Qiziltepa tumanidagi maktab bitiruvchisi bitta chet tilini bilish sertifikatini hamda to‘rtta fandan milliy sertifikatni qo‘lga kiritgan. Bu esa tibbiyot oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirishni rejalashtirayotgan o‘quvchi qiz uchun 178 ballni taqdim etmoqda.
Qiziltepa tumanidagi 17-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Munavvara Cho‘liyeva talaba bo‘lish uchun 178 ballni naqd qilib qo‘ydi. Bu haqda Kun.uz’ga Qiziltepa tumani hokimligi matbuot xizmati rahbari Alisher Umedov xabar berdi.
Munavvara Cho‘liyeva o‘tgan o‘quv yilida, 10-sinf payti chet tilini bilish darajasi bo‘yicha sertifikatni hamda biologiya fanidan milliy sertifikatni qo‘lga kiritgan.
Joriy o‘quv yilida esa u ona tili va adabiyoti, tarix hamda kimyo fanlaridan milliy sertifikatlarni olgan.
Munavvara maktabni bitirib, tibbiyot oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirishni rejalashtirmoqda. Demak, u faqatgina barcha test topshiruvchilar uchun majburiy bo‘lgan fanlardan biri – matematika fanidan 10 ta testni ishlaydi xolos.
Milliy sertifikat nima?
Sertifikat – umumta’lim fanlari bo‘yicha talabgorning bilimini aniqlab berish uchun mo‘ljallangan sinov. Hozirgi paytgacha matematika, fizika, kimyo, biologiya, ona tili va adabiyot, rus tili, qoraqalpoq tili va adabiyoti, tarix va geografiya bo‘yicha sertifikat imtihonlari o‘tkazildi.
Test sinovi natijasi bo‘yicha eng yuqori ballning kamida 60 foizini to‘plagan shaxslarga 3 yil muddatga amal qiluvchi sertifikat taqdim etiladi.
Mazkur sertifikatga ega abituriyentlarga oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga kirishda quyidagicha ballar beriladi:
- eng yuqori ballning 60 foizdan 85 foizigacha to‘plaganlarga sertifikatdagi o‘zlashtirish foiziga mos ravishda ushbu fandan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball;
- eng yuqori ballning 86 foizi va undan yuqori ball to‘plaganlarga ushbu fandan belgilangan maksimal ball;
- tegishli majburiy fanlar bo‘yicha belgilangan eng yuqori ball.
Majburiy fan uchun belgilangan maksimal ballni olish uchun talabgorning sertifikat balli 60 foizdan yuqori bo‘lsa yetarli.
Masalan, tibbiyot yo‘nalishiga hujjat topshirmoqchi bo‘lgan abituriyent kimyo va biologiyadan sertifikat olib qo‘ygan bo‘lsa, kirish imtihonida asosiy blokdagi testlarni ishlab o‘tirmasdan faqat majburiy fanlardagi test topshiriqlarining o‘zinigina bajarishi mumkin.
Shulardan kelib chiqib, Munavvara Cho‘liyeva qo‘lga kiritgan sertifikatlar unga 178 ballni taqdim etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Navoiyda 11 yoshli qiz B2 sertifikatini qo‘lga kiritgani xabar qilingandi.