Bu yil nyusmeyker sanalar ko‘p bo‘ldi: ham ichki hayotimizda, ham tashqi siyosatimizda, ham dunyo miqyosida. Har kim o‘zgarishlar shamoli yo‘nalishini o‘zicha baholamoqda:kimdir natijani kutyapti, yana kimdir o‘sha natijani o‘z hayotida ko‘ryapti, kimgadir hayotini o‘zgartirib berishyapti, kimdir esa buni o‘zi amalga oshiryapti, kimdir gapirayotganidan xursand, yana kimdir eshitishayotganidan boshi osmonda, boshqalar maqtayotganidan xotirja’m, umuman boshqalar esa nimaga duch kelsa, yomonlay olayotganidan “mazza qivorishyapti" (blogerlarga sal-pal o‘xshadimmi))).
Men yil boshidan beri bir kunni kutyapman. Darvoqe, faqat bir kunni emas, 15 kunni kutyapman.
Nazarimda, o‘sha 15 kun ichida so‘nggi 2 yillik aksariyat farmon-u qaror, mehnat-u harakat, umid-u islohot ilk nishonasini berib: natija ko‘rsatadi.
Fikrimcha, o‘sha 15 kun davomida o‘zimiz o‘zgarmagan bo‘lsak-da, bizni o‘zgarishga majbur qila olishadimi-yo‘qmi, ayon bo‘ladi.
Taxminimcha, o‘sha 15 kun ichida chalkashliklar ko‘p bo‘ladi, biroq yaxshilikka xizmat qiladi.
Orzuimcha, o‘sha men intiqib kutayotgan 15 kun O‘zbekistonning kelgusi 15 yili uchun eng yaxshi resursni taqdim etadi.
O‘sha 15 kun ichida aniq bo‘ladi: MXX DXXga o‘zgargach, o‘z faoliyatini qanchalik isloh qila bildi?
O‘sha 15 kun ichida ma’lum bo‘ladi: AKT O‘zbekistonda qanchalik rivojlangan va bexato ishlaydi?
O‘sha yarim oy davomida O‘zbekiston ota-onalari o‘z investitsiyalarining dastlabki dividendini oladilar: yo chikka, yo pukka.
O‘sha 15 kun ichida saralanadi: aslida O‘zbekiston yoshlarining sun’iy (bunker, paravoz, snayper yordamida) urchitilmagan, yo‘g‘-yey oshirilmagan, asl bahosi qanday?
O‘sha 15 kundan umidim katta: shamning yorug‘ida, ko‘mirning ilig‘ida dars tayyorlagan, kunning sovug‘ida, oftobning issig‘ida kitob-u testdan bosh ko‘tarmagan abituriyentlar TALABA BO‘LADI!
Shunisi aniqki, yilda bir bor ko‘zini katta ochadigan DTM degan 3 boshli ajdaho necha yuz minglarni o‘sha 15 kun ichida mahv etadi.
Yana umidim shuki, o‘sha 15 kun ichida DTM degan “professor ajdaho"ning 4 shoxli savollari 2005 yilda menga azob bergani kabi, abituriyent sho‘rliklarni tilka-pora qilmaydi. Taxminan, mana shunday savollari bilan:“Sherg‘ozixon madrasasi qurilganidan so‘ng 4 yil o‘tgach, Yevropada nima yuz berdi?"
Ishongim keladiki, o‘sha 15 kun davomida va undan 15 kun avval DTM hovlisidan “pashsha" ham uchib o‘tolmaydi va o‘zbek yoshlariga–X(iyonat) variant" ni tashib chiqmaydi.
Biz korrupsiyadan xoli davlat va jamiyatni orzulayapmiz. Bilamizki, korrupsiya xuddi sariq pechakka o‘xshab, ta’limning “giriboni"dan tutib olgan, afsuski, bu pechakni yulmadik, yoqib yubormadik, tagini yumshatib, quyoshga qaratib qo‘ydik: “pastdan tepaga" - “tepadan pastga", “parallel-diagonal"– umuman har qanday shakl-u shamoyilda boshqa sohalar ham “olmaguncha bermaydigan, bermaguncha bitmaydigan" tarzda bir-biriga korrupsion bog‘lanib ketdi.
“Avgust sezoni"ni huquq-tartibot organlari xodimlaridan tortib oliy ta’lim va hatto xalq ta’limining bir kun avval bunkerga kirib ketadigan eng oldi pedagoglari, o‘sha kuni nazoratchilik qiladigan o‘rtamiyona o‘qituvchilari (ha, o‘rtamiyona, chunki, ular yechib bergan test doim noto‘g‘ri chiqqan:-)) gacha umid bilan kutadigan bo‘lib qoldi. Avvalgi yillar o‘z kuchi bilan byudjetga kirgan “svejiy kalla" li talabalar ham “desant" ga aylanib, uch-to‘rt so‘m ishlashni kasb qildi. Xullas, 1-avgustning korrupsion qozoniga hamma bexijolat qo‘l uzatishni o‘rgandi.
Ota-onalar ham xotirja’mlashdi: bolasi yillar bo‘yi qiynalib, repetitorga qatnaganidan, shuncha “o‘qitib qo‘yib" ham “kirarmikin-yo‘qmi" deb yurak hovuchlagandan ko‘ra, o‘sha pulni oldindan yig‘ib, “odamini topib- berish" konkretroq bo‘lib qoldi.
...Agar 1-avgust kuni MXX o‘z vazifasini bexato va halol bajarganida, oliy ta’limda “alif"ni kaltak deydiganlar o‘qimasdi. (2005 yilda xalqaro jurnalistikaga byudjetga o‘qishga kirgan kursdoshimiz “Amerikaning poytaxti–London", deganida “dop/kontrakt"ga pul berib o‘qishga kirgan kursdoshimiz alamidan so‘kkan edi.) Rahmatli Birinchi orzu qilgan “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi" va “bazasi" ham bunchalik mo‘rt va zaiflashib qolmasmidi...
...Agar Oliy ta’lim ham yil bo‘yi olgan arzimas oyliklarining alamini 1-avgust kunidan olmaganida, go‘yoki 36 ta savolga to‘g‘ri javob topgan ingliz tili fakulteti talabalariga yana boshidan “to be" fe’lini o‘rgatib o‘tirmasmidi, o‘z jabriga o‘zi qolmasmidi...
...Agar DTMda shuncha yil atigi 40 tagina shtat* bo‘lmaganida (*Majid Karimov- Xalqaro Press klub sessiyasida), test javoblari har yili istagan paytda chiqib, achchiq ichakdek cho‘zilib, odamlarni xunob qilmasmidi...
Xullas, men 1-15 avgust kunlarini kutyapman. Bu yilgi OTMga kirish imtihonlari bo‘yicha keskin (hozircha tashkiliy va me’yoriy-huquqiy hujjatlardagi) o‘zgarishlardan yaxshilik kutyapman.
Kunda kunora axborotlarda o‘qiyotganim – o‘zgarishlar esa juda-juda ko‘p: 15 kun davomida ikki smenada imtihonlar bo‘lib o‘tadi, test javoblari ertasigayoq ma’lum bo‘ladi, sinovlar katta pavilonlarda topshiriladi, doimiy videokuzatuv ta’minlanadi, shpargalka va boshqa narsalar olib kirishga urinishning o‘ziyoq abituriyentni testdan chetlatishga asos bo‘ladi, endi DTMda 150 kishi ishlaydi, javoblarni hisoblash uchun yangi skanerlar sotib olindi, keyingi yillardan boshlab abituriyentlar o‘z hududidagi davlat xizmatlari markazi orqali istagan OTMga hujjat topshirishi mumkin bo‘ladi va hokazo va hokazo...
Yana xullasini aytganda, biz chindan ham o‘zgaryapmizmi, yoki kimningdir blogpostida o‘qiganim kabi joyimizda qizil gap aytib, “depsinib turibmiz"mi, umidbaxsh shamollar qayoqqa esyapti, men uchun o‘sha 15 kun davomida aniq bo‘ladi.
Axir hammasi ta’limdan boshlanib, ta’limda tugashi-aksioma-ku!
Manba: blog.xabar.uz