Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi


2026 yil 5-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida farmatsevtika sohasida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilishi ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda farmatsevtika yo‘nalishidagi 6 ta ilmiy-tadqiqot institutida 300 dan ortiq olim faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, farmatsevtika oliy ta’lim muassasalarini har yili qariyb 1 ming nafar yosh mutaxassis tamomlamoqda.

Biroq, sohada ilm-fan va sanoat o‘rtasida uzilish mavjudligi sababli Kimyo-farmatsevtika, Vaksina va zardoblar hamda Sharq tabobati institutlari asosida Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilishi belgilandi.

Yangi institut “Toshkent farma park” hududida joylashadi. Bu yerda olimlarga parkdagi korxonalar bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun qulay sharoit yaratiladi.

Shu maqsadda park hududida klinikoldi tadqiqotlar laboratoriyasi (vivariy), shuningdek bio va kimyo laboratoriyalari tashkil etiladi. Bundan tashqari, 250 o‘rinli xalqaro klinik tadqiqotlar markazi ham barpo qilinadi.

Yig‘ilishda, shuningdek, Toshkent farmatsevtika instituti va Farmatsevtika texnik universiteti professor-o‘qituvchilari ham ilmiy faoliyatini bevosita farmapark hududida olib borishi ta’kidlandi.

Oliy ta’lim muassasalari talabalari esa dual ta’lim tizimi asosida shu yerning o‘zida tahsil olib, amaliy faoliyat bilan ham shug‘ullanadi.

Ta’kidlanishicha, sohadagi olimlarni jalb etib, yangi dori vositalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan korxonalarning 100 ming dollargacha xarajatlari Farmatsevtika jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.

Bundan tashqari, agar korxonalar mahalliy olimlar yaratgan yangi farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni boshlasa, ularga ushbu mahsulotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish va klinik sinov xarajatlari uchun 100 million so‘mgacha subsidiya ajratiladi.