Qabul komissiyasiga o'rta-maxsus diplomning notarial tasdiqlangan nusxasini topshirish kerakmi?


Bugun notarius sifatida faoliyat yuritadigan tanishim qabul jarayonlari boshlangandan buyon abituriyentlar kollej yoki litsey diplomini notarial tasdiqlash yuzasidan juda koʻp murojaat qilayotganini, har kuni yuzdan ortiq yaqin mana shunday notarial harakatni amalga oshirayotganini aytib qoldi.

“Albatta, biz notarial harakatni amalga oshirishni soʻrab murojaat qilgan fuqaroga asossiz rad javobi berishga haqqimiz yoʻq, shuning uchun ularga diplom nusxasini tasdiqlab beryapmiz, ammo aslida abituriyentlar qabul komissiyalariga bunday hujjatni topshirishi shart emasku", – degan fikrni aytgan suhbatdoshim mendan shu masalaga aniqlik kiritib berishimni soʻradi.

Xoʻsh, abituriyentlar haqiqatdan hujjat topshirish vaqtida oʻrta maxsus diplomining nusxasini notarial tasdiqlashi shartmi?

Javob: YOʻQ, ShART EMAS!

2017 yil 20 iyundagi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy taʼlim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida"gi Nizomning 12-bandiga koʻra, abituriyent oliy taʼlim muassasasi qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

  • ariza;
  • umumiy oʻrta taʼlim (11-sinf negizida) yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatning asl nusxasi;
  • 086-U-shakl boʻyicha tibbiy maʼlumotnoma;
  • pasport (pasport yoshiga yetmaganlar uchun tugʻilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma)ning nusxasi;
  • 3.5 x 4.5 sm hajmdagi 6 dona rangli fotosurat;
  • maxsus sirtqi boʻlim abituriyentlari uchun mehnat daftarchasidan belgilangan tartibda tasdiqlangan koʻchirma va ishlab turgan sohadan tavsiyanoma.

Shuningdek, ayrim abituriyentlar uchun quyidagi hujjatlar ham zarur:

  • Toʻliq davlat taʼminotidagi yetim bolalar va I guruh koʻzi ojiz nogironlar ushbu holatni tasdiqlovchi hujjatlarni topshiradilar.
  • Tanlovdan tashqari oʻqishga kirish huquqiga ega boʻlgan xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalar gʻoliblari asl nusxadagi tasdiqlovchi hujjatlarni topshiradilar.
  • Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab boʻlgan fuqarolar harbiy qism qoʻmondonligining tegishli tavsiyanomasining aslini yuqorida koʻrsatilgan hujjatlar bilan birgalikda taqdim etadilar.
Koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar mavjud boʻlganda oliy taʼlim muassasasi qabul komissiyasi abituriyentning hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas.

Koʻrib turganingizdek, hujjatlar roʻyxatida diplomning notarial tasdiqlangan nusxasi mavjud emas. Shu sababli, bunday qoʻshimcha hujjatni tayyorlashingizga zaruriyat yoʻq.

Agar bunday hujjat zarur boʻlmasa, unda nima uchun har kuni yuzlab, balki minglab abituriyentlar notariusda navbatda turishibdi? Yoki qabul komissiyasidagilar soʻrayotganmikin?

Shu savollarga yechim topish maqsadida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Davlat test markazi va bir nechta qabul komissiyasidagilar bilan bogʻlandim. Ularning barchasidan bir xil javob oldim. Yaʼni abituriyent diplomning notarial tasdiqlangan nusxasini topshirishi shart emas. Va qabul komissiyalari bunday ortiqcha hujjatni talab qilishmayapti. Bularning barchasi mish-mish.

Qabul komissiyasidagilar haqiqatdan aksariyat abituriyentlar diplomlarining notarial tasdiqlangan nusxasini ham olib kelayotganligini, “bunday hujjat talab etilmaydi, nega olib keldingiz" degan savolga esa, “agar notarial tasdiqlangan nusxasi boʻlmasa qabul komissiyasidagilar qaytarayotgan emish" degan gapni eshitib qolgani uchun tayyorlab kelishganini aytib berishdi.

Notarius tanishim bilan qayta bogʻlanib vaziyatni tushuntirdim. “Kelganlardan soʻrab koʻringchi, aynan qaysi oliygohlar rad qilayotgan ekan", – deb soʻradim.

Maʼlum boʻlishicha, oʻz diplomini notarial tasdiqlatish uchun navbatda turgan abituriyentlarning deyarli hech qaysi biridan qabul komissiyasi bunday hujjat soʻramagan. Shunchaki, kimlardandir eshitib qolgani uchun kelishibdi. Faqat 2 nafar abituriyent “tanishimni Pedagogika universiteti va Pediatriya tibbiyot institutida notarial tasdiqlangan nusxasi yoʻqligi uchun qaytarishibdi" degan gapni aytgan xolos.

Biroq bu mish-mish ham oʻz tasdigʻini topmadi. Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda Toshkent pediatriya tibbiyot instituti vakillari bilan bogʻlanganimda, qabul komissiyasi abituriyentlardan bunday hujjat talab qilishmayotganligini maʼlum qildi.

Hurmatli abituriyentlar,
hozir Siz uchun juda hayajonli daqiqalar ekanligini tushunamiz. Mana shunday har daqiqa gʻanimat boʻlgan paytda kimlarningdir mish-mishiga koʻr-koʻrona ishonib, tekshirmasdan oʻzingizni ortiqcha ovora qilmang. Notarius idoralaridan Sizga umuman keraksiz boʻlgan hujjatni olish uchun ketkazgan vaqtingizni bilimlaringizni yanada mustahkamlash, takrorlashga sarflaganingiz maʼqul emasmi?

Agar mabodo Sizdan qaysidir oliygohning qabul komissiyasi noqonuniy ravishda diplomingizning notarial tasdiqlangan nusxasini talab qilsa, unda quyidagi telefonlarga murojaat qilib, bu haqida shikoyat qilishingiz mumkin:

Ishonch telefonlari

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi: 1006 yoki 0 (371) 246-01-95, 0 (371) 246-37-12
Davlat test markazi: 0 (371) 235-19-14, 0 (371) 235-56-45

Manbaa: xushnudbek.uz