Shu kunlarda Mudofaa vazirligi tasarrufidagi oliy harbiy taʼlim muassasalarida bitiruvchi bosqich kursantlarining davlat imtihonlarini topshirish jarayoni qizg‘in pallaga kirgan. Barcha sinovlar belgilangan karantin qoidalariga qatʼiy rioya etilgan holda amalga oshirilmoqda.
Qurolli Kuchlar akademiyasida o‘tkazilayotgan davlat imtihonlarida bitiruvchilarning 4 yil davomida olgan nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazilmoqda. Chet tili, gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlardan davlat imtihonlari yirik auditoriyalarda o‘tkazilayotgan bo‘lsa, muhandislik taʼminoti, otish va taktik maxsus tayyorgarlik, radiatsion, kimyoviy va biologik himoya qo‘shinlari taktikasi singari fanlar bo‘yicha sinovlar dala-o‘quv poligonida tashkil etilmoqda. Barcha imtihonlar pandemiya sharoitida o‘rnatilgan karantin qoidalari asosida, ijtimoiy masofani saqlagan holda, tibbiyot niqobi, antiseptik vositalardan foydalanish orqali tashkil etilmoqda.
Bo‘lajak leytenantlar axloqiy-ruhiy taʼminot, harbiy pedagogika va psixologiya, kiyim-kechak, oziq-ovqat, yoqilg‘i-moylash materiallari taʼminotini tashkillashtirish, muhandislik, qurol-aslaha, mashinalarni ekspluatatsiya qilish va taʼmirlash kabi fanlar bo‘yicha topshiriqlarni ham aʼlo darajada bajarmoqda.
Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti bitiruvchilari ham belgilangan karantin qoidalariga rioya etgan holda davlat imtihonlarini topshirmoqda.
O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Umumharbiy nizomlari va boshqaruv hujjatlari, taktik maxsus, jismoniy tayyorgarlik va sport, harbiy texnik, harbiy maxsus tayyorgarlik va kriptografik himoya vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish, gumanitar va ijtimoiy-iqtisodiy fanlar bo‘yicha imtihonlar bitiruvchilarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarini yuzaga chiqarmoqda.
– Bitiruvchi kursantlar davlat imtihonlarini qabul qiluvchi komissiya oldida 5 yil davomida malakali professor-o‘qituvchilar, ofitserlarlan olgan bilimlarini mahorat bilan namoyish etmoqda, – deydi tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar organi ofitseri kapitan Sherqo‘zi Hakimov. – Ishonamizki, bitiruvchilarimiz Qurolli Kuchlarimiz qo‘shinlari tarkibida yangicha innovatsion g‘oyalari bilan milliy armiyamiz qudrati va salohiyatini yuksaltirish, axborot-kommunikatsiya sohasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga o‘z hissalarini qo‘shadi.
Chirchiq oliy tank qo‘mondon-muhandislik bilim yurtida ham ayni jarayon davlat imtihonlarini qabul qilish bo‘yicha shakllantirilgan jadvalga asosan olib borilmoqda. Kursantlarning o‘tgan yillar davomida harbiy, ilmiy, tabiiy, gumanitar fanlardan olgan bilimlari oshkora, shaffof va xolisona baholanmoqda. Imtihonning barcha jarayonlari video kuzatuv moslamalari orqali to‘liq yozib olinyapti.
Psixologik operatsiyalarni olib borish asoslari, bo‘linmalarning texnik taʼminoti, zenit komplekslarining tuzilishi va ishlatilishi, otish, razvedka va taktik maxsus tayyorgarligi, quruqlikdagi qo‘shinlar havo hujumidan mudofaa bo‘linmalarining taktikasi, maxsus vositalar, ekipirovka va anjomlar kabi fanlardan tuzilgan topshiriqlar kursantlardan aniqlik, sinchkovlik va ziyraklikni talab etyapti.
– Bilim yurtimizdagi malakali ustoz-murabbiylarimizdan nafaqat o‘quv fanlari, balki harbiy xizmatchi faoliyatida zarur bo‘lgan insoniy fazilatlar, ko‘p yillik tajriba va saboqlarni o‘rgandik, – deydi ushbu bilim yurtining 4-bosqich kursanti Telman Badalov. – O‘qish davomida o‘z iqtidorimizni namoyon etib, turli ko‘rik-tanlov va fan olimpiadalarida faxrli o‘rinlarni egalladik. Yurtimizda kechayotgan pandemiya sharoiti bizning yuqori va jangovar ruhiyatimiz yoki imtihonlarni aʼlo baholarga topshirimizga taʼsir o‘tkazgani yo‘q. Ayni kez barcha o‘rgangan bilimlarimizni sarhisob qiluvchi masʼuliyatli va hayajonli palla. Savollar o‘tilgan fanlardagi mavzular asosida tuzilgan. Bu yerda olgan jamiki bilim va ko‘nikmalarimiz kelgusida ofitser sifatida qo‘shinlardagi faoliyatimizda asqotishiga ishonaman.
O‘zbekiston oliy harbiy aviatsiya bilim yurtida ham bitiruvchi bosqich kursantlarining davlat imtihonlari qizg‘in davom etmoqda. Jarayonni kuzata turib, professional armiya tarkibini mustahkamlashda zamonaviy va strategik fikrlaydigan, yuqori malakali ofitser kadrlarni tayyorlash tizimi asosiy o‘rinni egallashiga amin bo‘lasiz.
Ushbu bilim yurtida chet tili, ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar fanlar bilan bir qatorda ixtisoslashgan maxsus fanlar bo‘yicha imtihonlar majmui tashkil etilmoqda. Xususan, aviatsiya qismlarida muhandislik aviatsiya taʼminoti fanidan imtihonlar radioelektron jihozlar, aviatsiya qurollari, jihozlari, uchish apparatlari va kuchlanish qurilmalariga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari kesimida o‘tkazilmoqda.
Davlat imtihonlari barobarida kursantlarning bitiruv-malakaviy ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilayotgani alohida eʼtiborga molikdir.
Dilshod RO‘ZIQULOV, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti