Maksimal ball olib kontraktga tushgan abituriyentlar grantga qabul qilinadimi? – mas’ullar javob berdi


Temurbeklar maktabi bitiruvchilariga qo‘shib berilgan ball hisobiga maksimal 189 ball olib kontraktga tushgan abituriyentlarning barchasi prezident granti asosida o‘qishga qabul qilinishi masalasi ko‘rib chiqilyapti. «Bu bo‘yicha tahlillar olib borilyapti, hali yakuniga yetgani yo‘q», deydi OTFIV vakili.

Mandat natijalari e’lon qilingach, maksimal 189 ball olib ham ayrim abituriyentlarning kontraktga o‘qishga kirgani ko‘pchilikning e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Bu masala 23 avgust kuni Bilim va malakalarni baholash agentligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mas’ullari ishtirokida o‘tgan matbuot anjumanida ham ko‘tarildi. Kun.uz muxbiri mas’ullarga maksimal ball olib, kontraktga tushgan abituriyentlar prezident grantiga qabul qilinadimi, keyingi yildan Temurbeklar maktabi bitiruvchilari umumiy kvotaga daxl qilmagan holda alohida bellashadimi, degan savol bilan murojaat qildi.

Bilim va malakalarni baholash agentligi rahbari Majid Karimovning ma’lumot berishicha, kimga imtiyoz berilishi, Temurbeklar maktabi bitiruvchilari uchun alohida kvota bo‘lish-bo‘lmasligi Bilim va malakani baholash agentligiga ham, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ham bog‘liq emas.

«Bizdan yuqori tashkilot bo‘lgan Ta’lim muassasalariga qabul qilish davlat komissiyasi bor, bu o‘sha komissiya vakolatiga kiradi. Agar shu komissiya kvota berishni belgilasa, biz shu asosda ishlaymiz, bo‘lmasa yo‘q. Bizning vakolatga kirmaydi», – dedi Karimov.

Agentlik rahbari fikrini Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi vakili Sherzod Ne’matov ham ma’qulladi. Uning aytishicha, bu yil 13 ming nafardan ortiq abituriyet turli imtiyozli kvotalar doirasida o‘qishga qabul qilingan, ya’ni ular umumiy kvotadan tashqarida bo‘lgan.

«Temurbeklar maktabi masalasiga kelsak, bu bo‘yicha taklif ishlab chiqilib, davlat komissiyasiga beriladi», – dedi u.

Maksimal ball olgan abituriyentlarga prezident granti berilishi masalasiga esa vazirlikning qabul jarayonlarini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Abdusamat Mamanazarov to‘xtaldi.

Uning ma’lumot berishicha, bu yil maksimal ball olgan abituriyentlarga prezident grantini berish bo‘yicha tahlillar olib borilyapti, hozircha yakuniga yetgani yo‘q. «Bu tanlov yo‘nalishlar kesimida bo‘ladi va katta ehtimol bilan 189 ball olgan abituriyent o‘sha ajratilgan kvotaga tushsa kerak. Sababi, tahlillar o‘z yakuniga yetmadi. Abituriyent balli bilan undan keyingi abituriyentning balli teng bo‘lib qolganda, u prezident grantiga qo‘shimcha tavsiya etiladi. Jumladan o‘tgan yilgi qabul natijasiga ko‘ra, jami 256 nafar abituriyent prezident grantiga sazovor bo‘lgandi. Agar abituriyent kontrakt bo‘lsa ham, prezident grantiga tavsiya etilsa, davlat granti asosida o‘qishlari mumkin bo‘ladi», – dedi Mamanazarov.