Avvalgi maqolada yurtimizdagi oliy harbiy bilim yurtlari haqida ma'lumot berib o‘tgan edik. Ushbu havola orqali tanishib chiqing: O‘zbekistondagi Oliy harbiy ta’lim muassasalari
Oliy harbiy bilim yurti bitiruvchilari oliy harbiy ma’lumot, oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom va Davlat ta’lim standartiga mos fuqarolik mutaxassisligiga ega bo‘lishadi.
Bilim yurtlariga o‘qishga kirish istagini bildirgan shaxslar o‘qishga qabul yilining 1 fevralidan 1 apreligacha yashash joyidagi tuman yoki shahar mudofaa ishlari bo‘limiga (muddatli va kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilar qism komandirlarining nomiga raport) ariza beradilar. Arizada (raportda) familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili va oyi, turar joyining manzilgohi, harbiy bilim yurtining nomlanishi ko‘rsatiladi.
Arizaga tarjimai hol, ish joyi yoki o‘qish joyidan tavsifnoma, o‘rta ma’lumoti haqidagi hujjatning nusxasi, uchta fotosurat (bosh kiyimsiz, 4,5x6 sm o‘lchovda) ilova qilinadi.
Pasport, harbiy guvohnoma yoki harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnoma, o‘rta ma’lumoti haqidagi hujjatning asl nusxasi nomzod tomonidan harbiy bilim yurtining qabul qomissiyasiga ko‘rsatiladi.
Tibbiy ko‘rik, kasbiy-ruhiy va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha tanlov Mudofaa vazirligining qabul komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi. Jismoniy qobiliyatlarning bahosi quyidagicha parametrlar bo‘yicha aniqlanadi:
- kuch (turnikda tortilish, 8-12 marta);
- chidamlilik (kross – 3000 m, 12.40-14.00 daqiqa);
- tezlik (yugurish – 100 m, 14.00-15.00 soniya).
Bilim yurtiga o‘qishga kiruvchilar tibbiy ko‘rik, kasbiy-ruhiy va jismoniy tanlovlardan o‘tganlaridan so‘ng 5 iyul kuni quyidagi fanlar bo‘yicha Davlat test sinovini topshiradilar:
- matematika;
- fizika;
- ona tili va adabiyot;
- chet tili.
O‘qishga kirishdagi qo‘shimcha imtiyozlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 4 apreldagi PQ-2867-sonli Qaroriga asosan Qurolli Kuchlarda muddatli harbiy xizmatni o‘tab, harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasiga ega bo‘lgan fuqarolarga barcha mutaxassisliklar bo‘yicha bakalavrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishlarida test sinovlari natijasiga ko‘ra o‘zlari to‘plagan ballning 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ballar qo‘shib berish imtiyozi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 12 apreldagi 170-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari serjantlarining maqomi to‘g‘risidagi" qaroriga asosan 5 yil davomida serjantlar tarkibi lavozimlarida benuqson xizmat qilgan harbiy xizmatchilarga test sinovlarida to‘planishi mumkin bo‘lgan eng ko‘p ballning 20 foizi miqdorida qo‘shimcha imtiyoz beriladi hamda “Eng ilg‘or serjant" tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari oliy harbiy ta’lim [XWTC-35FU-X88B] muassasalariga tanlov (konkurs)dan tashqari qabul qilinadilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1993 yil 5 fevraldagi PF-555-son Farmoni va Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risida"gi 2008 yil 13 oktyabrdagi 226-sonli Qaroriga muvofiq, tegishli vazirlik yoki idora tomonidan belgilangan tanlovdan (yakuniy tibbiy tekshiruv, ruhiy tanlov, jismoniy tayyorgarlik sinov va hakozalar) o‘tgan Xalqaro va Respublika fan olimpiadalari g‘oliblari tegishli oliy harbiy ta’lim muassasalariga mutaxassislik yo‘nalishining asosiy faniga muvofiqligi bo‘yicha Davlat komissiyasining qarori bilan o‘qishga test sinovlarisiz qabul qilinadilar.
Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 17 fevralidagi 21-sonli qaroriga muvofiq oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kiruvchi harbiy-akademik litseylarning bitiruvchilariga ular to‘plagan ballar soniga qo‘shimcha eng ko‘p yig‘ish mumkin bo‘lgan ballning 10 foizi miqdorini qo‘shish yo‘li bilan imtiyozli qabul shartlari beriladi.
2012 yil 26 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 277-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy harbiy ta’lim muassasalariga tinglovchi va kursantlarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizom"ga asosan oliy harbiy ta’lim muassasalariga xizmat vazifalarini bajarish vaqtida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining farzandlari tibbiy tekshiruv natijalariga hamda tegishli vazirlik va idora rahbarining tavsiyanomasiga asosan Davlat komissiyasining qarori bilan Oliy harbiy ta’lim muassasiga tanlovdan tashqari test sinovlarisiz qabul qilinadi.
Manbaa: mudofaa.uz