“Magistratura natijalari 30 avgustgacha e’lon qilinadi” – vazirlik vakili


Kontrakt-to‘lov miqdori o‘quv yili boshlaguncha, magistratura natijalari esa 30 avgustgacha e’lon qilinadi. Ta’kidlanishicha, magistraturaga qabul bo‘yicha barcha tanlovlar tahlil qilib bo‘lingan.

2023/2024 o‘quv yili uchun imtihon yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida kontrakt-to‘lovlari miqdori va magistratura javoblari qachon e’lon qilinishi haqida ma’lumot berildi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi qabul jarayonlarini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Abdusamat Mamanazarovning ma’lumot berishicha, kontrakt-to‘lovlarining miqdori Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birga shakllantirilgan. Rasmiy tasdiqlangach, o‘quv yili boshlanguncha e’lon qilinadi.

“Oshirilgan va super to‘lov-kontrakt ham davlat komissiyasi tomonidan belgilab beriladi. Sirtqi, kunduzgi yoki kechki ta’lim shakllari uchun super konraktga qabulda cheklovlar bo‘lmaydi, birdek amal qiladi. Faqat OTMning moddiy-texnik bazasi va professor-o‘qituvchilar bilan ta’minlanganiga e’tibor qaratiladi", – dedi vazirlik vakili.

Shuningdek, Kun.uz muxbiri vazirlik vakilida magistraturaga qabul natijalari qachon e’lon qilinadi degan savol bilan murojaat qildi.

Mamanazarovga ko‘ra, magistraturga qabul natijalari ham 30 avgustga qadar tasdiqlanadi. Hozir barcha tanlovlar tahlil qilib bo‘lingan. Xorijiy tilni bilish bo‘yicha sertifikatlar ularning asosiy bazalarida so‘rovnoma yuborish orqali aniqlangan.

“Faqat natijalarni oliy ta’lim muassasalari kesimida tasdiqlab e’lon qilinishi kutilmoqda. Bu o‘quv yili boshlangunga qadar amalga oshiriladi", – dedi bo‘lim boshlig‘i.