Xalq ta'limi vazirligiga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 2019 yilning 1-choragi davomida jami 918 ta murojaat kelib tushgan.
Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu raqam 2018 yilning shu davriga nisbatan 273 taga ko‘p ekanligidan dalolat beradi. Shuningdek, bu ko‘rsatkichlar fuqarolarning Xalq ta'limi vazirligi tomonidan ta'lim sohasida olib borilayotgan islohotlarga befarq emasligini, vazirlikka nisbatan ishonchi ortganini ko‘rsatmoqda.
Murojaatlarning yo‘nalishlar bo‘yicha tahliliga e'tibor qaratilsa, ulardan 186 tasi (2018 yilda 95 ta) ayrim rahbarlarning o‘z lavozimiga noloyiqligi, 124 tasi (2018 yilda 43 ta) pedagogga xos bo‘lmagan xatti-harakatlar, 114 tasi (2018 yilda 84 ta) esa ta'lim muassasalarini qurish, ta'mirlash va jihozlash masalasida ekanligini ko‘rish mumkin.
Shu bilan birga, viloyatlar kesimidagi tahlillar shuni ko‘rsatadiki, murojaatlarning eng ko‘pi, ya'ni 150 tasi (2018 yilda 114 ta) Qashqadaryo viloyatiga, 122 tasi (2018 yilda 107 ta) Toshkent shahriga, 106 tasi (2018 yilda 63 ta) esa Samarqand viloyatiga to‘g‘ri keladi.
Mazkur murojaatlarning 414 tasi nazoratga olinib, ulardan 110 tasiga tegishli choralar ko‘rildi. 226 tasi bo‘yicha tushuntirishlar berildi. 11 tasi rad etilib, 67 tasi hozirgi kunda ko‘rib chiqilmoqda.
Vazirlik rahbariyati va mas'ul xodimlari tomonidan 2018 yilning 1-choragi davomida bor yo‘g‘i 198 ta og‘zaki murojaat qabul qilingan bo‘lsa, 2019 yilning xuddi shu davrida qabul qilingan og‘zaki murojaatlar 309 taga ko‘paygan.
O‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazib kelinayotgan “Bilimlar bellashuvi" va fan olimpiadasi jarayonidagi nohaqliklar yuzasidan 2018 yilda 22 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, vazirlik tomonidan shaffoflikni ta'minlash va adolatli tizimni yaratish borasida olib borilgan ishlar natijasida 2019 yilda ushbu tanlovlar bo‘yicha tushgan murojaatlar soni 3 martaga kamayib, 7 taga tushgan.