Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligining Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga o‘quvchilarni qabul qilish tartibi to‘g‘risida nizom loyihasi joylashtirildi.
Nizomga ko‘ra, maktab-internatga har yili umumta`lim maktabining 4-sinfini tamomlaganligi to‘g‘risida baholar (o‘zlashtirish) tabeliga ega bo‘lgan, sog‘lig‘i jihatidan o‘qishga yaroqli deb topilgan, sportga qobiliyati eng iqtidorli, olimpiya va milliy sport turlari, shu jumladan sportning o‘yin turlari (sportning futbol turidan tashqari) bo‘yicha sinov imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar tanlov natijalari asosida qabul qilinadi.
Maktab-internatda o‘qish muddati 7 yil va o‘quvchilar umumiy kontingenti 350 nafar bo‘lib, sportga qobiliyati eng iqtidorli 25-30 nafar (25 nafardan kam bo‘lmasligi lozim) o‘quvchilar tanlov natijalari asosida har yili 5-sinfga (o‘quvchilarning 50 foizi sportning olimpiya va milliy turlariga kiradigan sport yakka kurash turlari bo‘yicha, qolgan 50 foizi sportning olimpiya turlariga kiradigan o‘yin turlari bo‘yicha (sportning futbol turidan tashqari) qabul qilinadi.
Ota-onalar tomonidan quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
a) o‘quvchining ota-onasi nomidan maktab-internat direktori nomiga ushbu maktab-internatga o‘quvchini qabul qilish haqidagi ariza;
b) o‘quvchining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi nusxasi (hujjatni topshirish vaqtida hujjatning asl nusxasi ko‘rsatiladi);
v) o‘quvchining baholar (o‘zlashtirish) tabeli nusxasi (hujjatlarni topshirish uning asl nusxasi ko‘rsatiladi);
g) 086-U-shakl bo‘yicha tibbiy ma`lumotnoma hamda o‘quvchining umurtqasi rentgen tasviri;
d) o‘quvchining sport musobaqalarida erishgan natijalarini tasdiqlovchi hujjatlar, agar mavjud bo‘lsa;
ye) o‘quvchining 3,5 x 4,5 sm o‘lchamdagi 6 dona rangli fotosurati;
j) o‘quvchining sport pasporti nusxasi, agar mavjud bo‘lsa (hujjatlarni topshirish vaqtida uning asl nusxasi ko‘rsatiladi);
z) o‘quvchining yashash joyidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organidan ma`lumotnoma;
i) o‘quvchining psixologik-pedagogik diagnostika daftari (umumta`lim muassasasi psixologi yoki direktor va sinf rahbari tomonidan berilgan tavsifnoma).
Hujjatlar har yili 25 iyundan 8 avgustgacha (shu kuni ham) qabul qilinadi.
Maktab-internat hududida tanlovdan oldingi o‘quv-mashq yig‘inlarida ishtirok etgan o‘quvchilar orasidan sportga qobiliyati eng iqtidorli, sport turlari bo‘yicha umumiy va maxsus jismoniy tayyorgarlikka ega o‘quvchilarni aniqlash tanlovning asosiy maqsadi hisoblanadi.
Tanlovni o‘tkazish uchun komissiya raisi tomonidan 5 kishidan iborat tarkibda Tanlovni o‘tkazish hay`ati (bundan buyon matnda hay`at deb yuritiladi) tashkil etiladi.
O‘quvchilar maktab-internatga kirish uchun umumiy jismoniy tayyorgarlik hamda maxsus jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha ixtisoslik imtihonlarini (sinovlarini) topshiradi.
O‘quvchilarni tanlov asosida tanlab olish va qabul qilish mazkur Nizomning 16-bandiga muvofiq tasdiqlangan sport turlari bo‘yicha umumiy va maxsus jismoniy tayyorgarlik talablari asosida o‘tkaziladi.Tanlab olish va qabul qilish 100 ballik tizimda (umumiy jismoniy tayyorgarlik 30 ball, maxsus jismoniy tayyorgarlik 70 ball) baholanadi.
Ixtisoslik imtihonlarini topshirishdan oldin o‘quvchilar har yili 9 – 10 avgust kunlari tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida tashkil etilgan tibbiy komissiya tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Tibbiy komissiya tarkibiga maktab-internatning sport turlari bo‘yicha bir nafar treneri ham kiritiladi.
Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda o‘quvchining antropometrik ko‘rsatkichlari (tana vazni, bo‘yining uzunligi va ko‘krak qafasi aylanasi), funksional imkoniyatlari va sog‘lig‘idagi mavjud nuqsonlari aniqlanadi.
Ixtisoslik imtihonlari har yili 11 avgustdan 16 avgustgacha (shu kun ham) o‘tkaziladi va har bir tanlov natijalari o‘tkazilgan kunning ertasidan kechiktirmay o‘quvchilarga e`lon qilinadi.
Manba: kun.uz