyalar

Shu o‘rinda oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarida qanday o‘zgartirishlar qilish to‘g‘risida o‘zimning shaxsiy fikrimni va takliflarimni bildirib o‘tmoqchiman.

Oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarini ikki bosqichli qilish. Birinchi bosqichni OTMlar tomonidan og‘zaki yoki yozma tarzda o‘tkazish. Ikkinchi bosqichni esa Davlat test markazi tomonidan test sinovlari asosida o‘tkazish. Joriy yilda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida qabul shu tartibda bo‘ldi.

Testdagi har bir fan uchun minimum yig‘ish kerak bo‘lgan ballni belgilash. Masalan, 1-blok uchun 27,9 ball, 2-blok uchun 18,9 ball, 3-blok uchun 9,9 ball. Boshqacha qilib aytganda har bir fan bo‘yicha jami test savollarining 30 foizini to‘g‘ri topishi kerak bo‘ladi. Hozirgi holatda 1-blokdan 20 testni to‘g‘ri topsa 62 ball yig‘adi. Ayrim yo‘nalishlarda kirish bali 56.7 ballni tashkil etmoqda. Demak, mazkur abituriyent boshqa fanlarni bilishi ham shart emas!!! Aslida minimum yig‘ish kerak bo‘lgan ballni yuqoriroq belgilasak ham yomon bo‘lmas edi.

Test sinovlarida barcha ta’lim yo‘nalishlari uchun mutaxassislik fanlaridan tashqari ona tili va adabiyot, mantiq va matematika fanlari bo‘yicha murakkab bo‘lmagan test sinovlarini joriy etish. Bu narsa abituriyentning hisob-kitob, til va mantiq kabi asosiy bilim va ko‘nikmalarni ham o‘rganishini ta’minlaydi.

Abituriyentni faqat xotirasini tekshirishga qaratilgan savollar emas, balki fikrlash qobiliyatini ham tekshirishga qaratilgan savollarni ko‘paytirish. Misol uchun, tarix fanida nima, kim, qachon, qayer kabi mazmundagi savollar emas, qanday qilib, nima uchun kabi mazmundagi savollar qo‘yilsa. Yoki turli manbalarda berilgan ma’lumotlarni o‘zaro bog‘lagan holda to‘g‘ri javobni topish mumkin bo‘lgan savollar bo‘lsa. Demoqchimanki, abituriyentlar faqat savolni yodlash bilan cheklanib qolmasin, fikrlash qobiliyatini rivojlantirsin. Biror narsani o‘qib o‘zi xulosa chiqara olsin.

Notog‘ri javob belgilangan testlar uchun ball olib tashlash. Shunda abituriyentlar faqatgina o‘zi aniq bilgan testlarini belgilab, qolganini belgilamasdan qoldirar edi. Axir hech kim taxminan belgilangan testlar orqasidan ball yo‘qotishni xohlamasa kerak.

OTMlar va soha korxonalari o‘rtasida faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yish lozim. Soha korxonalari o‘ziga qanday kadrlar kerak ekanini, ular nimalarni bilishi kerak ekanini, qanday talablarga javob berishi kerak ekanini OTMlarga bildirsa, OTMlar mazkur talablarni inobatga olgan holda talabalarga ta’lim bersa va korxonalar OTMni tamomlagan talabalarni imtihon asosida (sinov muddati berishdan oldin) ishga qabul qilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Siz qanday fikrdasiz? Oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarida yana qanday o‘zgarishlar qilish kerak deb hisoblaysiz?

Jamshidbek Odilov

Manba: sof.uz