Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti Jamoat xavfsizligi universiteti etib qayta tashkil etildi


Prezidentning «Jamoat xavfsizligini ta'minlash sohasida professional kadrlarni tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilindi.

Qaror bilan Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti etib qayta tashkil etildi.

Universitet quyidagi sohalar uchun malakali kadrlarni maqsadli tayyorlashni amalga oshiruvchi bazaviy oliy harbiy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilandi:

  • Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya uchun – jamoat xavfsizligini ta'minlash sohasining tegishincha jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligi va pasport tizimi talablarini amalga oshirish yo‘nalishlarida;
  • Qurolli Kuchlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun –harbiy diplomatiya, yurisprudensiya va iqtisodiyot hamda muhandislik-texnik, tarbiyaviy-psixologik va qo‘mondonlik-taktik faoliyat sohasida;
  • o‘z qo‘riqlash tuzilmalariga ega bo‘lgan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari uchun – qo‘riqlash faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish sohasining barcha yo‘nalishlarida.

2021/2022 o‘quv yilidan boshlab, universitetda professional kadrlarni tayyorlash jarayoniga bakalavriat va magistraturani o‘z ichiga oluvchi ikki bosqichli oliy ta'lim tizimi joriy etiladi.

Hujjatda belgilanishicha: 

  • Universitetda bakalavriat dasturi bo‘yicha o‘qitish jarayoni ta'limning kunduzgi va sirtqi shakllarida tashkil etilib, bitiruvchilarga oliy ta'limning birinchi bosqichini tamomlaganini tasdiqlovchi diplom beriladi;
  • Universitetda magistratura dasturi bo‘yicha o‘qitish jarayoni bir yillik o‘qish muddati bilan amaliy faoliyatga yo‘naltirilgan holda tashkil etilib, bitiruvchilarga oliy ta'limning ikkinchi bosqichini tamomlaganini tasdiqlovchi diplom beriladi;
  • Universitetning sirtqi ta'lim shakli kamida uch yillik harbiy xizmat (xizmat) stajiga ega bo‘lgan Milliy gvardiyaning amaldagi harbiy xizmatchilari (xodimlari) uchun nazarda tutilib, unda o‘qish muddati oliy ma'lumotga ega bo‘lmagan shaxslar uchun to‘rt yilni, oliy ma'lumotga ega bo‘lgan shaxslar uchun to‘lov-kontrakt asosida uch yilni tashkil etadi;
  • Universitetning yillik qabul kvotasi bakalavriatning kunduzgi ta'lim shakliga 300 nafargacha kursantlarni, sirtqi ta'lim shakliga 100 nafargacha tinglovchilarni tashkil etadi;
  • Universitet magistraturasini tamomlaganlik to‘g‘risidagi diplom harbiy xizmat (xizmat)ni o‘tashda Qurolli Kuchlar Akademiyasining ikki yillik magistratura dasturini, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining ikkinchi darajadagi magistraturasini, shuningdek, xorijiy mamlakatlar harbiy akademiyalarini tamomlaganlik to‘g‘risidagi diplomlarga tenglashtiriladi;

Universitetning sirtqi ta'lim shakliga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati tomonidan har yili belgilanadigan qo‘shimcha kvota bo‘yicha boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Qurolli Kuchlarda kamida uch yillik harbiy xizmat (xizmat) stajiga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilar (xodimlar) to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinishi mumkin.