O’qituvchilar uchun CRM tizimi g’oyasi


Bilaman, saviyasi past va bachkana g’oyalar ko’proq daromad keltiradi. Ta’lim, ma’rifat va ziyo tarqatish sohasi eng qadrsiz bo’lib qolgan hozirgi davrda ta’limga oid biror loyiha haqida gapirganda moddiy foydadan umid qilmaslikka o’rganib qoldik. O’qituvchilar uchun CRM tizimi? Undan ko’ra el qatori kichik bir o’quv markazi ochib ishlatgan foydaliroq tuyulishi mumkin. Mayli, oqimga qarshi yana bir bor suzib ko’ramiz. An’anaviy darslarni onlayn ko’rinishga o’tkazish, masofaviy ta’lim haqidagi maqolamning ma’noviy davomi sifatida ta’limga oid yana bir ajoyib loyiha g’oyasini e’tiboringizga havola etmoqchiman.

Kichik ogohlantirish: Ushbu tizimga asos solish anchagina katta mablag’ni talab etishi mumkin. Ammo, tizimning sizga va jamiyatga keltiradigan ma’naviy foydasini hisobga olmaganda, moddiy manfaat olish bir oz qiyinroq bo’lishi mumkin.

O’qituvchilar uchun CRM kerakmi?

Avvalgi maqolalardan CRM tizimi nima ekanligini haqida bilib olgansiz. Har qanday soha vakillari uchun CRM tizimi ishni tartibli olib borish, samaradorlikni oshirish jihatidan juda foydali hisoblanadi. Shu jumladan, o’qituvchilar uchun ham CRM tizimi juda kerak.

Ustozlar hozirgi vaqtda CRM tizimiga bo’lgan ehtiyojlarini bir nechta turli dasturlar / usullar vositasida qondirib kelishmoqda. Masalan, ular fayllarini saqlash uchun Telegram chatlarini yoki Google Drive akkauntini ishlatishadi; Dars jadvallarini qog’ozda yoki telefon gallereyasida rasm ko’rinishida saqlashadi; Ta’limga oid muloqotni albatta Telegram guruhlarida amalga oshirishadi. Agar o’qituvchilarning onlayn xizmatlarga bo’lgan ehtiyojlarini bitta xizmat yoki dasturga jamlasak, ajoyib bir loyiha ko’rinishi oladi.

O’qituvchilarga asosan nimalar kerak?

Kundalik takrorlanadigan, bir xil ishlarni avtomatlashtirishga ehtiyoj bor. O’zim 6 yil davomida umumiy o’rta ta’lim maktabida o’qituvchi bo’lib ishlaganman. Tajribamdan kelib chiqib o’qituvchilar uchun avtomatlashtirish yoki hech bo’lmaganda qulaylashtirish mumkin bo’lgan ba’zi ishlarni keltirib o’tishim mumkin.

Har bir o’qituvchi har kuni o’z dars jadvaliga albatta qaraydi. Qaysi sinfga qachon darsi borligini bilsa ham qaraydi! O’qituvchilar uchun CRM tizimda albatta dars jadvali bo’lishi kerak.

Ko’pchilik ustozlar o’z fanlariga oid testlar, masalalar va turli sinovlarni izlashadi. Internet orqali o’qituvchilar tomonidan amalga oshiriladigan eng ko’p qidiruv savollari ham aynan testlarga to’g’ri kelar ekan. O’qituvchilar o’rtasida testlar va boshqa sinov materiallari almashinuvini tashkil qilish kerak.

Ustozlar bir-birlari bilan fikr almashishni yoqtirishadi. Ammo o’qituvchilar uchun maxsus ijtimoiy tarmoq yo’q. To’g’ri, Telegram guruhlarida bemalol fikrlashish mumkin. Lekin, biologiya fani o’qituvchilari aynan biologiya fani o’qituvchilari bilan aloqa o’rnatishni istashi mumkin. Ustozlarni fanlar, ish tajribalari, hududlar va ilmiy darajalar bo’yicha guruhlashtirib jamlaydigan ijtimoiy tarmoq yaratilsa ajoyib ish bo’lardi. Faqat o’qituvchilar qabul qilinadigan ijtimoiy tarmoqni ZiyoNet yaratishga urinib ko’rdi, ammo mobil ilova ko’rinishida, Facebook yoki Odnoklassniki kabi qulay darajada taqdim eta olmadi.

Oylik hisob-kitobi o’qituvchilar orasida eng ko’p muhokama qilinadigan jihatlardan biri. UzASBO oylik boti bekorga mashxur bo’lib ketmadi. CRM tizimda aynan shu masalaga ham to’xtalish kerak. Toifa, hudud, fan va boshqa jihatlar bo’yicha o’qituvchilarning oyligini hisoblaydigan kalkulyator yaratilsa maqsadga muvofiq bo’lar edi.

Ta’limga oid yangiliklar, qabul qilingan qonunlardan boshlab mish-mishlargacha bo’lgan xabarlarni o’z ichiga oluvchi yangiliklar lentasi foydali bo’lishi mumkin. 20-30 ta har xil Telegram kanallarga obuna bo’lmasdan, o’qituvchilar bitta mobil dastur ichida barchasidan xabardor bo’lsa juda yaxshi bo’ladi.

Bu g’oya pul keltiradimi?

Maqola boshlanishida aytganimdek, ta’limda «soqqa qilish» ancha qiyin. Chunki ma’naviy-ma’rifiy mahsulotlarning xaridori juda kam. O’qituvchilar uchun maxsus mobil dastur ko’rinishidagi tizim yaratilsa, butun O’zbekiston bo’ylab ustozlar dasturga katta qiziqish bildirishlari mumkin. Ammo dasturni hech kim pul to’lab ishlatmasligi mumkin. Shu sababli dastur albatta bepul bo’lishi shart.

Pul ishlashning usullari ko’p. Tekin narx belgilash haqida fikrlashganmiz. Agar tizim o’qituvchilar orasida yetarlicha ommalashsa, dastur ichiga reklama joylashtirish orqali ham pul ishlash mumkin. Juda katta foyda keltirmasa ham, loyihaning joriy va keyingi xarajatlariga yetib turadigan summa yig’ilishi ehtimoli yuqori. Bundan tashqari, ta’lim sohasiga katta grantlar e’lon qilinadi. Dastur yaxshi rivojlanib, ommalashib olgandan keyin kattaroq summa taklif etiladigan grantga ariza yuborish va katta investitsiya jalb qilish ham mumkin.

Men O’zbekistonda ta’limning rivojlanishi tarafdoriman. Axborot texnologiyalariga qiziqayotgan, startaplar bilan shug’ullanish rejasida yurgan yoshlar va ayni vaqtda o’qituvchi bo’lib ishlayotganlarga yuqoridagi g’oya haqida o’ylab ko’rishlarini iltimos qilaman.

Manba: azamat.uz