OTMlarga kirishda imtiyozlar shu qadar ortiqchaligi bu yil har qachongidan ko‘proq bilindi. Imtiyozli va imtiyozsiz abituriyentlar to‘plagan ballar o‘rtasidagi farq, bunga nomutanosib tarzda ularning kontrakt yo grant asosida qabul qilinishi ham ko‘pchilikning g‘ashiga tegdi. Ular orasida bo‘lajak shifokorlar ham bor.
Bilimli yigit yoki qiz 189 ball to‘plagan bo‘lsa-da, to‘lov-shartnoma asosida qabul qilingan, lekin undan ancha past ball olgan abituriyent xuddi shu OTMning xuddi shu yo‘nalishiga grantga o‘qishga kirgan holatlar talaygina.
To‘g‘ri, sport musobaqalari g‘oliblari umumiy kvotadan tashqari hisoblanganda ko‘pchilik maksimal ball to‘plagan abituriyentlar grantga o‘tkazildi. Lekin hali ham maksimal ball bilan shartnoma asosida talabalikka qabul qilinganlar safida qolayotganlar ko‘p. Shundaylar orasida bo‘lajak tibbiyot kadrlari ham bor.
Ular shifokor bo‘laman deb qaror qabul qilganda va o‘zi tanlagan yo‘nalishga hujjat topshirayotganda tasdiqlangan qabul kvotasida grant o‘rinlari bo‘lmagani uchun maksimal ball to‘plasa ham shartnoma asosida o‘qishini bilgan. Lekin shunga qaramay qabuldagi tushunarsiz tartib ularni adolat izlashga majbur qilmoqda.
Respublika bo‘yicha tibbiyot OTMlarining kunduzgi bo‘limlariga sog‘liqni saqlash sohasida oliy ma'lumotli kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlar uchun maqsadli qabul kvotalari tasdiqlangan. Unga ko‘ra, tibbiyot xodimlariga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududda istiqomat qiluvchi yoshlar o‘qishni tugatganidan so‘ng ma'lum muddat ishlab berish sharti bilan maqsadli qabul tanlovida ishtirok etadi. Va qaysi tumanga maqsadli qabul uchun nechta o‘rin ajratilgan bo‘lsa, da'vogar abituriyentlardan eng yuqori ball yig‘gan shunchasi grant asosida talabalikka qabul qilinadi.
Masalan, Toshkent Tibbiyot akademiyasining davolash ishi yo‘nalishiga Bektemir tumani yoshlari uchun maqsadli qabul asosida ta'lim o‘zbek tilida olib boriladigan yo‘nalishda 2ta grant o‘rni ajratilgan. Va shu tuman yoshlari uchun grantga o‘tish 148,2 ball bo‘lgan. Vaholanki, maqsadli qabul doirasida tanlovda qatnashmaganlar uchun xuddi shu OTM, shu yo‘nalishga to‘lov-shartnomaga o‘tish balli 179,5 ballni tashkil qilgan.
Demak, qaysidir abituriyent u yashab turgan tumanga maqsadli qabul asosida kvota ajratilmagan bo‘lsa yoki maqsadli qabul ajratilgan OTMni emas, aytaylik poytaxtdagi OTMni tanlasa, ko‘proq ball to‘plagan bo‘lsa-da, shartnoma asosida, o‘zidan kam ball to‘plaganlar esa grant asosida ta'lim oladi.
To‘g‘ri, maqsadli qabul asosida o‘qiganlarning keyinchalik o‘z hududiga borib belgilangan muddat davomida ishlab berish majburiyati bo‘ladi. Lekin yuqori ball bilan kontraktga o‘qishga kirgan yosh ham balki xuddi shu ishni qila olar: ya'ni u ham shifokorlarga talab yuqori bo‘lgan hududlarga borib (o‘sha yerda tug‘ilib o‘smagan bo‘lsa ham) ishlab berishni niyat qilgandir. Ayni paytda buni rag‘batlantiruvchi tizim ham ishlab chiqilmoqda.
Mana shu vaziyatda tibbiyot oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirib, 189 ball olgan, lekin maqsadli qabul tanlovida ishtirok etmagani uchun shartnoma asosida qabul qilinganlar anchagina.
Qudratullo To‘xtasinov Farg‘ona viloyatining Farg‘ona tumanidan. U Andijon davlat tibbiyot institutining «Davolash ishi» yo‘nalishiga 189 ball bilan to‘lov-shartnoma asosida talabalikka tavsiya etilgan. Lekin shu OTMning shu yo‘nalishiga maqsadli qabul asosida 140 ball atrofida to‘plab grant asosida kirganlar ham bor.
Jamshidbek Imomov esa Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidan. U Toshkent davlat tibbiyot akademiyasi «Davolash ishi» yo‘nalishiga hujjat topshirib, 189 ball bilan to‘lov-shartnoma asosida talaba bo‘lgan. Bu OTMning shu yo‘nalishiga ham ancha pastroq bilan grant asosida talaba bo‘lgan maqsadli qabul yoshlari anchagina. Masalan, Arnasoy tumani abituriyentlariga 132,7 ball grantga kirish uchun kifoya qilgan.
Maksimal ball yig‘gan eng bilimli yoshlar esa maqsadli qabul kvotasida ishtirok etmagani uchun pul to‘lab o‘qishadi.
«Buxoro tibbiyot institutining o‘qitish rus tilida bo‘lgan davolash ishi yo‘nalishiga hujjat topshirib, 189 ball bilan kontraktga kirdim. Lekin xuddi shu yo‘nalishga Jondor tumanidan bo‘lgan talaba 72,7 ball bilan grant asosida qabul qilingan», – deydi birinchi bosqich talabasi bo‘lgan Diyora Ismatova.
Bir guruh ko‘ngilli yoshlarning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, maksimal ball bilan kontraktga o‘qishga kirgan yoshlar nomidan Davlat qabul komissiyasiga taklif yuborilgan.
Faollardan biri repetitor Ravshan Meliqo‘ziyevning so‘zlariga ko‘ra, ular maksimal ball to‘plagan abituriyentlarni avtomatik tarzda davlat granti asosida talabalikka qabul qilish taklifini berishgan.
«Abituriyent bir necha yillar davomida o‘qishga tayyorlanadi, testga kiradi va barchasini 100 foiz to‘g‘ri ishlab, viloyatiga grant kvota yo‘qligi uchun kontrakt chizig‘ida qolib ketadi. Lekin undan kamroq ball to‘plagan boshqa bir kishi maqsadli qabul bilan grantga o‘qishga kiradi.
To‘g‘ri, bu yerda hammasi qonuniy edi, lekin shu qonunlarning o‘zi xato edi. Qaysi yo‘nalish bo‘lmasin, grant ajratiladimi, ajratilmaydimi, lekin bilimi bilan testlarni 100 foiz to‘g‘ri yechib, maksimal ballni to‘plagan abituriyent grantda o‘qishi shart. Negaki u bilimi borligini isbotladi. Grant o‘qishi uchun yana nima qilishi kerak?
O‘qishga qabul qilish tizimini qayta ko‘rib chiqish kerak. Har qanaqa holatda ham, qaysi yo‘nalish bo‘lishidan qat'i nazar, testlarni 100 foiz to‘g‘ri ishlab, maksimal ball yig‘gan abituriyentlar hech qanday istisnosiz o‘qishga grant asosida qabul qilinishi kerak.
Mantiqsiz imtiyozlar to‘lib yotibdi. Bo‘lar-bo‘lmasga imtiyoz ajratavermay, maksimal ballni yig‘ib qo‘ygan bilimli abituriyentlar grantda o‘qishini aniq belgilab qo‘yish kerak. Bu imtiyoz emas, mantiqli va adolatli tizim bo‘ladi.
Pandemiya kuchli tibbiyot xodimlariga ehtiyoj juda kattaligini ko‘rsatib qo‘ydi. Bilimli abituriyentlar maksimal ball bilan kontraktga kirgani uchun sharoiti sabab tibbiyot yo‘nalishini tashlab ketishiga yo‘l qo‘ymaslik shart», – deydi u.
Abituriyentlar o‘zi tanlov qiladi: kasb tanlaydi, sharoiti qaysi OTMning kontraktini to‘lashga yetishini ham chamalaydi. Biroq ular shunchaki qaysidir tuman yoki hududda tug‘ilmagani uchun o‘sha yerda tug‘ilgan birortasidan ko‘proq ball yig‘ib ham kontrakt to‘lashi to‘g‘ri emas.
Mana shu narsa ham OTMlarga kirishga imtiyoz berishning to‘g‘ri emasligini yana bir marta ko‘rsatmoqda. Imtiyozlar yuzaga chiqargan boshqa notengliklar haqida esa yetarlicha gapirib bo‘lindi.
Ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi bunga yetarlicha e'tibor qaratadi, degan umiddamiz.
Zilola G‘aybullayeva