Nogironligi bo‘lgan shaxslarni oliy taʼlim muassasalariga qabul qilishda beriladigan imtiyozlar


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari hamda Hukumat qarorlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha bir qator imtiyozlar va qulayliklar yaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" 2019-yil 14-maydagi PQ-4319-son qarorida oliy taʼlim muassassiga qabul bo‘yicha test sinovlarida ishtirok etish uchun test sinovlari tashkil etilayotgan o‘quv yilidan avvalgi yillarda taʼlim muassasalarini tugatgan abituriyentlardan bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lov undirish belgilangan. Nogironligi bo‘lgan shaxslar mazkur to‘lovdan ozod etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2017-yil 1-dekabrdagi PF-5270-son Farmoniga muvofiq kirish imtihonlarida ishtirok etgan nogironligi bo‘lgan shaxslarni oliy taʼlim muassasalariga qabul qilishda esa oliy taʼlim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilishning umumiy sonidan qo‘shimcha ravishda ikki foizli davlat granti asosidagi kvota ajratish tartibini joriy etish belgilangan.

Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha davlat granti kvotalari asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida" 2018-yil 2-iyundagi 417-son qaroriga asosan bunday imtiyoz toifasi I va II guruh nogironligi to‘g‘risida maʼlumotnomaga ega bo‘lgan shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.

Kirish imtihonlarida to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam bo‘lmagan ball to‘plagan nogironligi bo‘lgan shaxslar ballar ketma-ketligiga qatʼiy rioya etilgan holda, qo‘shimcha ikki foizli davlat granti kvotalari doirasida talabalikka tavsiya etiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida Nizom"ga binoan nogironligi bo‘lgan shaxslar ular uchun alohida ajratilgan kvotalar doirasida tanlovda qatnashib yetarli ball to‘play olmagan va o‘qishga tavsiya etilmagan taqdirda ro‘yxatdan o‘tish jarayonida tanlangan (3 ta) bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha tanlovda umumiy tartibda to‘plagan ballari bilan ishtirok etadi.

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-iyundagi 417-son qaroriga binoan oliy taʼlim muassasalariga qabul bo‘yicha imtihonda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish jarayonida taqdim etilgan nogironlikni tasdiqlovchi hujjatlar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘rganib chiqilishi belgilangan. O‘rganish natijalariga ko‘ra nogironligi tasdiqlanmagan shaxslar qo‘shimcha ikki foizli davlat granti kvotalari doirasidagi tanlovga qo‘yilmaydi va ro‘yxatdan o‘tish jarayonida tanlangan (3 ta) bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha tanlovda umumiy tartibda ishtirok etadi.