Oliy harbiy ta’lim muassasalariga nomzodlarni o‘qishga qabul qilish tartibi tasdiqlanadi


Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalariga nomzodlarni tanlash, o‘qishga qabul qilish, kursantlarni o‘qishdan chetlashtirish va qayta tiklash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Oliy harbiy ta’lim muassasalariga nomzodlarni tanlash, o‘qishga qabul qilish, kursantlarni o‘qishdan chetlashtirish va qayta tiklash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, oliy harbiy ta’lim muassasalari kursantlari kontingentini sifatli butlash uchun bosqichma-bosqich quyidagi tanlash tadbirlari amalga oshiriladi:

  • harbiy-professional yo‘nalish;
  • dastlabki tanlash;
  • test sinovlari.

Bir bosqichdan muvaffaqiyatli o‘ta olmagan nomzodlar keyingi bosqichga qo‘yilmaydi.

Oliy harbiy ta’lim muassasalariga qabul qilish tanlov, teng huquqlilik va qabul qilishning yagona qoidalari asosida amalga oshiriladi.

Oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun nomzodlar prezident qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston fuqarolarining harbiy xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan talablarga javob berishi zarur.

Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutiga o‘qishga kirish uchun nomzodlar prezidentning “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa sohasida ofitser kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori talablariga va Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasiga o‘qishga kirish uchun nomzodlar prezidentning “Harbiy tibbiyot sohasida kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori talablariga javob berishlari kerak.

Nomzodlar, ularning ota-onalari oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishidan oldin oliy harbiy ta’lim muassasalari rahbariyati tomonidan o‘qishni tamomlagach dastlabki kontrakt talablarini bajarmagani sababli rezervga bo‘shatilishi, kontrakt muddatidan ilgari bekor qilinishi yoki sodir etgan jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etilishi holatlarida moddiy mas’ulligi to‘g‘risida yozma ravishda ogohlantiriladi.

Oliy harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishni sifatli tashkil etish maqsadida oliy harbiy ta’lim muassasalariga ega bo‘lgan manfaatdor vazirliklar va idoralar tomonidan belgilangan tartibda oliy harbiy ta’lim muassasalari qabul komissiyasi tashkil etiladi.

Qabul komissiyasiga oliy harbiy ta’lim muassasalarining boshlig‘i rahbarlik qiladi. Qabul komissiyasi tarkibiga vazirliklar va idoralarning tegishli tarkibiy tuzilmalari mutaxassislari kiritiladi.

Qabul komissiyasi qabul yilining 10 martidan 1 sentyabriga qadar faoliyat yuritadi.