Magistratura kvotalarining katta qismi bo‘sh qoldi. Yana bir marta qabul bo‘ladimi?


Davlat OTM magistraturasiga 17,1 ming kvota ajratilgan edi. Biroq atigi 6,3 ming abituriyent talabni bajarib talabalikka qabul qilindi. Yana 11 mingga yaqin kvota bo‘sh qolyapti.

Davlat OTM magistraturasiga qabul natijalari e’lon qilindi. Unga ko‘ra, hujjat topshirgan 20 mingdan oshiq talabgordan 9 074 nafarining hujjati belgilangan talab darajasida bo‘lmagani sababli asoslantirilgan holda rad etilgan, talab darajasida bo‘lgan 10 980 nafar talabgor arizasi tanlovda ishtirok etgan.

Shundan 6,3 ming nafar abituriyent magistraturaga talabalikka qabul qilindi:

  • davlat granti — 3 238 nafar;
  • to‘lov-kontrakt — 3 155 nafar.

Bu yil magistratura uchun ajratilgan kvota 17,1 mingta edi.

Ajratilgan kvotaning 11 mingga yaqini bo‘sh qoldi. O‘tgan yili bunday vaziyatda qishki qabul ham tashkil etilgan. Biroq hozircha bu yil qishki qabul bo‘lish-bo‘lmasligi aniq emas.

Nimalar aniq?

Yoz oyi boshida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov bu yil magistraturaga faqat bir marta - yozda qabul bo‘lishini aytgandi.

Keyinroq qabul qilingan qarorga ko‘ra, respublikada faoliyat yurituvchi davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari hamda ular filiallari bakalavriati va magistraturasiga qabul bir o‘quv yilida bir marta (iyun—sentabr oylari oralig‘ida) amalga oshiriladi. Bunda, zarur hollarda, oliy ta’lim tashkilotlari magistraturasiga bir o‘quv yilida ikkinchi marta qabul qilishga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi taklifiga asosan Davlat komissiyasi tomonidan ruxsat etilganda yo‘l qo‘yiladi, deb belgilangan.

Kun.uz muxbiri kvotalar to‘lmagani sabab bu yil ham Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ikkinchi qabul haqida taklif ishlab chiqqan yoki yo‘qligini aniqlashtirish uchun vazirlik matbuot xizmati bilan bog‘landi. U yerda javoblar endi e’lon qilingani, hozircha yuqoridagi masala yuzasidan ma’lumot yo‘q ekani bildirildi.

Biroq vaziyatdan kelib chiqilsa, kvotaning yarmidan ham ko‘p qismi bo‘sh qolgan holatda yana qabul bo‘lishi ehtimoli yuqori.


Ma’lumot uchun: davlat OTM magistraturasiga chet tili sertifikatisiz (kamida B2, filologiya yo‘nalishlariga C1 daraja) hujjat topshirib bo‘lmaydi. Magistraturaga tanlov diplom o‘rtacha balli va chet tili sertifikati darajasiga qarab o‘tkaziladi.